Kremlning G'arbga nisbatan pozitsiyasini oqlash va asoslash uchun Rossiya mediasi Amerika axborot vositalari beradigan materiallardan o'ziga ma'qul qismini qirqib olib, uni AQSh xalqi fikr-qarashlari sifatida tarqatishi keng kuzatiladigan holat.
Matbuot va so'z erkinligi cheklangan muhitdagi medianing erkin jamiyatlardagi debat va munozaralarni salbiy ruhda qabul qilishi va ularni mojaro va tanazzul deb talqin qilishi bu yopiq mamlakatni boshqarayotgan avtoritar rahbarga qo'l keladi.
Rossiya misolida buni har kuni ko'rish mumkin. Rus matbuotiga ko'ra, masalan, Prezident Jo Bayden korrupsiyada ayblanmoqda. Aslida esa bunday emas.
Millionlab odamlar bu uydirmalarni o'qiydi. Ular ko'p jihatdan rus axborot makonidagi xit materiallar.
Manba esa ko'pincha Amerikaning radikal sharhlovchilari yoki siyosatchilaridir, jumladan "Fox" telekanalining sobiq boshlovchisi Taker Karlson, respublikachi kongressmen Jeyms Komer yoki o'ta so'lchiligi bilan tanilgan demokratlar.
Ularning so'zlari va fikrlari Rossiya hukumati homiyligidagi dezinformatsiya uchun ayni muddao. Bu qarashlar fakt deb uzatiladi.
G'arbni qoralash, Ukrainani la'natlash uchun AQSh siyosatidagi eng ashaddiy ovozlar tanlanadi, deydi Nina Jankovitz, Bayden ma'muriyatining sobiq rasmiysi, hozirda tahlilchi.
“Amerika siyosiy maydonida eng so'l yoki eng o'ngda yurgan odamlar NATO yoki Ukrainani tanqid qilsa, tamom, Rossiya ularning iqtiboslarini yoya boshlaydi, ularning aytganlari katta yangilik", - deydi Yankovitz.
Rossiyaning yetakchi propagandisti Vladimir Solovyov Telegramdagi kanalida 1 milliondan oshiq kuzatuvchiga ega. Solovyov Ukrainaga bostirib kirilganini oqlaydi, Vladimir Putin siyosatini himoya qiladi va G'arbga qarshi yadroviy qurollarni ishga solish kerak, deb keladi.
Karlsonning Ukraina va Amerika jamiyati haqidagi tanqidiy fikrlari, masalan, nasroniylar manfaati yoki oq tanli amerikaliklar uchun gapirganlari rus saytlari va kanallarida AQShdagi ijtimoiy va siyosiy inqiroz deb baholanadi.
Vaholanki, Karlson va boshqa tanqidiy ovozlarning fikr-qarashlari AQSh matbuotida deyarli yoritilmaydi.
Rossiya propagandasida konspiratsion nazariyalar ham keng o'rin egallaydi. Amerikada turli teoriyalarni olg'a suruvchilaar uchun Rossiya nashrlari xizmatda.
"RIA Novosti", "Lenta.Ru" va ularga o'xshash vositalar AQSh harbiy yordami Ukrainaga nima uchun zarurligi haqida ba'zi g'arbliklar bildirgan fikrlarni ekspertlar tahlilidek taqdim etgan.
Amerikada umuman tanilmagan odamlar - Solovyov va boshqa propagandachilar uchun G'arbning mashhur blogerlari va hatto taniqli jurnalistlari.
AQSh siyosati va siyosiy muhitidagi har kungi muhim jarayonlar chetda qolib yoki ularga ko'z yumilib, Kreml boshqaruvidagi axborot vositalari Putin aggressiyasini "asoslovchi dalillar" izlaydi, ya'ni har qanday tanqidiy ovoz Rossiya uchun quvvatlovdek.
Dominik Stekula - Kolorado davlat universitetida tadqiqotchi. Stekula izlanishlaridan ayonki, Karlson kabi konservativ boshlovchilar Rossiya propagandasiga ham tayanar edi. Karlson shu yilning bahorida "Fox"dan ketdi.
O'ta so'lchilar va o'ta o'ngchilar - populistlar, deydi Stekula. Ular Ukraina va uning siyosatchilari haqida Rossiya tarqatgan uydirmalarni ilib oladi.
O'ngchilar nazarida Amerika hamisha birinchi o'rinda bo'lishi kerak va hozirgi ma'muriyat buni eplay olmayapti. So'lchilar nazdida esa Amerika imperialistik qudratdir va NATO kabi bloklar shuni ta'minlash uchun xizmat qiladi.
Ilon Mask singari yirik bizneslar boshidagi odamlarning Vashingtonga nisbatan har qanday tanqidi bu jamiyatda normal holat, ammo Rossiya talqinida dahshatli burilish.
Kongressning Vakillar palatasidagi ayol qonunchilardan Aleksandria Okasio-Kortez, Ilhan Umar, Ayanna Presli va Rashida Tlaib demokratlarning aksariyat qismini, xususan liderlarning yondashuvini aks ettirmaydi, ammo ularning tanqidiy qarashlari ham Rossiya propagandasida nufuzli ovozlar deb namoyish qilinadi.
“Ular qudratli organda o'tirgan siyosatchilar. Shu bois ularning aytganlari keng ko'lamda Amerika fikri deb beriladi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan damlarda bu qonunchilarning aytganlari eng konservativ respublikachilarnikidan farq qilmadi. Rossiya uchun bu ovozlar qo'l keldi", - deydi Stekula.