Ularni “noqonuniy ishchilar” deb atashadi. Ular, odatda, oddiy ishlar niqobi ostida josuslik qilishadi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin o'nlab diplomatlar G'arb davlatlaridan chiqarib yuborildi va hukumat o'zining ko'plab josuslik aktivlarini yo'qotdi. Shu sababli Rossiya endi ko’proq oddiy fuqaro ko’rinishidagi shaxslardan josuslik maqsadlari yo’lida foydalanmoqda.
Rossiya razvedkasi bo'yicha mutaxassislar “Amerika Ovozi”ga buning “noqonuniy josuslar renessansi” ekanligini, hozirgi operatsiyalarning 90 foizi aynan mana shu soya ostidagi shaxslar tomonidan amalga oshirilayotganini aytdi.
1-avgust kuni amerikalik jurnalistlar va rossiyalik huquq himoyachilari o’rniga qotil va josuslarni ayirboshlash jarayoni ushbu "noqonuniy josuslar"ning qanday ishlashini ochib berdi.
Bunday josuslar Moskva uchun qiziq bo’lgan voqealar va odamlar bilan aloqaga kirish imkoniga ega oddiy ishlarda ishlash orqali o’zlarining asl qiyofalarini yashirishga muvaffaq bo’ladi. Rossiya bilan almashtirilgan mahbuslar orasida san’at bo’yicha mutaxassis va mustaqil jurnalist bo’lib ishlaganlar bor.
Prezident Vladimir Putin Moskvada kutib olgan shaxslar orasida o'zini argentinalik sifatida ko'rsatgan va Sloveniyada texnologik startap va galereyani boshqargan rossiyalik er-xotin Artyom va Anna Dultsev, shuningdek, Pavel Rubsov nomi bilan tanilgan ispan-rossiyalik mustaqil jurnalist Pablo Gonsales bor edi.
Buni ham ko'ring Rossiyaga qaytarilgan jurnalist haqiqatan ham Moskva ayg’oqchisimi?Tashqaridan qaraganda, Gonsales Sharqiy Yevropa va Kavkaz bo‘yicha “DW” va “Amerika Ovozi” kabi ommaviy axborot vositalari uchun jurnalist sifatida ishlagan. Ammo aslida, Britaniyaning “MI6” maxfiy xizmati rahbarining so’zlariga ko‘ra, u Rossiya muxolifat guruhlari haqida ma'lumot to‘plab, Moskvaning to‘liq hajmdagi bosqinidan oldin Ukrainani beqarorlashtirishga harakat qilgan.
Polsha hukumati Gonsalesni 2022-yil fevral oyida hibsga oldi. 1-avgustga qadar u Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, qattiq tartibli qamoqxonada saqlangan. Ammo u bu ayblovlarni rad etgan.
Ommaviy axborot vositalari kuzatuvchilari Polshada Gonsales saqlangan sharoitlarni qoralashgan edi, ammo almashinuvdan keyin uni Putinning o’zi kutib olgani tushirilgan tasvirlar uning asosiy roli jurnalistika emas, balki josuslik bo‘lganini tasdiqlagandek bo’ldi.
Rossiyaga bog’liqlik
Rus va ispan tillarida mukammal so‘zlay oladigan Gonsales Barselona universitetida slavyanshunoslik bo‘yicha tahsil olgach, jurnalistika sohasida martaba qozondi. U G‘arbda yangi hayot boshlaganiga qaramay, o’zi tug‘ilib o‘sgan mamlakatiga nisbatan xayrixohlikni saqlab qoldi.
Rossiya razvedkasi bilan tanish bo‘lgan, ismi sir qolishini so‘ragan manbaning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Gonsales Ispaniyaning Basklar yurtida o‘sgan, bu yerda mintaqaviy mustaqillik harakatiga hamdardlik odatiy hol va chap qanot doiralarda Putinni qo‘llab-quvvatlash keng tarqalgan.
U bilan uchrashganlarning ko'pchiligi uning rossiyaparast qarashlariga shubha qilmaganligini aytadi. Uning rus razvedkasi uchun yashirincha ishlayotganiga juda kam odam shubha qilgan.
