Bayden prezidentlik muddatining so'nggi hisobotini berib, uni qayta saylashni so'radi

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressi, Vashington, 7-mart, 2024

7-mart kuni oqshomda Prezident Jo Baydenning Kongress va xalqqa qilgan murojaati uning faoliyatidagi balki eng muhim ma'ruza, chunki u qayta saylanishni xohlaydi, nutq - saylov kampaniyasining bir qismi.

Bayden yana bir muddatni eplay oladimi? Ruhan va jismonan qanchalik tetik? Va'dalarini bajara olayaptimi? Amerikani boshqarishga eng munosib odamman deya qilayotgan da'vosi naqadar asosli?

AQShda prezident Kongressga yillik hisobot berganida odatda asosiy e'tibor iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatda, shuningdek, xavfsizlikda bo'ladi.

Davlat rahbari o'z yutuqlarini ko'z-ko'z qiladi, muammolarga yechimlarini tushuntiradi, qonunchilardan uni quvvatlashni so'raydi.

Yaqin Sharqda davom etayotgan urush va Ukraina-Rossiya mojarosi, AQSh bevosita ishtirok etmayotgan bo'lsa-da, Vashington bosh suqqan konfliktlar sifatida mamlakat bo'ylab dolzarb mavzular ekan, Prezident Baydenning yakunlanayotgan muddatidagi oxirgi murojaatida salmoqli o'rin oldi.

"Biz Amerikaning global lider sifatidagi rolini tikladik", - dedi Bayden, Kapitoliy va Oq uy oldida norozilik namoyishlari davom etar ekan. Falastin tarafdorlari undan Isroil hujumlarini to'xtatishni talab qilmoqda.

AQSh o'z manfaatlarini himoya qiladi, deydi prezident, dunyo bo'ylab o'z ta'sir kuchini mustahkamlayveradi.

"Men Kongressni va Amerika xalqini uyg'otish uchun keldim", - dedi Bayden murojaatini boshlar ekan.

AQSh misli ko'rilmagan sinovlar ichida, deydi u. Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina bilan to'xtamaydi, agressiya davom etadi, Amerika qo'l qovushtirib o'tira olmaydi. Ukrainani himoya qilish dunyoda erkinlik va demokratiyani asrashdir, dedi Bayden.

"Amerika NATOga asos solgan davlatlardan biri. Finlandiya va Shvetsiya uning eng yangi a'zolari. Blok kuchayishda davom etadi. Rossiyaga munosib javob beriladi", - dedi Bayden.

"Ukrainani quvvatlab, o'z xavfsizligimizni ta'minlaymiz", - deya u, Kongressni zarur mablag' ajratishga chaqirdi.

Buni ham ko'ring Baydenning yillik murojaati - saylov kampaniyasining bir qismi

"Biz ortga qaytmaymiz. Men ortga qaytmayman. Ukrainaga madad ko'rsatamiz".

Bayden sobiq prezident va hozirda Oq uyga qaytishga harakat qilayotgan Donald Trampni Ukrainani Rossiya changaliga tashlashga bel bog'laganlikda, shuningdek, 2021-yilda Kongressga qilingan qonli hujumlar ortida turganlikda ayblaydi.

"Tramp yolg'onchi", - deydi Bayden. Unga ishonish Amerikani jar yoqasiga olib borish bilan barobar, dedi prezident.

Tramp o'nlab jinoyatlarda ayblanmoqda, mart oyi oxirida Nyu-Yorkda sud ishlaridan biri boshlanadi. Sobiq prezident o'zini aybsiz deb biladi. Respublikachi da'vogarlar orasida nafaqat oldinda, balki maydonda allaqachon yagona nomzod sifatida ko'rinmoqda.

