Axlat va vayronalar ichida sanitariya va gigiyena talablariga mutlaqo zid sharoitlarda yashayotgan G’azo sektori aholisi, xususan, bolalar orasida poliomiyelit virusi tarqalishi mumkin.
Virus allaqachon bir go’dakda aniqlangan, shubha ostidagi bir necha bolaning analizlari tekshirilmoqda, sektor bo’ylab oltita hududdagi oqova suvlarda virus mavjudligi ma’lum bo’lgan.
Takror va takror yangi hududlarga ko’chib, omonat chodirlarda jon saqlayotgan G’azo aholisi poliomiyelitga qarshi emlanishi shart, deydi ekspertlar.
Your browser doesn’t support HTML5
Gumanitar guruhlar yaqin haftalarda 600 mingdan ziyod g’azolik bolalarni emlash payida. Biroq bu missiya Isroil hujumlari pauzasisiz amalga oshishi o’ta mushkul.
Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti va UNICEFning qo’shma bayonotiga ko’ra, G’azoda ommaviy emlash ishlari uchun kamida yetti kunlik otashkesim talab etiladi. XAMAS bu tashabbusni qo’llab-quvvatlaydi. Biroq Isroil bilan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.
Yuz minglab aholi suvsiz, oziq-ovqat va dori-darmonsiz zich lagerlarda kun kechirar ekan, BMT sektorga 1,6 million doza vaksina yetkazishni maqsad qilgan.
Poliomiyelit yuqumli, asosan bolalar orasida xavfli, oyoqlarni falaj qilishi, hatto o’lim bilan yakun topishi mumkin.
“Mercy Corps” gumanitar tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, sektorda urush boshlanganidan buyon 50 mingga yaqin go’dak dunyoga kelgan. Ularning birortasi ham emlanmagan.