Yaqinda AQSh Davlat departamenti inson huquqlari boʻyicha o’z hisobotini taqdim etdi. Unda 200 ga yaqin mamlakat va hududlardagi ahvol ko’rib chiqilgan.
Ukraina bo'yicha qismi ikkiga bo’lingan - biri Ukraina hukumati nazorati ostidagi viloyatlar, ikkinchisi esa Rossiya nazoratiga o’tgan hududlar.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hisobotni taqdim etar ekan, bosib olingan hududlarda Kremlning inson huquqlarini mensimasligi yaqqol namoyon ekanini aytdi.
Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlaridan ozod qilingan hududlarda Ukraina hukumati rasmiylari ishtirokidagi inson huquqlarining buzilish holatlari ko’paygan. Jumladan qiynoqlar, o‘g‘irlashlar, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazolashlar haqida xabarlar kelib tushgan.
Matbuot erkinligi, so'z erkinligi, sud mustaqilligi cheklangani, hukumat ichida korrupsiya ko’paygani aytiladi.
Buni ham ko'ring Blinken: Huquq himoyasi - Amerika qadriyatiUshbu inson huquqlari bilan bog'liq muammolar qisman harbiy holatdan kelib chiqqan, deyiladi hisobotda, chunki harbiy holat demokratik erkinliklar, jumladan, harakatlanish erkinligi, matbuot erkinligi, tinch yig'ilishlar va huquqiy himoyani cheklaydi.
“[Ukraina] hukumati qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni aniqlash va jazolash bo‘yicha ko‘pincha tegishli chora ko‘rmagan”, — deyiladi hujjatda.
"Biroq Rossiya va unga bo’ysinuvchi guruhlardan farqli o'laroq, Ukraina o’z harbiy kuchlari tomonidan sodir etilgan kam sonli qonunbuzarliklarni tekshirish majburiyatini o’z zimmasiga oldi", - dedi AQSh Davlat departamenti vakili “Amerika Ovozi”ning faktlarni tekshirish tarmog’i, “Polygraph.info” bilan suhbatda.
"Huquq buzilishi haqidagi da'volarni Rossiya kuchlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar ko'lami va tabiati bilan taqqoslab bo'lmaydi. Ukraina ularni tekshirish uchun huquq tashkilotlari bilan to'liq hamkorlik qildi", - deydi rasmiy.
Rossiyaning Janubiy Afrikadagi elchixonasi “X” tarmog’idagi postida hisobotning Rossiyaga tegishli qismi va urush kontekstini tushirib qoldirib, Ukrainaga tegishli qismini AQShning Kiyevga ko‘rsatayotgan harbiy ko’magiga bog’lagan holda noto’g’ri izohladi.
“Shunday bo’lsa-da, Zelenskiy rejimi korrupsiya va inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashayotgan AQShdan tez orada qo‘shimcha 61 milliard dollarlik moliyaviy yordam oladi, G’arbcha usul!”, deya yozdi elchixona.
“Polygraph.info” ga ko’ra, bu noto’g’ri talqin. Qo'shma Shtatlar Ukraina va boshqa mamlakatlarga turli dastur va agentliklar orqali va har xil shartlar bilan harbiy va gumanitar yordam ko'rsatadi.
AQSh harbiy yordami Ukrainaga o'zini Rossiya agressiyasidan himoya qilish imkoniyatini beradi. Yordam paketlarining katta qismi, jumladan, yaqinda ajratilgan 61 milliard dollarlik yordam AQShda mavjud bo'lgan harbiy zaxiralarni Ukrainaga yuborish va AQShning o'z zaxiralarini qayta to'ldirishni nazarda tutadi.
AQSh Ukrainaga noharbiy yordamini asosan Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali ajratadi. Ushbu mablag'lar korrupsiyaga qarshi kurashish, demokratik boshqaruv, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, mustaqil sud tizimini mustahkamlash kabi sa'y-harakatlarga mo'ljallangan.
Buni ham ko'ring AQSh Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam beradiRossiya an’anaviy ravishda AQSh yordami qanday berilishi haqida jamoatchilik yetarli ma’lumotga ega emasligidan foydalanib, AQShga qarshi targ’ibot olib borish va unga qarshi kayfiyatlarni uyg’otishga urinadi, deydi “Polygraph.info”.
