AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BMT Xavfsizlik kengashida so'zlar ekan, Eronni ogohlantirdi. Vashington nazarida Tehron jangari guruhlar orqali uning manfaatlariga hamla qilsa, darhol chora ko'riladi.
Bayden ma'muriyati Isroil-XAMAS mojarosi mintaqaviy tus olib, Yaqin Sharq yanada beqarorlashishi mumkin, deya xavotirda.
"Qo'shma Shtatlar Eron bilan urushishni xohlaymaydi. Biz hozirgi urush kengayishini aslo istamaymiz. Ammo Eron AQSh kuchlariga biror joyda proksi hujum qilsa, javob beriladi. Biz o'z odamlarimizni himoya qilamiz, o'z xavfsizligimiz uchun nimaiki qila olsa, qilamiz - tez va keskin", - deydi Blinken.
Eron quvvatlaydigan jangari guruhlar so'nggi kunlarda Iroqda xizmat qilayotgan amerikalik askarlarni nishonga olgan. Ular otgan dronlar urib tushirilgan.
Eronni boshqaruvchi ulamolar XAMAS tarafdori. 7-oktabrda bu guruh Isroilga qilgan keng ko'lamli hujumini Tehron yoqlab chiqqan. Isroil shundan beri G'azoni o'qqa tutmoqda va XAMASni yo'q qilmaguncha unga qarshi amaliyotlarni davom ettirishini bildirmoqda. Isroil G'azoga bostirib kirishga ham taraddud ko'rmoqda.
Eron hukumati, shuningdek, Livandagi Hizbullohga ham yaqin. Shia jangari guruh Isroil bilan azaldan olishib keladi.
AQShga ko'ra, XAMAS va Hizbulloh terrorist guruhlardir. Vashington nazarida Isroil o'zini har ikkisidan va har qanday xavfdan himoya qilishga haqli.
Amerika o'tgan ikki haftada BMT Xavfsizlik kengashida ikki rezolyutsiya loyihasini rad etdi. Hozirda o'zi yangi loyiha taklif qilmoqda. Unda Isroil va Falastin xalqi chekayotgan azob e'tirof etilib, zo'ravonliklar qoralanadi.
Hujjatda yozilishicha, har bir davlat o'z tinchligi uchun chora ko'rish erkinligiga ega. Lekin, unga ko'ra, xalqaro qonunlarga ham bosh egilishi shart.
Blinken deydiki, XAMAS vaxshiyligi chegara bilmaydi. Uning aytishicha, guruh begunoh insonlarni, jumladan bolalarni o'ldirmoqda.
"Nega buni qoralamayapsiz? Nima uchun ular qilayotgan dahshatli ishlarni la'natlamayapsiz?" - deya nolidi Blinken Xavfsizlik kengashida.
"Har bir davlat o'zini himoya qila olishini ta'minlashimiz kerak. Isroilga qilinayotgan hujumlar boshqa biror mamlakatga nisbatan qilinmasligi kerak. Bu kengashning biror a'zosi, umuman hech bir davlat o'z xalqi chavaqlanishiga toqat qilmaydi, qilmasligi kerak".