Bu yil musobaqalarda Ukrainadan juda kam sportchi ishtirok etmoqda. Parijga 26 sport turi bo‘yicha jami 140 nafar ukrainalik bordi. Bu esa har qachongidan oz. Urush Ukraina sportiga katta salbiy ta'sir ko'rsatdi.
Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan ukrainalik sportchi, badmintonchi Polina Buhrovaning aytishicha, urush tufayli ko'plab sportchilar sport bilan shug’ullanish imkoniyatidan mahrum bo’ldi, sportni tashlaganlari ham talaygina.
“Hayot va sport o‘rtasida tanlov qilishga to’g’ri kelsa, albatta, hayotni tanlaysiz”, - deydi Buhrova.
Buhrova xarkovlik. Xarkov mana uchinchi yildirki, hali ham Rossiya kuchlari hujumi ostida. Buhrova mashgʻulotlarni davom ettirish uchun xorijga ketishga majbur boʻlganini aytadi. Uning aytishicha, vatandagi portlashlar hali ham qulog’i tagida yangrab turadi, dilini tirnaydi.
Buni ham ko'ring Ukrainalik bokschi vatan himoyasi uchun Olimpiada orzulari va hayotini qurbon qildiLekin olimpiadadek katta sport tadbirida ishtirok etayotganidan bag’oyat xursand.
“Kuchumizni ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan xursandman. Vatanimizga faxr keltirishga harakat qilaman”, - deydi sportchi.
“Mavsumni muvaffaqiyatli yakunlamoqchimiz, mamlakatimiz uchun qilyapmiz", - deydi yana bir sportchi Olga Xarlan.
Qilichboz Olga Xarlan o'tgan yilgi jahon chempionatida rossiyalik Anna Smirnovaga qarshi kurash olib borgandi. O’yindan so’ng rossiyalik raqibining qo‘lini siqishdan bosh tortgani uchun o’yindan diskvalifikatsiya qilindi. Shunday bo’lsa-da, Xalqaro Olimpiya qo'mitasi Xarlanga Parij yo'llanmasini berdi.
Qilichboz hozir urush tufayli xorijda. Vatandan uzoqda mashq qilmoqda. Oilasini ko’rmaganiga ancha bo’ldi.
"Rossiya tomonidan o'ldirilib, shu kunga yetib kelolmaganlar uchun kurashamiz. Bu ularga va barcha himoyachilarimizga bag'ishlanadi", - deydi Xarlan.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi rossiyalik va belaruslik sportchilarni Parijdagi jamoaviy sport o‘yinlaridan chetlatdi. Yakka tartibda kurashadigan sportchilar esa ikki bosqichli tekshiruvdan o‘tsagina, ishtirok etishi mumkin. Rossiyalik yoki belaruslik sportchilar urushni qo’llab-quvvatlamagan bo’lishi kerak. Harbiy yoki davlat xavfsizlik idoralariga aloqasi bo’lmasligi lozim.
2012-yilgi Yozgi olimpiada oʻyinlarida oʻz jamoasi bilan birga oltin medalni qoʻlga kiritgan ukrainalik eshkak eshuvchi Anastasiya Kojenkovaning aytishicha, Ukrainani urush paytida olimpiadada ishtirok etayotganining o’zi katta yutuq.
"Qishda ko'plab portlashlar bo'ldi, juda qo'rqinchli! Chunki, mashq qilayotgan bo’lsangiz ham, Olimpiya o'yinlarigacha yetib borasizmi-yo’qmi, bilmaysiz axir!", -dedi u.
Buni ham ko'ring Dilshod Xolmatov - Ukraina sharafi uchun kurashayotgan sportchiVatanda hujumlar, elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo’lmay tursa edi, ukrainaliklar musobaqalarni tinch tomosha qila olardi, deydi Kojenkova.
“Xalqimiz uchun ozgina bo’lsa ham yengillik bo‘ladi. Elektr-energiyasi bo'lsa, odamlar xursand bo'lib, sportchilarimizni qo’llab-quvvatlasa, ijobiy his-tuyg'ularni tuyishadi", - deydi sportchi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina sportchilariga murojaat qilib, ularga muvaffaqiyat tiladi. Sportchilarning olimpiadadagi ishtiroki xalqqa urushning og‘ir haqiqatidan bir oz chalg’ishga yordam berishini ta’kidladi.