O’zbekistonda so’nggi paytlarda jadidlar mavzusi tez-tez tilga olina boshladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ham gapirdi.
“Bu kimgadir yoqadimi yoki yo‘qmi, xalqimiz jadid bobolarimiz ko‘rsatib bergan yo‘ldan og‘ishmay borishi kerak. Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir”, - dedi prezident so’nggi chiqishlaridan birida.
Mirziyoyev bu fikrlarini 22-dekabrda Respublika Ma´naviyat va ma´rifat kengashining kengaytirilgan majlisida bildirdi.
Prezident o’z chiqishida aniq topshiriqlar belgiladi, jumladan, jadidlar g’oyasini o’rganish va rivojlantirish ko’zda tutilgan Prezident qarorini qabul qilish, “Jadid” nomli gazeta chop etish.
Buni ham ko'ring Cho'lponning "Kecha va kunduz" romani Amerikada mutolaadaPrezident qarori hali qabul qilinganicha yo´q, ammo Shavkat Mirziyoyevning mushtariylarga bildirgan tilaklari joylangan “Jadid” gazetasining ilk soni chop etildi.
“Jadid” gazetasi ezgu an’analarni davom ettirib, ulug‘ ajdodlarimizning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan mushtarak bo‘lgan g‘oya va dasturlarini atroflicha yoritish, bu qutlug‘ merosni el-yurtimiz, birinchi navbatda, yoshlarimining qalbi va ongiga yetkazishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda o‘ziga xos erkin minbar bo‘ladi, deb ishonaman”, deb tilak bildiradi Mirziyoyev gazeta mushtariylariga.
Mamlakatdagi bir qator faollar gazeta lotin yozuvida emas, kirillcha chiqqanidan norozi bo’ldi.
Shoir Iqbol Mirzo bosh muharrirlikka tayinlangan “Jadid” gazetasi mamlakatdagi eng ko’hna nashrlardan bo’lgan “O´zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi negizida tashkil qilingan.
Bu ayrim ziyolilarda allaqachon e’tirozlar uyg‘otgan, “Jadid” gazetasi jadidlar g’oyasini taqdim qiluvchi ijtimoiy siyosiy minbarga emas, adabiy- ma’rifiy nashrga aylantirilishi taxmin qilinmoqda.
Ammo gazetaga bosh muharrirlikka tayinlangan shoir Iqbol Mirzoning yozishicha, nashr jasoratli ziyolilarni o’z sahifalariga jalb qilmoqchi:
Buni ham ko'ring O'zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasida nima haqda so'zladi?“Jadid” gazetasi jasoratli ziyolilar uchun asosiy minbarga aylanishiga bel bog‘laganmiz va bu borada barcha jonkuyar, fidoyi yurtdoshlarimizni ijodiy hamkorlikka chorlaymiz”.
Yurt timsolini O´zbekiston emas, Turkiston sifatida taqdim etgan jadidchilik harakati Sovet ittifoqi qulab, O’zbekiston mustaqillikka erishgan davrlarda ham deyarli norasmiy taqiq ostida qoldi.
Jadidlar xotirasi, Stalin qatag’oni qurbonlari uchun ilk yodgorlik - “Shahidlar xiyoboni” marhum Karimov davrida o’rnatilganiga qaramasdan, jadidlarning siyosiy, ijtimoiy, diniy sohadagi g’ovayiy qarashlari norasmiy taqiq ostida edi.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan ham jadidlarning siyosiy-ijtimoiy merosiga munosabat darhol, keskin o’zgargani yo´q.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan kuzatilgan nisbiy erkinliklar davrida sovet qatag’oni qurbonlari rasman oqlandi, jadidlarning maorif, madaniy sohadagi qarashlariga diqqat oshdi, turli adabiyotlar nashr qilindi.
Ayni paytga kelib uchinchi muddatga prezidentlikka kirishgan, mamlakat taraqqiyoti bo’yicha o’z strategiyasini e’lon qilgan Prezident Mirziyoyev jadidchilik g’oyalarini “Yangi O´zbekiston”ning rivojlanish strategiyasi bilan uyg’unlashtirishga harakat qilayotgani kuzatiladi.
Ammo jadidchilik faqat g’oya emas, jamiyatdagi demoktarik, diniy qarashlarni uyg’unlashtirgan siyosiy harakat ham ekanligi inobatga olinsa, bu hukumatdan yangi harakatlarga yo’l ochish irodasini ham talab etadi.
Buni ham ko'ring Vyacheslav Axunov bilan bugungi O'zbekiston va ijod haqida suhbat“Amerika Ovozi” suhbatlashgan ziyolilardan biri, mamlakatda jadidlar g’oyasidan ilhomlangan yoshlar qatlami mavjudligi, ular jadidlar nomi siyosiy populizm uchun ishlatilishidan xavotirda ekanligini bildiradi.
So`nggi davrga kelib darhaqiqat jadidlar g’oyasi, merosiga nisbatan hukumat e’tibori jiddiy oshgan, bu mavzuga doir xalqaro miqyosdagi konferensiyalar ham tashkil qilinmoqda.
Dekabr oyida Toshkentda “Jadidlar: milliy o’zlik, istiqlol va davlatchilik g’oyalari” deb nomlangan yirik xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Prezident Mirziyoyev konferensiya ishtirokchilariga bilvosita murojaat qildi, uning qizi, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bevosita ishtirok etdi, ma’ruza bilan qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev o’z murojaatida konferensiya ahamiyatini shunday ifodaladi:
“Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan bog‘liq masalalar bugungi konferensiyaning asosiy muhokama mavzulari etib belgilangani alohida ahamiyatga ega”.
Bular O’zbekiston Prezidenti tomonidan e`lon qilingan taraqqiyot strategiyasi jadidlarning ijtimoiy, siyosiy, diniy va ma´rifiy qarashlariga asoslanayotgani, jadidlar g’oyasiga asoslangan yangi bir mafkura shakllantirilayotganidan darakdek.
Jadidlarning mamlakatdagi yosh izdoshlari esa aynan shundan, jamiyatda erkinlik bo’g’ilib borayotgan bir muhitda islohotlar o’tkazishga urinish jadidchilik g’oyalari zo’rlanishiga xizmat qilishi mumkinligidan xavotirda.