“Tarixan chet elga safar qilish juda qiyin bo‘lgan. Bu josuslar sayohat qilishlari, yashashlari, hukumatlarga, bizneslarga qo‘shilishlari mumkin”, - dedi Londonda joylashgan mudofaaga oid Qirollik Qo‘shma xizmatlari instituti ilmiy xodimi Aleksandr Danilyuk.
“Ba'zi odamlar noqonuniy josuslarning muhimligiga hali ham ishonmaydi, lekin ular Rossiya razvedkasi barcha faoliyatining 90 foizini tashkil etadi”, - deydi u.
Buni ham ko'ring Razvedka: Shimoliy Koreya josuslari jurnalistlar nomidan ma'lumot to'plamoqdaDanilyukning aytishicha, ularning afzalligi shundaki, Kremlga xayrixoh bo'lgan millionlab rossiyaliklar va chet el fuqarolari shubha uyg'otmasdan erkin sayohat qilishlari mumkin.
“Ular Kremniy vodiysiga sayohat qilib, sirlarni o‘g‘irlashlari va g‘arbliklarni yollashlari mumkin. Buning uchun maxsus elchilar shart emas, - deydi u. - Diplomatlar ba'zi aniq vazifalar uchun kerak xolos, lekin boshqa operatsiyalar uchun noqonuniy josuslardan foydalaniladi va ularning ustidan nazorat qiluvchi josus boshliqlari bo‘ladi”.
Danilyukning aytishicha, noqonuniy josuslarning maqsadlaridan biri radikal norozilik guruhlari yoki muxolifat tashkilotlariga kirib, G‘arb dunyosiga ta'sir o‘tkazishdir.
2016-yilda Gonzalez 2015-yilda o‘ldirilgan rossiyalik muxolifat siyosatchisi nomi bilan atalgan Boris Nemsov fondi rahbarlari bilan aloqaga kirib, guruhning asosiy a'zolari bilan yaqinlashgan edi.
Nemsovning qizi va fond asoschilaridan biri Janna Nemsova Gonsalesning nishoniga aylanganini aytdi.
“Men 2023-yilning may oyida ish materiallari bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng, Pablo Gonsales/Pavel Rubsov haqida “Agentlik”ka birinchi bo‘lib xabar berganman”, - deb yozadi u 27-avgust kuni “X” ijtimoiy tarmog‘ida.
“Agentlik” - Rossiyaning mustaqil ommaviy axborot vositasi.
“Agentlik” ma'lumotlariga ko'ra, Gonsales Nemsova va jamg'arma bilan aloqalari haqida batafsil hisobotlarni to'plagan.
Josuslik operatsiyalari
Ispaniyaning “El Periodico” gazetasi muxbiri Mark Marginedasning aytishicha, Ukrainaga bosqindan keyin Rossiya diplomatlari chiqarib yuborilgan, ammo Rossiya razvedka xizmati kichik bir armiya kabidir.
“Rossiyada razvedka xizmatlarining turli bo‘limlarida o‘n minglab odamlar ishlaydi. Agar doimiy ishlamaydiganlar ham qo‘shilsa, ayrim manbalar bu raqamni yuz minggacha yetkazadi”, - dedi sobiq Sovet davlatlari va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis Marginedas.
“Rossiya elchixonalari va davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari xodimlari ham, ehtimol, qandaydir razvedka faoliyatida ishlashga majbur qilinadi”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Marginedasning aytishicha, “noqonuniy josuslar” hozirda Moskva josuslik operatsiyasining asosiy qismi hisoblanadi.
“Rossiya diplomatik himoyadan foydalanmaydigan “noqonuniy” agentlarga katta sarmoya kiritgan”, - deydi u.
“Hukumat ularni aniqlash qiyin bo’lgan shaxsiy hujjatlar bilan ta’minlaydi. Chet elliklarga fuqarolik berishda juda qattiq nazorat va qoidalarga ega bo‘lmagan Lotin Amerikasi davlatlari bu maqsadda juda qo‘l keladi”, - deydi ekspert.
