Isroil hukumati bugun XAMAS guruhiga qarshi rasman urush e’lon qildi. Bu yirik harbiy operatsiya o’tkazish uchun zamin yaratadi. Rasmiylar G’azo sektori to’liq bosib olinishiga ishora qilmoqda.
Isroil harbiylari janubda bir necha shahardan XAMAS a’zolarini siqib chiqarish, garovga olinganlarni ozod etish harakatida. G’azo sektorida hukmron bu guruhning a'zolari yashiringan joylar xarobaga aylanadi, deya ta’kidladi Bosh vazir Benyamin Netanyaxu.
Your browser doesn’t support HTML5
XAMAS rahbari Ismoil Haniya esa “buyuk g’alaba yoqasida turibmiz”, deya javob bermoqda. Yaqin Sharq bo’yicha ba’zi tahlilchilar fikricha, yahudiy davlati G’azoga piyoda qo’shin kiritishi mumkin.
8-oktabr holatiga ko’ra, Isroilda o’lganlar 700 dan oshdi, uning G’azo sektoriga raketa hujumlarida halok bo’lganlar esa 413 kishini tashkil etmoqda. Har ikki tomonda yaralanganlar taxminan - 2000 kishi. Isroilda o’lganlar orasida uch amerikalik ham bor.
Yakshanba kuni Isroil armiyasi Livandagi Hizbulloh guruhi bilan o’q almashgani mojaro yanada avj olib, mintaqaviy urushga aylanadi, degan xavotirlarni keltirib chiqardi.
“Islomiy Jihod” guruhi 30 dan ziyod yahudiylarni garovga olganini ta’kidlamoqda. Hujumlarda ishtirok etgan bu guruhga ko’ra, Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar qo’yib yuborilmaguncha ular ozod etilmaydi.
G’arb davlatlari XAMASga qarshi kurashda Isroilni “shartsiz quvvatlaymiz”, deya eslatib turibdi. AQSh bir necha harbiy kemalari va samolyotlarini Isroilga yaqin hududga safarbar etmoqda.
“NBC” kanalida so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken kutilmagan hujumda XAMASning 1000 a’zosi qatnashgani haqidagi ma'lumotlarni keltirdi. Isroilda musiqa festivali o’tayotgan joyda 260 jasad topildi.
Yahudiy davlatiga qarshi quruqlik va havodan hujumlarni rejalashtirishga XAMASga Eron yordam bergani haqidagi xabarlar tarqalar ekan, Blinkenning aytishicha, bu xabarlar hali tasdiqlanmagan.
16 yildan beri blokada ostidagi G’azoda 2,3 million aholi yashaydi. Ulardan taxminan 74 ming nafari boshpanalarda jon saqlamoqda. Isroil aviatsiyasi o’tgan ikki kunda sektorda 800 ta nishonni, jumladan, uylar va tunnellarni o’qqa tutgan.
XAMAS va “Islomiy Jihod” 130 yahudiyni garovga olganini da’vo qilar ekan, Isroil ularni ozod etishda Misrdan yordam so’ramoqda.