Amerikada prezidentlik saylovlariga bir necha kun qoldi. Mamlakat hayotida muhim voqea. 5-noyabr kuni mahalliy organlarga saylovlar ham bo’lib o’tadi. Mahalliy saylovlarda musulmon nomzodlar soni yildan-yilga oshib bormoqda.
Nyu-Jersi shtatining 41 ming aholiga ega Tinek shaharchasida ikki musulmon ayol ham poygada qatnashmoqda. Tinekda bir paytlar musulmon hokim ham bo‘lgan, lekin shahar kengashida hech qachon musulmon ayol bo‘lmagan.
Nomzodlardan biri Reshma Xon hindistonlik musulmonlardan.
“Musulmon sifatida bu juda katta mas’uliyat”, - deydi 47 yoshli nomzod.
Aslida trinidadlik Nadiya Husayn o'rta maktab o'qituvchisi. U mahalliy maktab kengashiga saylanish harakatida.
“Bizda “dasturxon atrofidamasmisan, demak menyudasan” degan naql bor. Shu sabab faol bo’lish lozim”, - deydi Husayn “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
AQShda turli etnik millatlarga mansub 3,5 millionga yaqin musulmon bor. Ko'pchiligi Demokratik partiyaga ovoz bersa-da, so'nggi paytlarda musulmonlar orasida ham respublikachilar tarafdorlari ko’payib bormoqda.
Mamlakat bo'ylab bo’lib o’tadigan mahalliy, shtat va federal doiradagi saylovlarda ishtirok etayotgan musulmon nomzodlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Buning omillari ko’p, deydi mutaxassislar.
"Musulmon saylovchilar faolligi siyosiy faollikning bir belgisi bo'lsa, saylovda nomzod bo'lish xuddi shu tendensiyaga paralleldir", - deydi Michigan davlat universiteti professori Nura Sedike.
Ba'zi ekspertlar musulmonlar orasida siyosiy faollik kuchayishini 2018-yilda Kongressga saylangan birinchi musulmon ayollar bilan bog’laydi. Ilhan Umar va Rashida Tolib boshqa musulmonlarga namuna bo’lishdi, deydi ular.
2021-yilda Boston va Nyu-Yorkda shahar kengashlariga birinchi bor musulmon aʼzolar saylandi. 2022-yilda Michigan shtatidagi Diyeborn shahrida birinchi musulmon mer saylandi. Shtatlarning qonun chiqaruvchi organlarida jami 50 ga yaqin musulmon a'zolar ish boshladi.
"Har siklda musulmon nomzodlar sonida o’sish kuzatyapmiz, – deydi Amerika-Islom munosabatlari kengashi tashkiloti vakili Basim Elkarra. – Mahalliy poygalarda, maktab kengashi, shahar kengashi uchun poygalarda tobora ko’proq musulmonlarni ko’ryapmiz.
Kengash ma’lumotlariga ko’ra, o’tgan yili mamlakatda turli idoralarga 235 nafar musulmon saylangan. Ularning 50 nafari Nyu-Jersi shtatida faoliyat olib borgan. Nyu-Jersi mamlakatda aholi jon boshiga eng ko'p musulmonlar istiqomat qiladigan shtat sanaladi. Bu yil bu raqamlar yanada oshishi kutilmoqda.
Buni ham ko'ring Musulmonlar AQSh prezidentlik saylovida kimga ovoz beradi?Mahalliy kengashlarga saylangan a’zolarning vakolatlari Kongress a'zosi vakolatichalik katta emas, lekin mahalliy hududlar hayotida ta’siri katta.
“Ha, prezidentlik saylovlari muhim, ammo mahalliy saylovlar undan ham muhimroq", - deydi Reshma Xon.
Uning aytishicha, shahar kengashidagi vazifasining siyosiy ta’siridan ko'ra ijtimoiy ta’siri kattaroq. Xon fikricha, bu boshqa musulmon ayollarni ham siyosiy, ijtimoiy faol bo’lishga undaydi.
"Men buni o'zim uchun emas, balki 50 yildan keyin keladigan Fotimalar, Muhammadlar va Ahmadlar uchun qilyapman", - deydi Xon.
Xon Hindistonning Chennay shahrida tug'ilgan, katolik maktabida tahsil olgan. Hindiston universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha magistrlik darajasini qo‘lga kiritgach, 2001-yil boshida AQShga ko‘chib o‘tadi. Nyu-Jersida marketing sohasida ishlay boshladi.
2001-yil 11-sentabrdagi teraktlar islomofobiya kuchayishiga olib keldi. Xon musulmonlar haqidagi salbiy stereotiplarga qarshi turish uchun hijobga kirdi.
“Tinchlikparvar musulmonlar ham borligini ko‘rsatgim keldi”, - deydi u.
Xon Tinek shahriga taxminan 20 yil oldin ko'chib o'tgan. Shu yillar davomida u shahar hayotida faol ishtirok etdi. Shahar kengashi yig'ilishlarida qatnashdi, kengashning jamoatchilik bilan aloqalari guruhida xizmat qildi, maktabda Ota-onalar-o'qituvchilari uyushmasini boshqardi.
2021-yilda u mahalliy saylovlarni may oyidan noyabr oyiga ko'chirish bo'yicha tashabbusda faol ishtirok etdi. Odamlar e’tiboriga tushdi.
"Jamoamizning yetakchisi bo'lishim kerakligini his qildim, jamoamiz vakillari Amerika siyosatida o'z ovozini topa olishi uchun", - deydi u musulmon jamoalarini nazarda tutib.
Tinek - etnik va diniy jihatdan xilma-xil shahar. Aholisining 40 foizi yahudiylar, 20 foizi musulmonlar, qolganlari esa asosan qora tanlilar va lotin amerikaliklar.
O'tgan yili Xamasning Isroilga hujumi natijasida G'azoda urush boshlanar ekan, kengash Isroilni qo'llab-quvvatlovchi rezolyutsiya qabul qildi, falastinliklarni emas, deydi Xon.
Xon fikricha, Tinek musulmonlarining mahalliy rahbariyatdan ko’ngli qoldi, chunki ular faqat bir jamoa yonini olgan. Xon mahalliy saylovlarda g‘alaba qozonadimi yoki yo‘qmi, odamlar uni tenglik, adolat uchun kurashgan hijobli ayol sifatida yodda qoldirishlarini istashini aytadi.