Your browser doesn’t support HTML5
Marginedasning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga to‘liq hajmdagi bosqini butun dunyo bo‘ylab elchixonalardan ko‘plab rossiyalik josuslarning chiqarib yuborilishiga olib keldi. Putin avgust oyida mahbuslarni almashtirish doirasida agentlarni Moskva aeroportida kutib olishi esa, ularga aniq bir xabarning yetkazilishi edi.
“Putin odamlarni Moskva aeroportida tantanali ravishda kutib olib, ularga ish va medallar va'da qilish orqali boshqa josuslarga Rossiya davlati o‘z josuslarini tashlab qo‘ymasligini ko’rsatmoqchi bo’ldi”, - dedi Marginedas.
“Ukrainadagi urush va G‘arb davlatlaridan Rossiya diplomatlarining ommaviy chiqarib yuborilishidan so‘ng, uning imkoniyatlari jiddiy ravishda zaiflashdi”, - dedi Marginedas.
Gonsalesni tanigan jurnalistning aytishicha, uning haqiqiy shaxsi aniqlanganda, u hayratda qolgan.
Ispaniyaning “El Mundo” gazetasida ishlaydigan Xaviyer Kolas Gonsalesni 2014-yilda Ukrainada uchrashganidan beri taniydi.
“U o‘zini jurnalist qilib ko‘rsatadiganlardan emas edi. U haqiqiy jurnalist edi. U reportajlar tayyorlardi, sayohat qilardi va nima haqida gapirayotganini aniq bilardi, - dedi Kolas. U o‘zini Ukraina va boshqa postsovet respublikalari bo‘yicha mutaxassis sifatida ko‘rsatardi va o‘z ishini juda yaxshi bilardi”.
Shu yil boshida Rossiya tomonidan chiqarib yuborilgan Kolasning aytishicha, Gonsales Ukraina va Yevropa Ittifoqiga qarshi “rossiyaparast” dalillarni qo'llab-quvvatlagan va Rossiya hukumat tomonidan qamoqqa olingan marhum muxolifatchi Aleksey Navalniyga yaxshi munosabatda bo'lganini aytgan.
Navalniy fevral oyida Arktikadagi koloniyada vafot etgan.
“Gonsalesning fikrlari juda rossiyaparast edi. Lekin u ahmoq yosh radikal jurnalist emas edi. U nima haqida gapirayotganini bilar edi, ammo uning dalillari mantiqiy emas edi”, - deb eslaydi Kolas.
Gonsales asosan “Bask Gara” kabi mintaqaviy gazetalarda ishlagan, unda har doim Ukraina va Suriyaning barcha burchaklariga sayohat qilish imkoniyati bo’lgan”, - deydi u.
Gonsales Ispaniyaning “Publico”, “La Sexta” va “Gara” nashrlarida ishlagan. Shuningdek, u 2020- va 2021-yillarda “Amerika Ovozi”, “Deutsche Welle” va “EFE” davlat teleradiokompaniyalarida mustaqil jurnalist sifatida ham ishlagan.
“Amerika Ovozi” Gonzalesni uchinchi tomon mustaqil media platformasi orqali ishga olgan edi. Polshada uning hibsga olingani haqida xabar topgach, teleradiokompaniya uning kontentini olib tashladi.
“Deutsche Welle” holatga hech qanday javob bermadi. Ammo “EFE” prezidenti Migel Anxel Oliver “Amerika Ovoziga” shunday dedi:
“Biz hech qanday izoh bermadik. Gonzales EFE uchun ikki yildan ortiq vaqt oldin ishlagan. Bu qisqa hamkorlik bo‘lib, asosan Ukraina urushi boshidagi fotosuratlar bilan bog’liq edi”.
Buni ham ko'ring Edvard Snouden Rossiya fuqaroligini olmoqchiKolasning aytishicha, u Gonzalesni “Basklar yurtidagi boy oiladan” chiqqan deb o‘ylagan. Gonzales rossiyalik qotil va boshqa josuslar bilan samolyotdan tushib kelganida esa hayratdan lol qolgan.