Ichki siyosatga kelganda, Bayden abort huquqiga to'xtaldi. Ayollar homilani oldirib tashlash, qachon farzand ko'rish-ko'rmaslikni hal qilishda fundamental huquqqa ega, deydi liberal prezident. Oliy sud va boshqalar xotin-qizlar faol saylovchilar ekanini unutmasligi lozim, deya eslatdi. Ikki yil oldin Oliy sud abort konstitutsion huquq emas, deya qaror chiqargan. Shtatma-shtat bu borada qonunlar keskinlashgan, homilani qachon oldirish mumkinligi borasida bahs-munozaralar tinmaydi.

Iqtisodiy vaziyat AQShda Bayden prezidentligi davrida salmoqli darajada yaxshilangan. Inflyatsiya 9 foizdan 3 foizga tushgan. Millionlab ish o'rinlari yaratilgan. Ishsizlik eng past darajada, 3 foiz atrofida.

Biroq Oq uyga bu borada amerikaliklar hamon past baho bermoqda, chunki iqtisod yaxshilangani narx-navoni tushirmagan, oziq-ovqat va uy-joy qimmat, ta'lim va sog'liqni saqlash bahosi ham osmonda.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden Kongressda: Tramp, Ukraina/Putin va immigratsiya

Bayden chet elga arzonroq ish kuchi izlab ketgan kompaniyalarni qaytarmoqda, imtiyozlar taklif qilmoqda. "Bizneslar yana o'zimizda mahsulot ishlab chiqarmoqda", - deydi prezident. Ammo bu progressning ko'lami hali ancha tor.

O'rta sinfni kengaytirish - demokratlarning asosiy maqsadlaridan. Bunga nafaqat iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, balki sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish ham kiradi. Tibbiy xizmatlar va dori-darmon borasida AQSh hamon eng qimmat mamlakatlardan. Bayden buni o'zgarishtirishni va'da qilgan, qator choralar ko'rilgan, ammo qolgan ishlarni qilish uchun Kongress quvvatlovi zarur.

Bayden ta'limni arzonlashtirishga, muallimlarning maoshini oshirishga ham so'z bergan, boshlang'ich sinfdan tortib universitetgacha. Talabalar olgan qarzlarini to'lashi uchun yordam oshirilgan. Biroq minglab amerikaliklar o'qishni hamon yuzlab ming dollar kredit bilan yakunlaydi, uni yillar davomida foiz bilan to'lashga majbur.

Prezident byudjetdagi kamomadni yirik korporatsiyalar va eng boy odamlarga soliqni ko'tarish bilan yopmoqchi. 3 trillion dollar tushishi mumkin, dedi Bayden.

"Men kapitalistman. Boylik orttirmoqchimisiz, marhamat. Lekin daromaddan munosib soliq ham to'lang", - dedi u, badavlat amerikaliklarga qarata.

Respublikachilar bunga keskin qarshi. Ular xususiy sektor va millioner va milliarderlarga talablarning kamayishini targ'ib qiladi. Chunki, deydi ular, kamroq soliq to'lash bizneslarni kengaytiradi, yangi sarmoya va loyihalar uchun imkon yaratadi.

Bayden ijtimoiy himoyani mustahkamlash va keksa amerikaliklarni ko'proq quvvatlash bo'yicha takliflarni olg'a surgan. Kongressda muxolifat ularni ham chetga surgan.

AQSh Kongressi, Vashington, 7-mart, 2024

O'tgan yilning noyabr oyida Bayden immigratsion islohotlar rejasini Kongressga uzatib, qo'shimcha mablag' so'ragan. Davlatga chegarachilar, immigratsion sudlar va mutaxassislar hamda texnoliguya va infratuzilma yetishmaydi.

"Nega bu takliflarni ma'qullamayapsiz? Biz murosaga hozirmiz, siz nega kelishuvdan yiroqsiz?" - deya so'radi Bayden.

