Yevropa parlamenti koʻpchilik ovoz bilan favqulodda rezolyutsiya qabul qilib, Xitoy hukumatining uygʻurlarga nisbatan taʼqibini qoraladi va Xitoyni hibsga olinganlarni, jumladan uygʻur iqtisodchisi Ilhom Toʻxti va shifokor Gulshan Abbosni zudlik bilan va soʻzsiz ozod qilishga chaqirdi.
540 yoqlovchi, 23 qarshi va 47 betaraf ovoz bilan qabul qilingan rezolyutsiyada Xitoyning “qattiq kuzatuv, majburiy mehnat, sterilizatsiya, tug‘ilishning oldini olish choralari va uyg‘urlarni yo‘q qilish kabi tazyiq siyosati keskin qoralanadi.
Yevroparlament rezolyutsiyasida ikki nufuzli uyg’urning ishiga alohida e’tibor qaratilgan. 54 yoshli iqtisodchi Ilhom To‘xti 2014-yilda “separatizm”da ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. To'xti uzoq vaqtdan beri uyg'urlar va xan xitoylari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish uchun ishlagan va mo''tadil ziyoli hisoblangan. 2019-yilda Yevropa parlamenti uni inson huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlari uchun Saxarov mukofoti bilan taqdirlagan.
62 yoshli nafaqadagi shifokor Gulshan Abbos 2018-yilda hibsga olingan va terrorizmga aloqadorlikda ayblanib, 20 yilga qamalgan. Abbosning singlisi Rushan Abbos AQShdagi uyg‘ur huquq faoli.
Gulshan Abbosning qizi Ziba Murat “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro xizmatlar” notijorat tashkilotiga shunday dedi:
“Mening onam o‘z hayotini boshqalarga yordam berishga va hayotni saqlab qolishga bag‘ishlagan tibbiyot mutaxassisi bo‘lgan. Unga qo'yilgan ayblovlar bema'ni va asossizdir, chunki uning AQShdagi oilasi Xitoy hukumatining uyg'urlarga nisbatan adolatsizligiga qarshi chiqqani uchun qarindoshini jazolash va transmilliy repressiyaning yaqqol misolidir".
“Uygʻur genotsidini toʻxtatish” guruhi ijrochi direktori Rahima Mahmut “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Yevropa parlamenti qarorini olqishladi.
“Menimcha, ayniqsa, bu yil Ilhom To‘xti hibsga olinganining 10 yilligi munosabati bilan, keyin esa minglab ziyolilar, tilshunoslar, san’atkorlar, olimlar, din peshvolari va ko‘plab noqonuniy qamoqqa tashlangan, uzoq muddatli qamoq jazosini o‘taganlar uchun muhim. Ularning barchasi begunoh odamlardir, hatto Xitoy konstitutsiyasiga ko'ra ham ular hech qanday jinoyat sodir qilmagan”, - dedi u.
Buni ham ko'ring Uyg'ur olimi Ilhom To'xti qamalganiga 10 yil bo'ldiInson huquqlari boʻyicha xalqaro xizmat tashkiloti vakili Rafael Viana Devidning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “hukumatlar va BMT ekspertlari Pekinga ochiq, kelishilgan va barqaror bosim oʻtkazsa, devor oxir-oqibat yorilishi haqida inkor etib boʻlmas dalillar bor”.
“Yevropa Ittifoqi va davlatlar, ayniqsa Buyuk Britaniya kabi demokratik davlatlar millionlab odamlarni noqonuniy hibsga olgani, majburiy mehnatga jalb qilgani uchun Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritishlari kerak. Bu endi yangilik emas”, - deydi Rahima Mahmut.
"Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya hukumati uyg'urlar, tibetliklar va gonkongliklarga haqiqatan ham o'z yordamlarini ko'rsatish uchun qila oladigan juda ko'p narsalar mavjud. Biz bu rejim ostida juda uzoq vaqt azob chekyapmiz”, - deya qo'shimcha qildi u.
Argentinadagi uyg‘urlar bilan bog‘liq universal yurisdiksiya ishida ishtirok etayotgan huquqshunos Maykl Polakka ko’ra, Yevropa parlamentining 610 nafar a’zosidan besh yuz qirq nafari uyg‘ur xalqiga qilingan repressiyalarni tan olish uchun ovoz bergani muhim voqea.
“Bu, menimcha, insoniyatga qarshi jinoyat va genotsidga uchragan uyg'ur xalqi bilan sodir bo'layotgan narsalarni e’tirof etgan dunyodagi eng katta parlamentdir," -deya qo’shimcha qildi u.
Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi yillarda xalqaro hamjamiyat e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Bir qator G‘arb davlatlari va inson huquqlari tashkilotlari Xitoyni Shinjonda “qayta tarbiyalash lagerlari”ni tashkil etishda, uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarni ommaviy qamoqda saqlashda aybladi. “Human Rights Watch” tashkilotining xabar berishicha, 2017-yildan beri yuz minglab uyg‘urlar “qayta tarbiyalash lagerlari” deb ataladigan hibsxonalarda majburan saqlangan. Avstraliya Strategik siyosat instituti sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar tahlili orqali Shinjonda ko‘plab hibsxonalar mavjudligini aniqladi.
Buni ham ko'ring Xitoy Shinjon bo'yicha BMT e'tirozlarini tinglashga tayyormi?Xitoy hukumati bu ayblovlarni qat'iyan rad etadi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining bir necha bor ta’kidlashicha, Shinjondagi chora-tadbirlar terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga hamda mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan.
Xitoy hukumati Yevroparlament qaroriga hali rasman javob bermadi.