Millionlab ukrainalik qochqinlar uchun kelajak mavhum

  • Amerika Ovozi

Ukraina-Rossiya urushi boshlanganiga ikki yil to’ldi. Urush oqibatida millionlab ukrainaliklar qochqinga aylandi.

“Ikki yillik keng koʻlamli urushdan soʻng butun mamlakat boʻylab katta vayronagarchilik, otishma va raketa hujumlari oqibatida koʻchirilgan millionlab odamlarning kelajagi mavhumligicha qolmoqda”, - deydi BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissariatining Yevropa boʻyicha mintaqaviy direktori Filipp Lekler.

Buni ham ko'ring Ukraina boshpanalaridagi ayollar nimaga umid qilmoqda?

Tashkilot mamlakat ichida va tashqarisida ko’chirilgan 9900 ga yaqin ukrainaliklar o’rtasida yanvar-fevral oylarida so’rovlar o’tkazdi. Aksariyati uyga qaytish istagi borligini bildirgan. Lekin vatanga qaytishni istaydiganlar soni avvalgi so’rovlarga nisbatan kamroq.

Buning asosiy sababi sifatida odamlar mamlakat xavfsiz emasligini ko’rsatgan. Undan tashqari iqtisodiy imkoniyatlar kamligi, uy-joy yetishmasligi ham muhim omil sifatida keltirilgan.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasiga ko’ra, shu kungacha Ukrainada kamida 10 ming tinch aholi halok bo'lgan. 18 mingdan ortiq kishi yaralangan. 6,5 millionga yaqin ukrainaliklar boshqa mamlakatlarga qochgan, yana 3,7 millionga yaqin odam mamlakat ichida boshqa hududlarga ko’chirilgan.

“Urush davom etar ekan, Ukrainada gumanitar ahvol ogʻirligicha qolmoqda. U yerda aholining 40 foizi — 14,6 million kishi insonparvarlik va himoya yordamiga muhtoj”, — deydi Lekler.

Qochqinlar yangi borgan joylarida ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 59 foizi “agar ular mezbon mamlakatlarda ish topa olmasalar, qonuniy maqom bilan bog‘liq muammolarga hadeb duch kelaversalar”, uylariga qaytishga majbur bo‘lishlarini aytishgan.

Agentlik tadqiqoti shuni ko'rsatganki, ko’plab qochqinlar xorijda duch kelayotgan qiyinchiliklar tufayli vatanga qaytishni afzal ko'radi. Oilalar urush tufayli ajralib qolgan. Oilalarning erkak a'zolari Ukrainada qolib, bolalar va ayollar qochqinlikda yuribdi.

Hisobot shuni ko'rsatganki, qochqinlarning uyga qaytishiga asosiy sabab – oilani birlashtirish.

Buni ham ko'ring Polsha sobiq prezidenti: Butun dunyo Ukrainaga yordam berishi lozim

Dushan Vuyasanin Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasining Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush boʻyicha Markaziy qidiruv byurosini boshqaradi. Byuroning vazifasi - bu mojaroda g'oyib bo'lgan odamlarni topish, taqdirini o’rganish.

Uning tushuntirishicha, byuro harbiy asirlar, fuqarolar, mojaroda jabr ko’rgan shaxslar, xoh tirik bo’lsin, xoh o’lik, ular haqidagi barcha ma’lumotlarni topadi, markazlashgan bir tizimga soladi.

Vuyasaninning bildirishicha, shu kungacha 23 ming kishidan hamon darak yo’q va bu raqam o'sishda davom etmoqda.

Rossiya va Ukraina Jeneva konvensiyasida belgilanganidek, milliy axborot byurolarini tashkil etgan. Tizim mukammal emas, deydi u, lekin har holda har ikki tomon muntazam ravishda ro’yxat tuzib boradi.

“Oila a'zolarini qidirayotganlar tashkilot bilan bog’lanishi mumkin. Ikki yil davomida oilalardan 100 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bedarak yo'qolganlarni qidirish bo'yicha 31 mingdan ortiq ish ochildi”, - deydi tashkilot rahbari.

Bugungi kunga qadar tashkilot 31 ming bedarak yo‘qolgan ukrainlardan 8 ming nafarining taqdiriga oydinlik kiritishga muvaffaq bo’ldi. 23 ming odamning hamon daragi topilmagan.

“Tajribadan bilamizki, qidiruv yillarga cho’ziladi. Bu esa bedarak ketganlarning oilalariga necha yillab davomida tasalli berish kerak degani”, - deydi Vuyasanin.