Tramp Kongressdagi respublikachilarga shunday talab qo'ygan, bu aniq, deydi prezident. Ular Oq uy bilan kelishishni mag'lubiyat deb hisoblaydi. Bu vijdonsizlikdir, deydi Bayden, chunki xalq masalalar hal bo'lishini xohlaydi.

"Men Amerikaga intilayotgan insonlarni haqorat qilmayman. Tramp singari ularni "qonimizni zaharlamoqda", deb qoralamayman. Men oilalarni ayirmayman. Men odamlarni dini uchun Amerikadan taqiqlamayman", - dedi Bayden.

"Biz tizimni isloh qilishni, chegarani mahkamlashni, uzoq yildan beri hujjatsiz yurganlarni himoya qilishni istaymiz".

AQSh Kongressi, Vashington, 7-mart, 2024

"Amerika - tub aholining yurti. Amerika ulardan keyin kelib joylashganlarning yurtidir. Amerika yangi kelayotganlarning ham yurti bo'lib kelgan va shunday qoladi. Kelganlarning har birining o'z qissasi, dardi bor. Kimdir kelishga majbur bo'lgan, kimdir azobdan qochgan, kimdir yangi hayot istagan", - dedi Bayden.

"Tortishishda davom etishimiz mumkin yo muammolarga nuqta qo'yishimiz mumkin. Men ularni bartaraf etishni xohlayman. Ishlang men bilan. Oldingizdagi qonun loyihasini ma'qullab, menga yuboring", - deya undadi Bayden.

Amerika rahbari Yaqin Sharqdagi vaziyatni ayanchli deb atadi. Besh oydan beri davom etayotgan urush Isroil va Falastin xalqi tinkasini quritdi, deydi u, Amerika ahli ham bu mojarodan toliqqan.

Bayden deydiki, bu urushni XAMAS boshladi, yahudiylarni o'ldirdi, garovga oldi va hamon terrorizmdan to'xtamagan.

"Isroil XAMASga qarshi chora ko'rishga haqli, chunki unga tahdid solmoqda. XAMAS, agar istasa, urushni bugunoq to'xtatishi mumkin, qurolni tashlasin", - deydi prezident.

Kongress oldida Falastin tarafdorlari namoyishda. Ularga ko'ra, Prezident Bayden Isroilning qonxo'r ishlariga sherik".

Isroilning G'azoga tinimsiz hujumlarini Bayden majburiy qadam deb ataydi, ammo begunoh insonlar katta sonlarda o'ldirilayotganini ham tan oladi. 30 mingdan oshiq falastinlik yo'q qilingan.

"Ularning aksariyati XAMAS emas", - deydi Bayden. "Minglab xotin-qizlar va bolalar. Ota-onasidan ayrilgan go'daklar. 2 millionga yaqin falastinlik bomba ostida, uy-joysiz. Vayronagarchilik. Ocharchilik. Dahshat", - deya ta'rifladi Bayden.

Sulhga erishish zarur, Amerika shuning harakatida, G'azoga yordam berilmoqda, dedi u.

AQSh O'rta dengizning G'azodagi porti orqali madad ko'rsatishni yo'lga qo'ymoqda. Lekin biror amerikalik harbiy safarbar etilmaydi.

"Isroil zimmasidagi vazifani bajarishi kerak. G'azoga ko'mak berilishiga halal bermasligi kerak".

Oq uy ikki davlat tarafdori: Isroil va Falastin. Falastin mustaqil mamlakatga aylanishi zarur, dedi Bayden. Sharti shuki, u yahudiy davlatga biror jihatdan xavf solmaydi.

Vashington Eronning ayyorona ishlariga toqat qilmaydi, dedi prezident, Tehron proksi urushni bas qilishi kerak. Amerika kuchlariga hujum qilsa, AQSh qattiq zarbalar bilan javob beradi.

"Biz xalqaro maydonda har doimgidan ham baquvvat. Xitoydan ortda qolib ketdik, deganlar adashadi. Biz ular bilan raqobatdamiz, konfliktda emasmiz. Biz ko'tarilishda davom etamiz. Iqtisodimiz, salohiyatimiz oshaveradi".

