AQSh razvedka xodimlarining ta’kidlashicha, AQShga qarshi kuchlar tomonidan uyushtirilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar va ta’sir ko‘rsatish kampaniyalari amerikalik saylovchilarni chalg‘itishi mumkin. Ular saylovchilarning qarorini dezinformatsiya orqali o‘zgartirishga harakat qilishi va jarayonni adolatsiz yoki ishonchsiz qilib ko‘rsatishi mumkin.
Milliy Razvedka direktori idorasi tomonidan e’lon qilingan so’nggi xabarga ko’ra, saylovchilar 5-noyabr kuni bo’lajak prezidentga ovoz berish bilan birga, boshqa shtat va mahalliy lavozim saylovlarida ham vakillarga ovoz beradi.
“Saylov kuniga yaqinlashganimiz sayin ayrim kuchlarning o‘z faoliyatlarini kuchaytirayotganiga guvoh bo’lyapmiz”, - dedi AQShning yuqori lavozimli razvedka rasmiysi jurnalistlarga anonim tarzda ma’lumot berib.
“Ular odamlar allaqachon ovoz berishni boshlaganini tushunmoqda va saylov kuni yaqinlashgan sari bu operatsiyalar yanada kuchayishi mumkin”, - dedi rasmiy.
“Razvedka hamjamiyati xorijiy ta’sir ko‘rsatuvchi kuchlarning saylov uchastkalari yopilgandan so‘ng saylov natijalari haqqoniyligiga shubha uyg‘otish orqali o‘z kampaniyalarini davom ettirishini kutmoqda”, - dedi rasmiy.
Yana bir AQSh razvedka rasmiysi ham bunday ta’sir ko‘rsatish harakatlarining sur’ati, ayniqsa, ayrim saylovlar yoki siyosiy kampaniyalarga qaratilgan harakatlar kuchayganini aytdi.
“Kuzatuvimizga ko’ra, saylov kampaniyalari uchun o‘tkazilayotgan xususiy brifinglar uch baravardan ko‘proq o’sdi”, - deydi rasmiy.
Buni ham ko'ring AQSh rasmiysi: Tashqi kuchlar saylov natijasiga ta'sir ko'rsata olmaydiShuningdek, razvedka agentliklari AQShga qarshi kuchlar Helen va Milton dovullari keltirgan zararlardan foydalanib, saylov natijalariga ishonchni susaytirishga qaratilgan noto‘g‘ri yoki uydirma ma’lumotlarni tarqatishga urinishi mumkinligini ogohlantirmoqda.
“Dezinformatsiyani shakllantirib, ommaga tarqatish ma’lum vaqt talab qiladi, - dedi razvedka rasmiysi. - Shunga qaramay, biz, albatta, xorijiy davlatlar bunday vaziyatlardan foydalanib, saylovga nisbatan ishinchsizlikni kuchaytirishga sabab bo’ladigan fikrlarni targ‘ib qilishini kutmoqdamiz”.
AQSh razvedkasi saylovlarga xorijiy davlatlarning aralashuvi haqida avval ham ogohlantirgan edi.
Saylovlarga ta’sir qiluvchi kampaniyalar, asosan, Eron, Rossiya va Xitoy tarafidan boshqarilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur davlatlar o’z maqsadini o’zgartirish niyatida emas.
Razvedkaning aytishicha, Rossiya sobiq AQSh prezidenti va respublikachilardan prezidentlik nomzodi Donald Trampning imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan ta’sir kampaniyalarini davom ettirmoqda va shu bilan birga, demokratlar nomzodi bo‘lgan vitse-prezident Kamala Harrisning kampaniyasiga zarar yetkazishni maqsad qilmoqda.
Eronning harakatlari Trampga zarar yetkazish orqali Harrisga yordam berishga qaratilgan, deya ta’kidlaydi rasmiylar. Tramp kampaniyasiga qarshi davom etayotgan xakerlik va ma’lumotlar tarqatish operatsiyasi Eron Islomiy Inqilobiy Gvardiyasi uchun ishlayotgan uch agentga taqalmoqda.
Shtat va mahalliy saylovlarga qaratilgan ta’sir harakatlari
AQSh razvedka agentliklari Xitoy hali AQSh prezidentlik kampaniyasiga aralashmaganini aytmoqda. Xitoy amerikalik saylovchilarni Pekin manfaatlariga zid deb ko‘riladigan, ayniqsa, Tayvanni qo‘llab-quvvatlayotgan shtat va mahalliy nomzodlarni rad etishga ishontirishga e’tibor qaratmoqda.
