Yaqinda Rossiya rahbari Vladimir Putin Pablo Gonzalezni kutib olish uchun aeroportga chiqqanda, uning rossiyalik josus ekani, razvedka ma'lumotlarini to'plash uchun jurnalist niqobidan foydalangani to’grisidagi shubhalarni tasdiqlagandek bo'ldi.
So'nggi 2,5 yil davomida Gonzalez Rossiya foydasiga josuslikda ayblanib, Polshada qattiq tartibli qamoqxonada o'tirdi. U yaqinda AQSh va Rossiya o’rtasida bo’lib o’tgan mahkumlar almashinuvi doirasida ozod qilingan jurnanlistlardan biri. Vashington Rossiya qamoqlaridan jami 16 kishining ozod etilishiga erishgan. Kreml esa sakkiz kishinini qamoqdan chiqarib oldi.
“Qasamyodingizga, burchingizga va sizni unutmagan vataningizga sodiq qolganingiz uchun sizga rahmat aytmoqchiman”, - dedi Putin Gonzalez va Moskvaga qaytgan boshqa mahkumlarga, jumladan, Germaniyada qotillikda ayblanib, qamalgan rossiyalik Vadim Krasikovga.
Bu esa Gonzalezning kim ekanligi haqidagi savollarga javob berganday bo’ldi. Ayrimlar Polshaning ayblovlariga shubha bilan qaragan edi. Ammo ayrim rasmiylarga ko’ra, dalillar uning Rossiya Bosh razvedka boshqarmasiga xizmat qilishini ko’rsatgan.
Polsha maxfiy xizmati Gonzalezni jurnalist niqobi ostida josuslik qilganlikda aybladi, lekin dalillar keltirmadi. Gonzalez barcha ayblovlarni rad etdi.
Buni ham ko'ring Tramp mahbuslar almashinuvini Putinning g'alabasi deb atamoqdaIkki fuqaroligi bo’lgan Gonzalez 1982-yilda Moskvada tug'ilgan. Uning oilasi Rossiyaga Ispaniya fuqarolar urushidan keyin boshpana izlab kelib qolgan. Tug’ilganida unga Pavel Rubsov deb ism-sharif berishgan.
To'qqiz yoshida ota-onasi ajrashadi. Onasi bilan Ispaniyaga qaytib ketadi. U yerda u Pablo Gonzalez Yague ismini oladi.
U jurnalistika sohasidan borib, ispan nashrlari “Público”, “La Sexta”, “Gara”, “Basque” nashrlarida ishlagan. 2020-2021-yillarda "Amerika Ovozi" va Ispaniyaning EFE axborot agentligida qisqa muddat frilanser sifatida ham faoliyat ko’rsatdi.
“Amerika Ovozi” suhbatlashgan ispan maxfiy xizmati vakili Gonzalez Rossiya razvedkasi xodimi ekanini da’vo qildi.
Polsha va Britaniyaning MI6 tashqi razvedka xizmati rahbari Richard Mur ham uning josus ekanini aytgan. Polsha Gonzalezni "Yevropada razvedka topshiriqlarini bajarayotganda" hibsga olingan "GRU zobiti" deb ta’rifladi.
Buni ham ko'ring Rossiya qamog’ida saqlanayotgan amerikalik muxbirlarMur 2022-yilgi forumda Gonzalezni "ispan jurnalisti qiyofasidagi" hibsga olingan "noqonuniy shaxs" ekanini aytgan.
Razvedka olamida "noqonuniy" atamasi biror “niqob” ostida faoliyat yurituvchi ayg'oqchilarga aytiladi, ya'ni ular diplomatik immunitetga ega emas.
“Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun u yerga borishga uringan”, - dedi Mur.
Biroq, Gonzalezning advokati Gonsalo Boye “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Gonzalez ayg‘oqchi emasligini va Polsha uni hech qachon ayblamaganini ta’kidladi.
Ispaniya hukumati jamoatchilik ko’z o’ngida Pabloni qo’llab-quvvatlagani bilan aslida zimdan Polsha tomonda bo’ldi, deydi Boye “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“Aslida, biz Ispaniya maxsus xizmatlari polyaklardan foydalangan, deb hisoblaymiz, chunki Pablo birinchi marta 2022-yil oxirida Ukrainada ispan agentlari ishtirokida so‘roq qilingan. Uning josus ekanini aytish uchun xotini va onasining uyiga aynan ispan agentlari borgan”, - deydi Boye.
Boye ayg‘oqchilikda ayblanib, qamoqqa olingan “Wall Street Journal” nashri muxbiri Evan Gershkovichni misol sifatida keltiradi. U ham almashinuv doirasida ozod qilingan jurnalistlardan biri.