Moskva Ukrainani dunyodagi eng korrupsiyalashgan davlatlardan biri sifatida ko'rsatib keladi. Lekin bosh idorasi Berlinda joylashgan “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2023-yildagi vaziyatga bergan bahosida Ukraina korrupsiyani bartaraf etish borasida ijobiy qadamlar tashlayotgani aytiladi.
Rossiyada esa vaziyat aksincha ortga ketmoqa. Reytingda Ukraina 2023-yilda 12 pog'ona ko'tarilib, 180 mamlakat ichida 104-o'rinni egallagan. Rossiya esa ikki pog‘ona pastlab, 141-o‘ringa tushgan.
Davlat departamentiga ko’ra, Ukraina hukumati idoralari yoki amaldorlari noqonuniy qotilliklar sodir etgani to’g’risida biror ma’lumot yo’q.
Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida esa jiddiy qonunbuzarliklar, jumladan, Rossiya kuchlarining noqonuniy qotilliklar sodir etgani to‘g‘risida ko‘plab hujjatlar to’plangan.
Avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham o’z hisobotida Rossiya hukumati qiynoqlar, jinsiy zo'ravonlik va bolalarni Rossiya Federatsiyasiga deportatsiya qilish kabi jinoyatlar sodir etganini yozgan edi.
Yaqinda Vashingtonda joylashgan “Ozodlik uyi” (Freedom House) inson huquqlari tashkiloti ham 2024-yilgi hisobotini e’lon qildi. Unda 100 ballik shkala boʻyicha Ukraina 49 ball olib, “qisman ozod” deb topilgan. Rossiyaga esa 3 ball berilib, mamlakat "erkin emas" deb baholangan.
“Ozodlik uyi” Ukraina hukumati demokratik institutlarni mustahkamlash borasida qator ijobiy islohotlarni amalga oshirganini ta’kidlaydi.
Tashkilotning aniqlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ukrainaliklarning siyosiy huquqlari va fuqarolik erkinliklari cheklanishiga sabab bo’lgan. Harbiy holat tufayli hukumat Yevropa konvensiyasida belgilangan inson huquqlari va erkinliklarini vaqtincha cheklashga majbur bo’lgan.
Buni ham ko'ring Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo'shilish tomon qadamlar tashlamoqdaUkraina Yevropa Ittifoqiga qo'shilishi uchun Kopengagen mezonlari deb ataladigan standartlarga javob berishi kerak. Bu mezonlarga demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va ozchilik guruhlarni hurmat va himoya qilishni kafolatlaydigan institutlar barqarorligi kiradi.
2022-yil iyun oyida Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilgan. Yevropa komissiyasi "Ukraina demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va ozchilik guruhlarni hurmat va himoya qilishni kafolatlaydigan institutlar barqarorligiga erishish borasida siljishlarga erishdi", deb xulosa berdi.
Shundan so’ng Yevropa mamlakatlari Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo'yicha Kiyev bilan muzokaralarni boshlashga qaror qildi.
Ukraina mustaqillikka erishganidan beri AQSh Kiyevga korrupsiyaga qarshi kurashishda yordam berib keladi. Jumladan, hukumatni isloh qilish, moliyaviy shaffoflik va boshqa antikorrupsion sa’y-harakatlar uchun Kiyevga moliyaviy ko’mak berdi.
Rossiya 2022-yilda mamlakatga bostirib kirganidan keyin USAID Ukrainaga ikki milliard dollar miqdorida gumanitar yordam ajratgan.
Bundan tashqari taraqqiyot loyihalari uchun 2,9 milliard dollar va Ukraina byudjetiga 22 milliard dollar yo’naltirgan. Ushbu mablag’ korrupsiyaga qarshi sa'y-harakatlarni moliyalashtirish va inson huquqlari bilan bog'liq muammolarni hal qilishga ham sarflanadi.
2023-yil sentabr oyida AQSh Ukrainada demokratiya, boshqaruv va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi davlat dasturini amalga oshirish va Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani jadallashtirish uchun zarur bo‘lgan sud-huquq islohotlarini moliyalashtirish uchun 200 million dollardan ortiq yordam ajratdi.