Xitoy Jahon Uyg'ur kongressi yig'inini to'xtatishga urinmoqda

Xitoy hukumatining uyg’urlarga qarshi tazyiqlari davom etayotgan bir paytda Jahon Uyg‘ur Kongressi Bosh assambleyasi shu hafta o’z yig’inini boshlamoqda.

Tashkilotning bu yil Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahrida boʻlib oʻtadigan sakkizinchi umumiy yigʻilishi oldidan, guruh faollarining aytishicha, Pekin bu tadbirni izdan chiqarishga va hatto bekor qilishga urinmoqda. Ta'qiblar orasida jismoniy zarar yetkazish, hibsga olish va sabotaj qilish tahdidi ham bor.

Uyg'urlarning huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar uzoq vaqtdan beri Xitoy hukumati tomonidan ta'qiblarga uchrab keladi. Ammo so'nggi tahdidlar yanada keskin tus oldi, deydi Jahon Uyg’ur Kongressi matbuot kotibi va global himoya bo’yicha direktori Zumretay Arkin.

“Bu safar u boshqa darajaga yetdi, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Jahon uyg'ur qurultoyi bizning harakatimizdagi, diasporamizdagi eng muhim tashkilotlardan biri va ular uni butunlay yo'q qilmoqchi".

Masalan, tashkilot xodimlaridan birining elektron pochta akkaunti buzilgan, deya qo’shimcha qildi Arkin.

Noma'lum xakerlar tashkilot delegatlari va nomzodlariga, shuningdek, xorijiy qonunchilarga umumiy yig'ilish qoldirildi, degan yolg'on da'vo bilan elektron pochta xabarlarini yuborgan.

Buni ham ko'ring Yevropa parlamenti Xitoyning uyg'urlar siyosatini keskin qoraladi

Jahon Uyg’ur tashkiloti har uch yilda bir marta o'zining umumiy yig'ilishini o'tkazadi. Bu assambleyada tashkilot oʻz rahbariyatini saylaydi va uygʻurlar koʻp yashaydigan Xitoyning Shinjon mintaqasida inson huquqlari poymol etilishiga javoban strategik ustuvor vazifalarni belgilab oladi.

“Biz nafaqat uyg’ur xalqining inson huquqlarini, balki uyg’urlarning o’z taqdirini o’zi belgilashini ham himoya qilamiz. Va bu Xitoy hukumati uchun tahdid hisoblanadi ”, - dedi tashkilotning navbatdagi vitse-prezidenti bo'lish uchun kurashayotgan Arkin.

Germaniyada joylashgan tashkilot Xitoy tomonidan kuchaygan yangi ta'qiblarni qoraladi.

"Bu uyg'ur jamiyatini qo'rqitish va ularning ovozini o'chirish uchun ochiq harakat", - deyiladi tashkilot e’lon qilgan bayonotda.

Xitoyning Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevodagi elchixonasi umumiy yig'ilishni butunlay bekor qilish uchun bosim o'tkazib, mahalliy hokimiyatni tashkilot sobiq prezidenti, Germaniya fuqarosi Dolkun Isani hibsga olishga chaqirdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi va Sarayevodagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning izoh talab qilgan elektron xatlariga javob bermadi.

Xitoy hukumati, shuningdek, Avstraliya, Germaniya, Irlandiya va Turkiya kabi davlatlardan kelgan delegatlarni ham bevosita nishonga oldi, dedi Arkin.

Arkinning so'zlariga ko'ra, bu hukumatlar delegatlarni yig'ilishda qatnashmaslikka undab, jumladan, Shinjonda bo'lgan oila a'zolariga tahdid qilish orqali bosim o'tkazgan.

Oʻzbekiston hukumati ham Oʻzbekistonda yashovchi tashkilot delegatlarini umumiy assambleyada qatnashmaslik uchun bosim oʻtkazgan, deydi Arkin.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ning izoh so‘rab qilgan murojaatiga javob bermadi.

Buni ham ko'ring Uyg'ur olimi Ilhom To'xti qamalganiga 10 yil bo'ldi

Stenforddan tashrif buyurgan olim va “Human Rights Watch”ning Xitoy bo’yicha sobiq direktori Sofi Richardsonga ko'ra, Pekin uzoq vaqtdan beri dunyo bo'ylab uyg'ur huquqlarini himoya qilish guruhlari va faollarini nishonga olib, tanqidlarni o'chirishga harakat qilmoqda.

Xitoy hukumati huquq tashkilotlari va koʻplab Gʻarb hukumatlari tomonidan Shinjon shimoli-gʻarbiy mintaqasida uygʻurlarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda. Pekin bunday qonunbuzarliklarni rad etadi.

Richardsonning so'zlariga ko'ra, Xitoy hukumati transmilliy repressiyalarni amalga oshirishda shunchalik shafqatsiz bo'lishining sabablaridan biri shundaki, Pekin uzoq vaqtdan buyon bu harakatlari uchun hech qanday jazo va javobgarlik bilan yuzlashmagan.

"Ular buni o'nlab yillar davomida qilmoqda va so'nggi o'n yil ichida sezilarli darajada tezlashtirdi va buning uchun badal to'lashlari shart emas", - dedi Richardson.