“Men bir muncha vaqt ispan razvedka xizmatlari uni josus deb hisoblashini bilardim. Lekin bu men uchun baribir qattiq zarba bo'ldi”, - deydi u.
Razvedka xizmatlari
Uchta turli razvedka xizmati Gonzalesning aslida qaysi davlatga sodiqligi borasida shubha qilmagan, ammo uning hamkasblari va ko'plab tengdoshlari bu haqda bexabar bo'lgan.
Ispaniya maxsus xizmatlari “Amerika Ovozi” muxbiriga uning rossiyalik josus ekaniga ishonishlarini ma’lum qilgan. Polsha xavfsizlik xizmatlari esa Gonzalesning mahbuslarni almashtirish dasturiga Qo'shma Shtatlar bilan “umumiy xavfsizlik masalalari” sabab kiritilganini ma'lum qildi.
Ular o‘z bayonotida: “2022-yilda Polshada hibsga olingan GRU zobiti Pavel Rubsov Yevropada razvedka missiyalarini amalga oshirgan”, - deb ma’lumot berdi.
Britaniyaning “MI6” tashqi razvedka xizmati rahbari Richard Mur 2022-yilgi Aspen xavfsizlik forumida Gonsales Polshada “o‘zini ispan jurnalisti sifatida namoyon qilgani” uchun hibsga olingan “noqonuniy muhojir” ekanligini aytdi.
“U Ukrainaga ularni beqarorlashtirish harakatlarida ishtirok etish uchun ketmoqchi edi”, - dedi Mur.
Gonsalesning o’zi har doim Rossiya josusi ekanligi rad etib kelgan.
Uning advokati Gonsalo Boye “Wall Street Journal” nashri muxbiri Evan Gershkovichning ishini eslatib o‘tdi; u Rossiya tomonidan josuslikda yolg‘on ayblovlar bilan hibsga olingan va keyinchalik asirlar almashinuvi doirasida ozod qilingan edi. AQSh Prezidenti Jo Bayden uni shaxsan kutib oldi.
“AQShda hech kim Gershkovichning oddiy jurnalist ekanligiga shubha qilmagan. Bizningcha, na Gershkovich, na Pablo Gonzales josus emas, balki jurnalistlardir. Ular yangi turdagi sovuq urushga tushib qolishgan, bu yerda haqiqatning ahamiyati kam”, - dedi u “Amerika Ovozi”ga.
Boyer, shuningdek, Edvard Snouden va Kataloniya mustaqillik harakatining sobiq rahbari Karles Puchdemontning advokati bo'lib ishlagan. Puchdemont Ispaniyada davlat mablag'larini o'g'irlash va suiiste'mol qilishda ayblanib, qidiruvda bo'lgan.
Gonzales hozirda Rossiyada yashamoqda, ammo uning rafiqasi Goiriena hali ham juftlikning uch farzandi bilan Ispaniyaning Basklar yurtida yashaydi. U “Amerika Ovozi”ga har kuni ijtimoiy tarmoqlar yoki telefon orqali turmush o‘rtog‘i bilan aloqada bo‘lib turishini aytdi.
“Hozircha uning Rossiyadan qaytishi haqida hech qanday xabar yo‘q, - dedi u. - O‘ylaymanki, u boshidan kechirgan barcha voqealardan keyin o’zini tiklashi kerak”.
Rossiyaning bosqinidan oldin Varshavada yashagan paytida Gonzalesning Magdalena Xodovnik ismli qiz do‘sti bo‘lgan, uning ismi mahalliy ommaviy axborot vositalarida tilga olingan. Qiz Gonsalesga josuslikda yordam berganlikda gumon qilinib Polsha hukumati tomonidan tergov qilinmoqda, biroq u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni inkor etgan.
Yevropaning bir qancha nashrlarida ishlagan Xodovnik “Amerika Ovozi”ga Gonsales haqidagi savolga izoh berishdan bosh tortdi.