Tolibon AQSh uning odamlarini qo'yib yuborsa, ikki amerikalik mahbusni unga topshirishga tayyor.
Kobuldagi tan olinmagan rahbariyat so'zlovchisi Zabihulla Mujohid bu borada Kobulda bayonot berib, masala yaqinda Qatarda kechgan uchrashuvda muhokama qilinganini aytgan.
“Afg'onistonning shartlari bajarailishi kerak. AQSh va Guantanamoda bizning fuqarolarimiz qamoqda o'tiribdi", - deydi Mujohid.
“Amerikaliklar ularga kerak ekan, bizning odamlarimiz ham bizga kerak".
Muhojid boshqa narsa demagan.
Davlat departamenti ham Dohadagi muzokaralarni tasdiqlagan. Bayden ma'muriyatining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakillari Tomas Uest va Rina Amiriy Tolibon bilan so'zlashgan.
Buni ham ko'ring Dunyo xavfsizlik xizmatlari Markaziy Osiyoga diqqatni kuchaytirgan“Amerika fuqarolari hibsdan shartsiz ozod etilishi kerak. Vakillarimiz shunga urg'u bergan”, - deydi Vedant Patel, Davlat departamenti so'zlovchisi.
Tolibonga ko'ra Afg'oniston hibsxonalarida ayni damda ikki amerikalik bor va ular immigratsion va boshqa qonunlarni buzganlikda gumon qilinib, ushlangan.
Mahbuslardan birining ismi - Rayan Korbett, ikkinchisiniki oshkor etilmagan.
Korbett 2022-yilning avgustida qamoqqa olingan. Oilasi Kongress va Oq uydan yordam so'rab keladi. Qonunchilar uning masalasini ko'targan. Mahbus rafiqasi va uch farzandi bilan telefonlashgani ma'lum.
Nohukumat sektorda, xususan gumanitar tashkilotni yuritgan Korbett va oilasi uzoq yillar Afg'onistonda yashagan. Sog'liqni saqlash va ta'lim yo'nalishlarida ko'maklashgan Korbett Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin ham faoliyatini davom ettirishga uringan.
Mahmud Habibiy degan amerikalik ham Afg'onistonda hibsda ekani aytiladi, lekin toliblar buni tasdiqlamaydi. Habibiy Kobulda al-Qoida terror guruhi lideri Ayman al-Zahohiriy o'ldirilganidan keyin ushlangan. Al-Zahohiriy AQSh droni orqali yo'q qilingan.
2022-yilning 31-iyulida qilingan xuruj, Tolibonga ko'ra, Amerika tomonidan o'zaro kelishuvning buzilishidir.
Vashington esa Tolibon terrorchilarga panoh bermaslikka, ularni biror jihatdan quvvatlamaslikka so'z berganini eslatadi. Al-Zavohiriy, uzoq yillardan beri qidiruvda bo'lgan terrorist, deydi Amerika rasmiylari, Afg'oniston poytaxtidagi hovlida istiqomat qilgan.
Tolibon uni xalqaro hamjamiyat tan olishini istaydi. BMT va uning a'zolari esa toliblardan xotin-qizlarga erkinlik berishni, aholini ezmaslikni, barcha afg'onlarni aks ettiruvchi hukumat tuzilishi uchun yo'l berishni talab qilib keladi.
Kobuldagi rahbarlar esa ayollar ahvoli va jamiki boshqa masalalar "ichki ishlarimiz" va tashqi dunyo aralashmasin, deya qayd etadi.