“AQShda hech kim Gershkovichni oddiy jurnalist ekaniga shubha qilmadi. Bizningcha, Gershkovich ham, Pablo Gonzalez ham ayg‘oqchi emas, balki shunchaki, yangicha Sovuq urush tuzog‘iga tushib qolgan jurnalistlardir, lekin asl haqiqat hech kimni qiziqtirmadi”, — deydi Boye.
Gershkovich 2023-yil mart oyida hibsga olinganida, AQSh Rossiyaning ayblovlarini rad etdi.
Buni ham ko'ring Gruziyada muxolifatni yoritgan jurnalistlar tahdidga duch kelmoqdaBoye Edvard Snouden va Karles Puchdemontga advokatlik qilgan. Puchdemont Kataloniya mustaqilligi uchun kurashgan yetakchi. Ispaniyada davlat mablag'larini o'g'irlash va suiiste'mol qilishda ayblanib, qidiruvga berilgan. Puchdemont ayblovlarni rad etadi.
Boyening o’zi ham qonuniy javobgarlikka tortilgan. U ETA separatistik harakati bilan bog’liq ishda ishtiroki uchun, shuningdek, Kataloniya mustaqilligi bo'yicha sud jarayonidagi ishtiroki uchun sudlangan.
Gonzalez tarafdorlari uning ozod qilinganini olqishladi.
“U ikki yildan ortiq vaqt davomida Polshada Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, hech qanday dalilsiz ushlab turildi”, — deyiladi Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi bayonotida.
Ispaniya Jurnalistlari Assotsiatsiyasi prezidenti Migel Anxel uning uzoq vaqt davomida oilasidan izolyatsiyada, qamoqxonada ushlab turilgani g‘ayriinsoniy ish bo’lganini ta’kidladi.
Gonzalez 2022-yilning 28-fevralida urush haqida reportaj tayyorlash uchun Polshadan Ukrainaga o’tayotganda hibsga olingan.
Ukraina maxfiy xizmati xodimlari avvalroq uni hibsga olib, Rossiya foydasiga josuslikda ayblashgan. U buni rad etgan.
Advokati Boye avvalroq “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida Gonzalez Donbas hududida Ispaniya gazetalari va televideniyesi uchun reportajlar berib kelganini bildirgan.
Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositasi bo’lmish “Agentstvo” 2023-yilda chop etgan hisobotida Gonzalez Rossiya harbiy maxfiy xizmati agenti bo'lganini yozgan. Hisobotda aytilishicha, u muxolifatlarni aniqlagan.
Yangiliklar sayti Gonzalezning mobil telefonadagi yozishmalar, muxoliflarning kontaktlariga asoslanib, shunday xulosaga kelgan. Saytga ko’ra, u odamlar haqida ma’lumotlar to’plagan, shu jumladan, yaqinda Rossiya-AQSh o’rtasida bo’lib o’tgan almashinuvdan so’ng ozod qilinganlar haqida hisobotlar tayyorlagan.
Bunga javoban Gonzalez nomidan tashviqot olib borgan “Pablo Gonzalezni ozod qiling!” uyushmasi uning aybi isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanishi huquqi buzilayotganini da’vo qildi.
Gonzalezni bilgan varshavalik jurnalistlar uni “Associated Press” agentligiga muomalali odam sifatida ta’riflagan. Yana boshqalar uni qobiliyatli ekaniga urg’u bergan.
Gonzalez "Amerika Ovozi"ga ham qator materiallar tayyorlab bergan.
"Frilanser sifatida u taqdim etgan materiallar ommaviy axborot vositalariga butun dunyo bo'ylab axborot tashkilotlari tomonidan foydalaniladigan uchinchi tomon kompaniyasi orqali yetkazilgan, - deydi “Amerika Ovozi” vakili Emili Vebb. - Amerika Ovozi" ko'plab boshqa axborot tashkilotlari kabi vaqti-vaqti bilan frilanserlardan foydalanadi. U ham ana shunday frelanserlardan biri edi. Unga qarshi ayblovlar haqida eshitganimizdan so’ng, materialini olib tashladik”.
Oilasi Gonzalezning ozod qilinganidan xursand. Rafiqasi va uch bolasi u bilan telefon orqali gaplashgan.
“Moskvaga bormaymiz. Uyga kelishini kutamiz, - deydi jurnalistning rafiqasi. U erining ayg‘oqchi ekanligi haqidagi da‘volarga izoh berishdan bosh tortdi.