AQSh: Rossiya va Xitoy kosmosda mas’uliyatsiz harakat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoy fazoga uchirayotgan raketa

AQShning harbiy va razvedka agentliklari Rossiya hamda Xitoy kosmik qurollarini ishga tushirishga tobora yaqinlashayotgani haqida ogohlantirmoqda. Ularga ko’ra, bu Amerikaning mudofaa qobiliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xavotirni yanada kuchaytirayotgan omil shundaki, deydi rasmiylar, ikki mamlakat AQSh ustidan ustunlikka ega bo‘lish uchun uzoq davom etgan adovatni chetga surishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatmoqda.

“Men ularning aksilkosmik qurol imkoniyatlaridan foydalanishga bo‘lgan istaklari o‘sib borayotganini ta’kidlamoqchiman”, - dedi Harbiy razvedka agentligi direktori general-leytenant Jeff Kruz.

“Rossiya ham, Xitoy ham kosmosdan foydalanishni mojaro boshlanishidan oldingi muhim imkoniyat sifatida ko‘rib chiqmoqda edi. Bu ular uchun muayyan xatti-harakatlarni to'xtatish yoki majburlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi, - dedi Kruz Aspen Xavfsizlik forumida. - Biz shunchaki tayyor turishimiz kerak”.

Kosmik xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar joriy yil boshida kuchaygan edi. O’sha paytda Vakillar palatasining Razvedka qoʻmitasi raisi Mayk Tyorner Rossiyaning yangi yadroviy qurolli sunʼiy yoʻldoshga qarshi qobiliyati bilan bogʻliq “barcha maʼlumotlar”ni oshkor qilishga chaqirdi.

Yaqinda Tyorner AQSh falokat sari “uyqusirab borayotgani” haqida ogohlantirib, Rossiya kosmosda yadro qurolini portlatish arafasida ekanligini, bu esa AQSh armiyasi va iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi mumkinligini aytdi.

Oq uy bir necha bor bu da’voga javob berib, AQSh rasmiylari Rossiya rejalaridan xabardor ekanligini va Moskva hali kosmosda yadroviy qurolini joylashtirmaganini ta'kidladi.

Aynan shu pozitsiyani Kruz ham ehtiyotkorlik bilan tasdiqladi.

Buni ham ko'ring AQShning yangi Arktika strategiyasi Rossiya va Xitoy ta’sirini cheklashga qaratilgan

“Biz deyarli o‘n yildan beri Rossiyaning kosmosga yadroviy qurol joylashtirish niyatini kuzatib kelmoqdamiz, - deydi u. - Ular bu yo‘nalishda o’z niyatlariga yaqin nuqtaga yetdi deb o’ylaymiz”.

Uning so'zlariga ko'ra, ruslar “tezlikni pasaytirish niyatida emas va maqsadga yetmaguncha to’xtamaydi”.

Rossiya va Xitoy rasmiylari AQShning soʻnggi ayblovlari yuzasidan “Amerika Ovozi” savollariga hozircha javob bermadi, biroq har ikki davlat ham AQShning oʻz kosmik siyosatiga nisbatan tanqidini qayta-qayta rad etib kelgan.

May oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Moskvaning kosmosga yadroviy qurollar joylashtirishga urinayotganiga oid AQSh xavotirlarini "soxta yangilik" deb rad etgan edi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi Xitoy va AQSh o‘rtasidagi kosmik munosabatlarda ba’zi “qiyinchiliklar” borligini tan olib, Pekinning kosmosda tajovuzkorlik bilan harakat qilayotganiga oid har qanday taxminlarni rad etdi.

“Xitoy har doim koinotdan tinch maqsadlarda foydalanish tarafdori, kosmosda qurol-yarogʻ joylashtirilishiga yoki koinotda qurollanish poygasiga qarshi chiqadi, shuningdek, insoniyat uchun umumiy kelajakni yaratish yo‘lida faol ishlamoqda”, - dedi matbuot kotibi Liu Pengyu elektron pochta orqali “Amerika Ovozi”ga.

Buni ham ko'ring Rossiya-Shimoliy Koreya shartnomasi yashirin harbiy hamkorlikni yuzaga chiqardi

“Qo'shma Shtatlar Xitoyning kosmosdagi tahdidi haqida cho’pchak to'qib, o'zining harbiy qudratini oshirish va kosmosda gegemonlikka erishishini oqlashga urinmoqda, - deydi Liu. - Bu AQShning Sovuq urush mentalitetiga yopishib olgani va javobgarlikdan qochayotganining yana bir ko'rinishidir”.

Pekinning ommaviy bayonotlariga qaramay, Mudofaa razvedka agentligining vakili Kruz Xitoyning kosmos sohasida tezkorlik bilan o’sib borayotgani xavotirli ekanligini ta'kidladi.

"Ular ilgari bo‘lmagan bir nechta orbitada joylashmoqda”, - dedi u Kolorado shtati Aspen shahridagi tinglovchilarga.

U, shuningdek, Pekin allaqachon yo‘naltirilgan energiya qurollari, elektron urush qobiliyatlari va sun'iy yo‘ldoshga qarshi texnologiyalarga katta mablag‘ kiritgani haqida ham ogohlantirdi.

“Xitoy — hatto AQShdan ham ko‘ra ko‘proq kosmos doktrinasi va kosmos strategiyasiga ega bo‘lgan yagona davlat. Ular kosmosdagi va kosmosga qarshi imkoniyatlaridan foydalanishni misli ko’rilmagan darajada amalga oshira oladi”, - deydi u.

AQSh Kosmik qo‘mondonligi qo‘mondoni Xitoy tahdidini yanada keskinroq tarzda tasvirladi.

“Xitoy, agar shunday deyish mumkin bo'lsa, kosmosda “halokatli tarmoq” qurmoqda”, - dedi general Stiven Uayting.

“So‘nggi olti yil ichida ular orbitadagi kuzatuv va razvedka sun’iy yo‘ldoshlari sonini uch baravarga oshirdi, shu bilan birga, orbitada maxsus AQSh va uning ittifoqchilari kuchlarini butun Hind-Tinch okeani mintaqasida izlash, aniqlash, kuzatish va kerak bo’lsa, ular bilan kurashish uchun yuzlab sun’iy yo‘ldoshlar qurilgan va loyihalashtirilgan”, -dedi u.

Buni ham ko'ring Ekspertlar: Xitoyning kosmosdagi harbiy salohiyati kuchaymoqda

Uayting Xitoy bilan kosmosga oid aniq harbiy muloqotning yo'qligi borasida ham xavotirini bildirdi.

“Ular orbitaga ko‘proq sun’iy yo‘ldoshlar joylashtirar ekan, biz ular bilan kosmosdagi xavfsizlik haqida muloqot qilish yo‘lini topishimiz kerak. Shunda biz samarali faoliyat yuritishimiz va tushunmovchilik yoki noxush holatlar kelib chiqishining oldini olishimiz mumkin”, - dedi u.