Vladislav Inozemtsev vatani Rossiyada 1996-yilda Post-industrial tadqiqot markaziga asos solib, sobiq Sovet hududidagi taraqqiyot va o'zgarishlarni o'rganib keladi. Anchadan beri G'arbda va hozirda Yevropadan turib izlanmoqda. Turli tillarda chiqqan 20 dan ortiq kitob va kamida 500 ilmiy maqolaning muallifi.
Yaqinda Inozemtsev Markaziy Osiyo xususida katta material e'lon qildi. Uning mazmuni shuki, Rossiya Ukrainada har tomonlama qimmat urush bilan ovora ekan, AQSh va Yevropa Ittifoqi mintaqada otni qamchilashi kerak. Imkoniyatlardan foydalanib qoling, deya undaydi Inozemtsev, fursatni boy bermang.
Olim Rossiya va Xitoy mustaqillik yillarida Markaziy Osiyoga qanchalik sarmoya qilganini tahlil qiladi. Har ikkisi bugun regionda ulkan nufuz va ta'sir kuchiga ega, deydi u, ammo bo'shliqlar serob. Ularni Moskva va Pekin xohlasa ham to'ldira olmaydi. G'arb uni kutayotgan imkoniyatlarni ilg'ashi kerak.
Buni ham ko'ring O'zbekistonga Rossiya yuzasidan tavsiya - Fred Starr on Uzbekistan/Russian PropagandaInozemtsev qayd etishicha, Vashington va Bryussel uzoqni o'ylab, keng qamrovda harakat qilishi lozim. Markaziy Osiyo, deya yozadi u, aslida Yevropani energetika bilan ta'minlashda Rossiyaning o'rnini bosa oladi, qisman bo'lsa-da. Mintaqa bunday salohiyatga ega, lekin unga sarmoya qilinmayapti.
Sanksiyalar ostidagi Rossiya u bilan ishlashda davom etayotgan bu mamlakatlarga bosim o'tkazish aqldan emas, deydi Inozemtsev. Aksincha, G'arb ularni shunday quvvatlasinki, ular muqobil tijorat yo'llarini ochsin, yangi bizneslar uchun zamin yaratsin.
AQSh va Yevropa Ittifoqi gapdan ishga o'tsa, deya ta'kidlaydi Inozemtsev, yangi imkoniyatlar orqali terrorizmga qarshi choralarni ham mustahkamlay oladi. Ekstremizmni real bartaraf etish mumkin. Mahalliy iqtisodni yaxshilash, ijtimoiy islohotlar samara berishini ta'minlash, inson kapitalini parvarishlash kerak. Davlatlarga bu jihatdan yordamlashish ayni damdagi prioritetlardan biri bo'lishi kerak, deya yozadi tadqiqotchi.
Inozemtsev talqinida hozirgi Rossiya juda zaif va hatto Xitoy ham sezilarli darajada toliqqan. Markaziy Osiyo ahlining esa o'sish va o'zgarishga ishtiyoqi yuqori. Rahbarlar hokimiyatni boy berishni xohlamaydi, ammo yoshlar aksariyatini tashkil etuvchi aholining kayfiyati bilan hisoblashish zarurligini bugun yaxshiroq anglaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya yaqin orada Ukraina bilan mojarodan chiqa olmaydi. Uning moliyaviy kuchi tobora cheklanib bormoqda.
Xitoy esa, deya yozadi Inozemtsev, tijoratni global miqyosda kengaytirish rejasini amalga oshirishga qiynalmoqda, ichki iqtisodi susaygan.
G'arb konkret nima qila oladi?
Yevropa Markaziy Osiyo gazi va neftini Rossiyani chetlab o'tgan holda import qilish uchun zarur infrastrukturaga sarmoya qilishi kerak, deydi Inozemtsev. O'rta koridor deya atalgan yangi tizim Kaspiy dengizi orqali Ozarbayjondan Turkiya yoki Qora dengizni kesib, Yevropaga yeta oladi.
O'zbekiston, Turkmaniston va Qozog'iston birgalikda qattiq ishlashga majbur, ammo ularni quvvatlash zarur. Turkiya yordamlashishga tayyorligini bildirgan, qolaversa Yevropa Ittifoqiga kirish niyatidan voz kechmagan.
