Jurnalistlarning G’arbiy sohildagi jarayonlarni yoritishi hamisha og’ir va murakkab bo’lgan. G’azoda Isroil va XAMAS o’rtasida janglar boshlanganidan beri jurnalistlar o’ta xavfli sharoitlarda ishlamoqda.
“Nafaqat Al-Jazira, balki barcha jurnalistlar hayoti xavf ostida. Butun G’azo bo’ylab, hatto olovli hududlardagi jarayonni faol yoritishga intilar ekanmiz, buning og’ir badalini ham to’layapmiz”, - "Al-Jazira" byurosi rahbari Vakid al-Umariy.
Your browser doesn’t support HTML5
Jurnalistlar harbiy operatsiyalarni yoritish har ikki tarafda ham taqiqlar bilan yuzlashib kelganini aytadi.
“Umuman olganda, G’arbiy sohilda ishlash 7-oktabrdan avval ham tahlikali bo’lgan. Ayniqsa, falastinlik jurnalistlar uchun. Isroil jurnalistlari ham Falastin muxtoriyati nazoratidagi hududlarga kira olmagan”, - deydi Isroil jurnalistlari birlashmasi vakili Anat Saragusti.
G’arbiy Sohildan material tayyorlayotgan jurnalist ham Isroil kuchlari, ham bu hududga o’rnashib olgan yahudiylar hujumiga uchraydi.
“Mashinamdan “PRESSA” deb yozilgan stikerni olib tashladim. Isroil armiyasi va yahudiylar nishoniga aylanishni istamayman”, - deydi Falastin jurnalistlari sindikati prezidenti Nosir Abubakir.
Abubakir urushdan avval ham Isroilga qarshi faolligi va bayonotlari uchun tanqid ostida bo’lgan.
Isroil hukumati jurnalistlar nishonga olinayotganini inkor etadi. Isroil tashqi ishlar vaziri iddaosiga ko’ra, halok bo’lgan jurnalistlarning yarmi terrorchilar.
Biroq “Jurnalistlarni himoya qilish” qo’mitasi hisobotida ta’kidlanishicha, G’azoda halok bo’lgan 85 jurnalistning aksariyati falastinlik.
Nazorat punktlari ko’payar ekan, G’arbiy Sohilda erkin harakatlanishning o’zi imkonsiz bo’lib qolgan.
“Isroil Falastin jurnalistlari va ularning oilalarini nishonga olmoqda”, - deydi al-Umariy.
Ayrim falastinlik jurnalistlar urush zonalarida ishlayotgan guruhlar uchun xavfsizlik rejalarini ishlab chiqqan.
Isroil jurnalistlari asosiy e’tiborni XAMAS qo’lidagi asirlar va 7-oktabr hujumlaridagi yo’qotishlarga qaratmoqda.
Saragustining aytishicha, isroilliklar jurnalistlardan yahudiy manfaatlariga xos patriotizmni istaydi.
“Auditoriya jurnalistlarni Isroil bayrog’i ostida ko’rishni istaydi. Tanqidni esa hazm qila olmaydi. Ular qarshi tarafdan kelayotgan lavhalarni qabul qila olmaydi. Yahudiy auditoriyaning G’azodagi gumanitar inqiroz bilan ishi yo’q. Ular bu haqda eshitishni ham istamaydi. Ular 7-oktabr kuni XAMAS keltirgan talafotlar tahlili bilan ovora”, - deydi Saragusti.
Isroil kuchlari G’azoga kimlar kirishi va nimalarni yoritishi mumkinligini nazorat qilar ekan, xalqaro jurnalistlar erkin faoliyat yuritishga qiynalmoqda.