"Islomiy davlat - Xuroson" safidagi tojik jangarilar

Eron o'tgan oydagi terror xurujlarida "Islomiy davlat - Xuroson" harakatini, xususan tojik jangarilarni ayblamoqda

Eronda yanvar oyida yuz bergan terror xurujlarida "Islomiy davlat - Xuroson" ayblangan, xususan bu guruhdagi tojik jangarilari. Kirmon shahridagi portlashlar ularning ishi, deya bildirmoqda Tehron.

3-yanvardagi hujumlarda kamida 95 kishi halok bo'lgan. Voqea siyosiy tadbir paytida ro'y bergan.

Dastlab Eron hukumati ularda Isroil va AQShni gumon qildi, ammo keyinroq davlat razvedkasi bayonot chiqarib, o'zini portlatgan odam tojikistonlik bo'lgan, Afg'onistonda treningdan o'tgan va Eronga noqonuniy kirgan, deya bildirdi.

Tehronga ko'ra, xurujlarni rejalagan odam ham tojikistonlikdir.

Bir paytlar AQSh Mudofaa vazirligida Markaziy Osiyoga doir masalalar bilan shug'ullangan Deyvid Sedni deydiki, tojiklar "Islomiy davlat - Xuroson" ichida katta sonda emas, ammo ularning xizmati salmoqli.

Sedni nazarida, Tojikistondan chiqqan jangarilar bu to'dada chiniqqanligi va sadoqati bilan ajralib turadi.

Kirmon shahri, Eron, 3-yanvar, 2024

"Tojiklar "Islomiy davlat"da o'zini portlatishga qodirligi va qurolli tajovuzlarga usta ekani bilan nom qozongan", - deydi Sedni "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"Islomiy davlat - Xuroson" 2015-yilda paydo bo'lgan. Ular Iroq va Suriyadagi "Islomiy davlat" terrorchilaridan ilhomlangan, ularning kurashini davom ettirishga bel bog'lagan.

BMT tahlilicha, bu guruh Afg'oniston, qo'shni mamlakatlar, jumladan Markaziy Osiyo respublikalariga tahdid solishga qodir eng jiddiy harakatdir.

"Islomiy davlat - Xuroson" safida 4-6 ming jangari borligi taxmin qilinadi, xususan o'zbeklar va tojiklar.

Ekspert Bill Roggio bu borada izlangan. Uningcha, tojiklar bir necha yuzni tashkil etsa ajabmas, ammo aniq hisob yo'q.

Roggio deydiki, "Islomiy davlat - Xuroson" boshqa jangari guruhlarning a'zolarini o'ziga og'dirishga usta. Zaiflashgan to'dalarning odamlari unga keladi.

BMT hisobicha, Afg'onistonda 20 ga yaqin jangari guruhlari bor, jumladan "Jamoat Ansarullo", tojiklarning Toliboni deya tanilgan ekstremistlar.

Buni ham ko'ring Markaziy Osiyoda terroristlar qanchalik faol?

"Islomiy davlat", deya tasvirlaydi Roggio, "ularga jihod uchun imkoniyat maydoni".

Forschani bilish ularga qo'l keladi, deydi tadqiqotchi.

Bu guruh shia Eronni dushman deb biladi. Biroq, deydi Roggio, "Islomiy davlat" Eronga bas kela olmaydi, terror xurujlari bilan cheklanadi.

"Islomiy davlat - Xuroson" o'tgan yillarda Eron va Afg'onistonda xurujlar tashkillashtirgan.

Kobulda Tolibon rasmiylari tojikistonlik va pokistonlik jangarilarni terrorda ayblab chiqqan. Toliblar ularni o'nlab sonlarda o'ldirganini ham da'vo qilgan.

Tojik ziyolisi Sherali Rizoyon "Amerika Ovozi" bilan muloqotda deydiki, Kirmondagi xuruj ortida turganlar Afg'onistonda tayyorlangan. Toliblar ular haqida bilmaganiga bu tahlilchi ishonmaydi.

O'tgan yili BMT "Jamoat Ansarullo" Tolibon bilan hamkorlik qilgani haqida ma'lumot bergan edi.

Afg'onistonning Rossiyadagi sobiq elchisi G'ovs Jonboz fikricha, bu jangarilarga quvvat berayotgan omil - Tolibonning hokimiyatda ekani.

Tolibon Afg'onistondan Amerikani quvganini da'vo qilar ekan, deydi Jonboz, bu jangarilar atrofdagi hukumatlar huzurini buza olishiga ishonadi.