Prezident Bayden raqibi Donald Trampni nafratda va vijdonsizlikda ayblab keladi

"Hayotim davomida bir narsani aniq tushunib yetdim: erkinlik va demokratiya - eng bebaho qadriyatlar. Amerikaning kelajagi ham shularda. Halollik, vijdon, inson qadri va tengligi. Adolat. Mehr-oqibat. Amerika nafrat, qasos va alamga berila olmaydi. Biz unday xalq emasmiz. Men unday inson emasman".

"Siz qay yo'lni tanlaysiz?" - deya so'radi Bayden yurtdoshlaridan.

"Mehr-oqibat va adolatga asoslangan boshqaruvnimi yoki o'ch olish va g'azab to'lqininimi?"

"Gap bizning yoshimizda emas, takliflarimizda, qadriyatlarimizning naqadar azaliy ekanida",- dedi 82 ga yaqinlashayotgan Bayden.

Uningcha, keksalik zaiflik emas, aksincha tajriba va aqldir. So'nggi ommaviy so'rovlarda aksariyat amerikaliklar uning qari ekanidan xavotir bildirgan.

Tramp ham yosh emas, 77 da. Qayta saylansa va muddatini yakunlay olsa, Bayden singari Oq uyda 80 dan oshadi

"Erkinlik himoya qilinishi kerak, olib qo'yilmasligi lozim", - dedi Bayden, Trampni qora niyatlarda gumon qilib.

"Kelajagimiz porloq bo'lishi uchun iqlimni asrashimiz, qurollarni kamaytirishimiz, insonni qadrlashimiz darkor", - deya Bayden saylovchilardan unga ovoz berishni so'radi.

Respublikachi senator Keyti Britt

Prezident murojaatiga respublikachilar nomidan senator Keyti Britt munosabat bildirdi. Britt Alabama shtatidan saylangan, eng yosh qonunchilardan.

U Baydenni umrini siyosiy va'dabozlik qilib o'tkazgan, hozir ham safsatadan to'xtamagan inson sifatida tasvirladi. Britt nazarida Amerikada oilalarning hayoti og'irlashgan va bunda demokratlar aybdor.

"Bayden prezidentlikka kelganidan beri Meksika bilan chegarani yanayam ko'proq odam buzmoqda, jinoyat keng, xavfsizligimizga tahdid tobora yuqori", - dedi senator.

Chegaradagi barcha muammolar Baydenning irodasizligi, chunki u muammolarga qarshi kurashmayapti, dedi Britt.

"Millionlab noqonuniy migrantlar yurtimizni bemalol kezib yuribdi, jinoyatlarni amalga oshirmoqda, ayollarimizni zo'rlamoqda, yurtdoshlarimizni o'ldirmoqda. Prezident Bayden, va'dabozlik qilmay, mana shu holatlarning oldini oling, noqonuniy immigratsiyani darhol to'xtating", - dedi respublikachi qonunchi.

Britt AQSh iqtisodiyoti kuchaydi, degan xulosalarni ham inkor etdi. Yo'qsillik, yetishmovchilik changalida yashayotgan oilalar millionlarni tashkil etadi, dedi senator.

Tashqi siyosatda ham Bayden oqsamoqda, dedi u, AQShga hurmat va ishonch pasaygan.

Rossiya haddidan oshgan, Xitoy AQSh manfaatlariga har kuni zarar yetkazmoqda, Eron Amerikaga hujumlar bilan band, Isroil-Falastin mojarosi boshi berk ko'chada, dedi Britt, Bayden boshqaruvni eplay olmayapti.

Britt yurtdoshlarini shu tariqa demokrat rahbarni qayta saylamaslikka, partiyadoshi Trampga ovoz berishga undadi.