“Adolatli tinchlik va totuvlik uchun dunyoviy birlik” - Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) tinchlik muzokaralarini yo’lga qo’yishga doir shunday shior ostidagi tashabbus bilan chiqmoqda.
Tashabbusga doir bayonot ShHTning 3-4 iyul kunlari Ostonada kutilayotgan sammiti doirasida qabul qilinadi.
Bu tashabbusning Ukraina urushiga, jumladan Xitoy tomonidan shu maqsadda olg’a surilgan tinchlik muloqoti loyihasiga qanchalik aloqadorligi hozircha rasman ma’lum emas.
ShHT bu tashabbus ostida Yaqin Sharq ziddiyatini nazarda tutayotgani ham ehtimol. Tashkilotning aksariyat a’zolari Falastin mustaqilligini qo’llab kelayotgan davlatlardir.
Dunyoda “adolatli tinchlik va totuvlik” o’rnatilishi uchun butun dunyo birlashishga chaqirilayotgan tashabbus ShHT a’zolarining xalqaro hamjamiyatga murojaati, ayni paytda kechayotgan urush va ziddiyatlarni to’xtatishga qaratilgan pozitsiyasini ifodalashi kutilyapti.
Buni ham ko'ring Kreml: Ukraina bo'yicha tinchlik anjumani behuda tadbirBu tashabbusni qo‘llovchi davlatlar qatorida Global janub taqdim etuvchi Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Markaziy Osiyo davlatlari borligi inobatga olinsa, bu Shveysariyadagi tinchlik forumiga javob sifatida ham ko’rinadi.
Shveysariyada o’tgan Ukraina urushi bo’yicha tinchlik muzokarasi Global janubning aksariyat davlatlari tomonidan inkor qilindi.
Ukraina tomonidan tashkillashtirilgan bu forumning asosiy maqsadi aynan janub davlatlari qo’lloviga erishishni maqsad qilayotgan edi.
Ostona sammitida Ukraina bo’yicha Shveysariyadagi tinchlik muloqotida qatnashmagan yoki muzokara deklaratsiyasini imzolamagan davlatlar rahbarlari yig’iladi.
ShHT asoschisi hisoblangan Xitoy Ukraina urushi bo’yicha alohida tinchlik muloqoti loyihasini taqdim etgan. Pekinning tinchlik loyihasi na Ukraina tomonidan ham, G’arb davlatlari tomonidan ham quvvatlanmadi.
Xitoy Ostona sammiti doirasida o’zining tinchlik loyihasini surgan taqdirda, uni aksariyat a’zo davlatlar, jumladan Ukrainaga nisbatan urush olib borayotgan Rossiya ham qo’llashini taxmin qilish mumkin.
Qozog’iston Strategik tadqiqotlar instituti eksperti Aliya Musabekova Xitoy ShHT vositasida xalqaro munosabatlarning yangi, adolatli tizimini taklif etayotgani haqida yozadi:
“Xitoy xalqaro miqyosdagi qudrat sifatida ShHT muvaffaqiyati misolida muloqot uchun hamisha imkoniyat borligini namoyon etmoqda. Diqqatni ziddiyat, konfliktga emas, rivojlanish va hamkorlikka qaratib, barcha tomonlar manfaatdor bo’lgan taraqqiyotga erishish mumkin. Bugun ShHT xalqaro munosabatlardagi yangi model, adolatli tizimning namunasi sifatida xizmat qilmoqda”.
Buni ham ko'ring Putinning Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan shartlariAmmo Ukrainadagi urushni hozirgi chegaralarda to’xtatib, muzokaralarga o’tirish taklif qilinayotgan Xitoy muloqot loyihasini adolatli deyish, xususan hududlari Rossiya tomonidan bosib olingan, rus armiyasiga qarshi urushni davom ettirayotgan Ukraina uchun qiyin.
Ekspertlar Xitoyning global tashabbuslari ShHT a’zolari, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan ham shaksiz qo’llanishiga shubha qilishmaydi.
Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Alisher Hamidovga ko’ra, Xitoy mintaqadagi asosiy qudratga aylangan. Rossiya Ukraina urushi bilan band ekan, Xitoyning o’rni yanada yiriklashgan.
“Avval Rossiya qudrati shaksiz edi, endi Xitoy ham mintaqaning asosiy hamkoriga aylandi. Mintaqa davlatlari bu ikki qudrat bilan hisoblashish zarurligini yaxshi tushunishadi. Qolaversa, G’arb uzoqda, bu ikki qudrat esa mintaqaga qo’shni”, - deydi Hamidov.
ShHT bosh kotibi sammitga tayyorgarlik yuqori saviyada o’tayotgani, Tashqi ishlar vazirliklari doirasidagi uchrashuvda davlat rahbarlari muhokamasiga taqdim etiluvchi masalalar tasdiqlanganini bildirgan.
Ostonadagi sammitda ShHT yana bir a’zo davlat, Belarus hisobiga kengayishi kutilyapti. Avvalida Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan iborat tashkilotga so’nggi yillarda Pokiston, Hindiston, Eron qo‘shildi.
ShHT rasmiy sahifasida tashkilot umumiy hisobda dunyodagi uch milliardga yaqin aholi yashaydigan davlatlardan iborat yirik tuzilma sifatida taqdim qilinadi.