Vashingtondagi "Oxus" Markaziy Osiyo tadqiqot jamiyati rahbari Edvard Lemon tahlilicha, multi-vektor tashqi siyosat degan tushunchani 1990-yillarda Qozog'istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev tanishtirgan.
Maqsad - uzoq va yaqin davlatlar bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan rishtalarni bir paytda yo'lga qo'yish va olib borish. Ostona hamma bilan do'st bo'la olishini, yirik va kichik davlatlar bilan birdek samarali hamkorlik qilinishi mumkinligini isbotlashga bel bog'lagan.
Xo'sh, bunga qanchalik erishildi?
Buni ham ko'ring AQSh, O'zbekiston strategik sherikligida urg'u qay masalalarda?AQSh Davlat departamentining Energiya diplomatiyasi bo'yicha muovini Lora Lokman deydiki, Qozog'iston serqirra tashqi siyosatda mintaqada yetakchilik qilib kelmoqda.
Lokmanning tushuntirishicha, energetik strategiyada bir tomonga tayanib qolish xato ekanini Markaziy Osiyo yaxshi biladi. O'zaro bog'lanib, infrastrukturani moslash va ulash, energiya manbalarini ishlab chiqarish, sotish va xarid qilishda til topisha olish - eng dolzarb masalalar.
Rossiyaning qo'li hamon baland, deydi Lokman, biroq hukumatlar bu sohada G'arb bilan ishlashga harakat qilmoqda. Vashington undan nima kutilayotganini biladi.
Bayden ma'muriyati tizimlarni isloh qilishga, toza va yashil energiya manbalariga o'tishga undab kelmoqda.
Amerika xususiy sektori asosan Qozog'istonda ishlaydi va uning neft sanoatiga sarmoya qilgan. Boshqa davlatlarga qiziqish bo'lsa-da, kirish sust va bunda bizneslar sistemaga ishonmasligini bildiradi. Korrupsiya, shaffoflik yetishmasligi, yakkahokimlik kabi muammolar sabablar sifatida keltiriladi.
Hatto Qozog'istonda ham yillar davomida mashaqqatli damlarni boshdan kechirgan kompaniyalar, hukumatlar qanchalik undamasin, investitsiya qilishga shoshmaydi.
AQSh hukumati esa o'zi sarmoya qilmasligini, tizim bunday ishlamasligini, Markaziy Osiyo respublikalari uchun xususiy sektorni jalb qila olish muhimligini qayd etib keladi.
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Roman Vassilenko deydiki, multi-vektor tashqi siyosat - eng effektiv yo'l. Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev, deydi u, bosh diplomat bo'lgan damlarda bunday harakat qilishni targ'ib qilgan.
"1990-yillardagi multi-vektor siyosat va bugungi multi-vektor siyosat orasida farq bor. Chunki dunyo hozirda yanayam chigallashgan, sinovlar va masalalar yanayam global", - deydi Vassilenko.
Ostona Rossiya, Xitoy, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan mustahkam hamkorlik qilishni istaydi. Lekin dunyoning boshqa davlatlari ham uning diplomatiyasida yuqori o'rinlarda.
"Diplomatiya aslida mana shunday murakkab vazifalarni eplashdan iborat emasmi?"
Ekspertlar va diplomatlar multi-vektor yondashuv qanchalik ish berishi mumkinligi yuzasidan azaldan bahslashib keladi. Uning shartlari nima? Normalarni kim belgilaydi?
Qozog'iston o'zini bu jihatdan chiniqqan respublika deb biladi va tajribasini bo'lishishga hozir.
Buni ham ko'ring Ostona: AQSh-Qozog'iston "yuqori darajada" strategik hamkorG'arb siyosatshunoslari nazarida Markaziy Osiyo haqiqatan ham bunday taktika uchun qulay mintaqa, chunki Eron, Afg'oniston, Xitoy va Rossiya singari global maydonda keskinligi va ziddiyatlari bilan tanilgan davlatlarga qo'shni.
Vassilenko so'zlariga ko'ra, uning davlati bugungacha erishgan yutuqlar - iqtisodiy taraqqiyot, hozirgi jarayonlar, xalqaro hamjamiyat bilan do'stona va faol aloqalar - multi-vektor tashqi siyosati ijobiy natija berganidan dalolat.
Xalqaro soliq va sarmoya markazidan tahlilchi Ariel Koen ham bu masalalarni yillardan beri o'rganib keladi. Uning fikricha, har bir respublika o'ziga xos diplomatik mushaklarga ega.
"Qozog'iston, shubhasiz, yetakchi. Oxirgi yillarda O'zbekiston ham ildam", - deydi u.
Ostona o'z diplomatik korpusini yarata olgan mamlakat, deya qo'shadi Koen.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida mintaqaga e'tibor yanayam oshgan. Rus shovinistlarining bot-bot Markaziy Osiyoni qayta bosib olishga chaqirishi bu davlat bilan uzun chegaraga ega Qozog'istonni xavotirga solib keladi.
To'qayev ma'muriyati Moskva bilan strategik sherik, qator bloklarda u bilan yonma-yon, ammo o'z suvereniteti va mustaqilligi har narsadan ustun ekanini eslatib turadi.
O'zbekiston rahbariyati ham Kreml bilan o'zaro manfaatlarini qanchalik qayd etmasin, rus propagandasi va tahdidlaridan bezovta. Toshkentga ko'ra, uning tashqi siyosati avvalo qo'shnilar bilan hamjihatlikni va integratsiyani maqsad qiladi.
G'arb bilan diplomatiyada investitsiya jalb qilish, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan ilm-fan va innovatsiya yo'lida yaqindan ishlash, shuningdek, xavfsizlik masalalari prioritet deb belgilangan.
O'zbekiston arab dunyosi, turkiy olam, musulmon davlatlar bilan ham diplomatiyani kuchaytirgan. Lekin uning rasmiylari Qozog'istonniki singari "multi-vektor tashqi siyosat" degan atamani ko'p qo'llamaydi.
Mirziyoyevning o'zi ham, uning diplomatlari ham "o'zaro manfaatli" hamkorlik va sheriklikka urg'u beradi.
AQSh ekspertlari nazarida bunday yondashuv ham effektiv. Mamlakat xalqaro maydonda har doimgidan ham faol, deya kuzatadi ular.