Markaziy Osiyo o'z energetik resurslarini asosan Rossiya va Xitoyga sotishdan yoki ular bilan hamkorlikda jahon bozoriga chiqarishdan charchagan, deya kuzatadi olim.
Yevropa infratuzilma barpo etishga usta, moliyaviy manbalar esa Amerikada, deydi Inozemtsev. Shunday ekan, agar siyosiy iroda bo'lsa, Xitoyga Markaziy Osiyoda bas kelish qiyin emas. Jahon banki, AQSh Xalqaro taraqqyot moliya korporatsiyasi, Yevropada Tiklanish va taraqqiyot banki bu jarayonda faol ishlashi kerak.
Buni ham ko'ring Jekson-Vanik qonuni Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi?Markaziy Osiyoga magistrallar, temir yo'llar, aeroportlar va ular bilan bog'liq mustahkam va zamonaviy inshootlar zarur.
Yevropa hamisha Rossiyadan keladigan mahsulotlarni Markaziy Osiyodan olishi mumkin, atom energiyasi sanoatidan tortib boshqa sohalargacha. Regionda xomashyo bor, ishlab chiqarishni ham oshirish mumkin.
Vladislav Inozemtsev Yevropa Ittifoqini ikki tomonlama kelishuvlarni regional bitimlarga aylantirishni maslahat beradi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlik kuchaymasa, ikki tomonlama biznes ham torligicha qoladi.
Tadqiqotchi G'arbni dunyoning bu qismida xavfsizlik va harbiy jihatdan ham faollashishga chaqirmoqda. Afg'onistondan chiqib ketganidan beri AQSh roli pasaygan, deydi u, vaholanki, orada hamkorlik bor. Uni jadalashtirish lozim, toki davlatlar AQSh va Yevropa Ittifoqi ularni Rossiya va Xitoy changaliga tashlab qo'ymaganini his qilsin.
"Mintaqaqa ko'proq qurol-aslaha eksport qilish vaqti keldi. Qo'shma harbiy mashqlar, harbiy ta'lim va trening, xavfsizlik tizimi orasida hamkorlik - bu yo'nalishlarda Rossiya hamon asosiy sherik", - deydi Inozemtsev.
Buni ham ko'ring Bugungi Markaziy Osiyo: AQSh, Ukraina, G'azo, terrorizm, fuqaro jamiyatiUkrainadagi urush, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston orasidagi mojarolar G'arb qurollari va strategik kuchi haliyam yuqori ekanini ko'rsatmoqda, deya yozadi u.
Olim fikricha, G'arb istasa, Ostonani va boshqa siyosiy markazlarni Moskva bilan raqobatlasha oladigan qudratli poytaxtlarga aylantira oladi. Buning uchun butun Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun ko'proq hissa qo'shmoq lozim. Ta'lim, ilm-fan, texnologiya, iqtisodiy-ijtimoiy o'sish - bu sohalarda oldinga siljish uchun ham regional hamkorlikni kengaytirish kerak.
G'arb uchun yana bir va bag'oyat muhim vazifa - Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi kurashish va kurashayotganlarni qo'llash, qonun ustuvorligini va adolatni targ'ib qilish va xalqaro biznes me'yorlarni va normalarni yoyish.
Inozemtsev turli tadbirlar samara berishiga ishonadi, ammo ularning o'zigina yetmaydi. AQSh va Rossiya Rossiyadagi repressiyadan qochgan bizneslarning Markaziy Osiyoda ishlay olishi uchun sharoitni ta'minlashda yordamlashsin, deydi ekspert, chunki huzurini avvalo mintaqa ko'radi. Yangi ish joylari ochilsin. Bu firmalar ham oshkora va halol faoliyat yuritsin.
Tadqiqotchi zarar yoki salbiy deb ko'rilayotgan har bir holatga konstruktiv yondashishni tavsiya qiladi. Chunki, uning nigohida, Markaziy Osiyoda g'ayrat bor, mintaqa eksperimentlarga ochiq va G'arb bilan misli ko'rilmagan ko'lamda hamkorlikka shay.