Prezidentlik sayloviga sanoqli kunlar qolar ekan, AQSh kiberxavfsizlik agentligi rahbari saylov bo‘yicha tarqatilgan noto‘g‘ri ma'lumotlar ovozlar natijasiga ta’sir ko’rsata olmasligini ta’kidladi.
AQSh Kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish agentligi direktori Jen Isterlining aytishicha, shtat va mahalliy saylov rasmiylari ovoz berish, ovozlarni sanash va boshqa saylov infratuzilmasini himoya qilishda juda katta yutuqlarga erishgan va bugun tizim avvalgidan ko‘ra ancha mustahkam. Shu sababli Rossiya, Eron yoki boshqa biror xorijiy kuchlar saylov natijalarini o‘zgartira olmaydi, dedi u.
“Yovuz niyatli shaxslar, hatto urinishgan taqdirda ham, saylov natijalariga ta'sir ko‘rsata olmaydi”, - dedi Isterli “Associated Press”ga bergan intervyusida.
Isterlining saylov jarayoniga bo‘lgan ishonchi haqidagi gaplar razvedka xodimlarining xorijiy dushmanlar tomonidan “saylovchilarga ta'sir qilish, partiyalararo bo‘linishni kuchaytirish va AQSh saylovlariga ishonchni zaiflashtirish”ga qaratilgan harakatlar kuchayib borayotgani haqidagi xavotirlari fonida yangramoqda.
2020-yilda sobiq prezident Donald Tramp o’z mag‘lubiyatini qabul qilishdan bosh tortgan edi va hozirgacha ovozlar soxtalashtirilganini aytib keladi. U agar noyabrda yana yutqazsa, saylov natijalari soxtalashtirilganini da'vo qilish uchun o’ziga zamin tayyorlayotgan bo’lishi mumkin, deydi ba’zi kuzatuvchilar.
Isterli 40 daqiqalik intervyu davomida saylov bilan bog'liq bir qator masalalarni, jumladan, dezinformatsiya, ijtimoiy tarmoqlar kompaniyalari bilan hamkorlik va saylov xodimlariga doimiy tahdidlar mavzularini muhokama qildi. Intervyu pochta orqali byulletenlar yuborilayotgani va ba'zi shtatlar erta ovoz berishni boshlagan paytda bo‘lib o‘tdi.
Buni ham ko'ring Xitoy AQSh saylovchilari orasida ishonchsizlik urug'ini sochishga urinmoqdaKo‘plab amerikaliklarning saylovlarga bo‘lgan ishonchi yaxshi tarafga o’zgarganini tan olar ekan, Isterli, saylov rasmiylari favqulodda vaziyatlar, oddiy xatolar va hujumlarni bartaraf etishga tayyorligini va amerikaliklarning ovozlarini himoya qilishga shay ekanliklarini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda saylov rasmiylari mamlakatning saylov tizimlari atrofida kiberxavfsizlik himoyasini kuchaytirish ustida ishladi. Bu jarayon kirishni nazorat qilishdan tortib, imkoniy bo‘shliqlarni aniqlash uchun muntazam sinovlarga qadar bo‘lgan tartiblarni o‘z ichiga oladi. Rasmiylar, shuningdek, har bir saylov oldidan saylov uskunalarini tekshirib, ularning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi.
Isterli xavfsizlik va shaffoflik darajasi sifatida 97 foizdan ortiq saylov yurisdiksiyalarida ovozlarning qog‘oz nusxalari ham mavjudligiga ishora qilib, bu natijalarni tasdiqlashga yordam beradigan himoya choralari ekanligini aytdi.
“Turli holatlar bo’lishi mumkin. Yana bo’ron bo’lishi mumkin, yoki tizim kiberxavfsizligiga virusli hujum bo’lishi mumkin, - dedi u. - Bu hujumlarning ma’lum oqibati bo’ladi, albatta. Lekin ular ovoz berish imkoniyati va ovozlarning sanalishiga ta’sir qilmaydi”.
So'nggi oylarda AQSh rasmiylari jinoiy ayblovlar, sanksiyalar va ommaviy ogohlantirishlar orqali chet ellik dushmanlar Oq uy uchun kurashda saylovchilarga ta'sir o'tkazish sa'y-harakatlarini kuchaytirayotgani haqida ogohlantirib keldi.
Bayden ma'muriyati yaqinda Kreml tomonidan boshqariladigan yigirmadan ortiq soxta veb-saytlarni musodara qildi va Rossiyaning ikki davlat ommaviy axborot vositalari xodimini o'ng qanot ta’sir guruhini yashirin ravishda moliyalashtirish sxemasida aybladi. Shuningdek, eronlik 3 ta operativ xodim Donald Trampning saylov kampaniyasi tizimiga hujum qilishda ayblandi.
Razvedka agentliklari va texnologik kompaniyalar Rossiya va Eron vakillarining soxta veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi profillar orqali noto‘g‘ri ma'lumot tarqatish, bo‘linishni kuchaytirish va amerikalik saylovchilarga ta'sir o‘tkazishga urinayotganini kuzatib kelmoqda.
Eron va Rossiya oldingi AQSh saylovlariga onlayn dezinformatsiya va xakerlik orqali ta'sir qilishga harakat qilgan. Isterlining ta'kidlashicha, Xitoy ham 2024-yilgi saylovga ta'sir ko‘rsatishga urinmoqda.
Isterlining aytishicha, uning agentligi ta’sir ko‘rsatish kampaniyalaridan tashqari saylov tizimlariga qaratilgan hech qanday faoliyatni aniqlamagan.
Buni ham ko'ring Hisobot: AQShda matbuot erkinligi jiddiy bosim ostida“Biz haqiqiy saylov infratuzilmasi yoki jarayonlariga aralashish uchun mo‘ljallangan aniq kiberfaoliyatni ko‘rganimiz yo‘q”, - dedi u.
Saylov haqida noto‘g‘ri ma'lumotlarning tarqalishi katta muammoga aylandi. Uning oqibatlaridan biri — Isterli ta'kidlaganidek, har ikkala partiya saylov rasmiylari va ba'zi hollarda ularning oilalariga qarshi jismoniy tahdidlarning tashvishli darajada ortib borishi bo‘lib, bu ko‘pincha 2020-yilgi saylovga oid soxta da'volarga asoslangan. Isterli buni demokratiya uchun “zararli” deb atab, unga qarshi jamoatchilik bilan birga kurashish kerakligini aytdi.
“Ular saylov rasmiylari, anonim byurokratlar emas, - dedi Isterli. - Biz ularni jamiyatimizda har kuni ko’ramiz. Ular buni pul uchun qilmaydi. Ular buni shuhrat uchun ham qilmayapti. Ular buni demokratiya jarayoniga ishonishgani uchun qilmoqda”.
Ko‘plab shtat kotiblari va ba'zi yirik mahalliy saylov idoralari noto‘g‘ri ma'lumotlarga qarshi kurashish uchun maxsus sa'y-harakatlar olib bormoqda.
AQSh Senatining Razvedka qoʻmitasiga raislik qiluvchi Virjiniya shtatidan demokrat senator Mark Uorner oʻtgan hafta Isterliga maktub yoʻllab, agentlikni saylov haqidagi noto‘g‘ri va yolg‘on ma'lumotlarga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rishga, shu jumladan, ijtimoiy media platformalari bilan hamkorlikda yolg‘on da'volarga qarshi kurashishga chaqirdi.
Intervyu davomida Isterli “juda murakkab va chalkash axborot muhiti” mavjudligini tan oldi va uning agentligi saylov rasmiylari bilan hamkorlikda aniq ma'lumotlarni targ‘ib qilish ustida ishlayotganini aytdi. Biroq, u agentligining ijtimoiy media saytlarini kuzatmasligini yoki ularning mazmunini tartibga solishga urinmasligini ham ta’kidladi.
“Bu bizning vazifamiz emas”, - dedi u.
Trampning vitse-prezidentlikka nomzodi senator J.D. Vens vitse-prezidentlikka nomzodlar o‘rtasidagi debatda federal hukumatni "senzurada" ayblagandan so‘ng, Isterli o‘z agentligini himoya qilgan edi.
“Agentlik senzura qilmaydi va hech qachon senzura qilmagan”, - dedi u.
Buni ham ko'ring Tramp tarafdorlari adolatli saylovga to'siq bo'lishi mumkinAQSh Kiberxavfsizlik va Infratuzilmani himoya qilish agentligi va boshqa federal agentliklar respublikachilar boshqaruvidagi shtatlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi onlayn kontentni o‘zgartirish uchun “doimiy bosim” o‘tkazganlikda ayblanib, sudga berilgan edi. Ammo AQSh Oliy sudi 6-3 ovoz bilan bu shtatlarning bunday da'vo kiritish uchun huquqiy asosi yo‘qligi haqida qaror qabul qildi.
Isterli saylovlarning qanday o‘tkazilishi borasida savollari bo‘lgan saylovchilarga mahalliy saylov idorasi bilan bog‘lanishni va jarayonni tushunishlari uchun hatto saylov uchastkalarida ishchi sifatida ko‘ngillilik qilishni tavsiya qildi. U, shuningdek, xorijiy dushmanlar saylovdan keyin ovozlarni sanash jarayonidan foydalanib, natijalarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirishga urinishlari deyarli aniq ekanligi haqida ogohlantirdi. Saylovchilardan sabrli bo‘lishni so‘rab, prezidentlik saylovida g‘olibni aniqlash bir necha kun davom etishi mumkinligini ta’kidladi.
“Biz amerikaliklar sifatida eng qadrli narsani himoya qilish va saqlash uchun birlashishimiz kerak, - dedi u. - Demokratiyamizning poydevori — adolatli, erkin, xavfsiz va ishonchli saylovlar”.