Ammo jamoatchilikdagi so’nggi fikrlar ayrim o’zgarishlarga ishora qilmoqda. AQSh razvedka rasmiylari Rossiya va Kuba Xitoyga qo‘shilib, Kongress, shtat va mahalliy saylovlarga ham ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini ogohlantirdi.
Buni ham ko'ring Xitoy AQSh saylovchilari orasida ishonchsizlik urug'ini sochishga urinmoqdaRazvedka rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Moskva Kongress saylovlariga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda va buning uchun turli ta’sir vositalaridan foydalanmoqda. Ularning maqsadi AQSh jamoatchiligini Ukraina tarafdori bo‘lgan siyosat va siyosatchilarga qarshi chiqishga undashdir.
“Gavana (Kuba hukumati) ayrim nomzodlarga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan, dedi rasmiy. - Bu esa ularning avvalgi saylov davrlarida qilgan harakatlariga mos keladi”.
Rossiya, Xitoy va Eron ilgari AQShning saylovga aralashuv haqidagi ayblovlarini rad etgan. “Amerika Ovozi”ning so‘nggi AQSh xulosalari bo‘yicha so‘roviga Rossiya, Eron va Kuba rasmiylari hali javob bermadi.
Xitoy esa AQShning xavotirlarini yana bir bor rad etdi.
“Xitoy AQSh Kongress saylovlariga qiziqmaydi, bizning aralashish niyatimiz yo‘q va aralashmaymiz”, - dedi Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali.
“AQShning ayrim kongressmenlari Tayvan masalasida noto‘g‘ri pozitsiyalarida turib olmoqda,- dedi Lyu. – Xitoy o‘zining milliy suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qiladi, lekin bu Xitoy Kongress saylovlariga aralashdi degan xulosaga olib kelmaydi”.
Ammo AQSh razvedkasining vaziyatga bergan bahosi ayrim qonunchilar va xususiy texnologiya kompaniyalari tomonidan bildirilgan xavotirlarga mos keladi.
Senat Razvedka qo‘mitasi raisi Mark Uornerning aytishicha, saylov uchastkalari yopilgandan keyingi 48 soat, ayniqsa, saylov natijalari juda yaqin bo‘lsa, noto‘g‘ri va yolg‘on ma’lumotlar tarqatish orqali AQSh demokratiyasining asoslariga zarar yetkazish nuqtai nazaridan juda muhim bo‘ladi.
“Faol harakatlar”
“Mikrosoft” prezidenti Bred Smit AQSh saylovidan oldingi 48 soat eng xavfli payt bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Rossiya va Eronning zararli kiber harakatlari, xususan, ularning ortib borayotgani inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ekanini ta'kidladi.
“Biz juda faol harakatlarni kuzatmoqdamiz, - dedi Smit yaqinda bo‘lib o‘tgan kiber konferensiyada. - Eronliklarning Tramp kampaniyasida Respublikachilar partiyasini, rossiyaliklarning esa Demokratlar partiyani va hozirda Harris kampaniyasini nishonga olayotganini ko‘ryapmiz”, - dedi u.
Buni ham ko'ring Tramp tarafdorlari adolatli saylovga to'siq bo'lishi mumkin"AQShning o’sib borayotgan xorijiy ta’sir harakatlarini bartaraf etishga qaratilgan urinishlari qanday natija berayotgani hozircha aniq emas.
Sentabr oyida AQSh Adliya vazirligi dezinformatsiya tarqatishda foydalanilgan Moskva bilan bog‘liq kompaniyalarga tegishli 32 ta internet domenini musodara qilgan edi. Shu bilan birga, vazirlik Rossiyaning AQShda joylashgan media kompaniyasi orqali Rossiya targ‘ibotini o‘tkazish rejasiga aloqador bo‘lgan davlat nazoratidagi RT media tarmog‘i xodimlariga ayblov e’lon qildi.
AQSh razvedka rasmiylari bunday uslublar endilikda faqat Kremlga xos emasligini aytdi.
“Xorijiy ta’sir ko‘rsatuvchi kuchlar o’zini ko’rsatmagan holda o’z maqsadi yo’lida amerikaliklardan foydalanishda tobora yaxshilanib bormoqda, - dedi AQSh razvedka rasmiylaridan biri. - Xorijiy davlatlar amerikaliklar aniq xorijiy propaganda belgilari bo‘lgan kontentga qaraganda, boshqa amerikaliklarning gaplariga ko‘proq ishonishini hisobga olmoqda”.
Arizona shtatidan demokrat senator Mark Kelli “CBS” telekanalining “Face the Nation” dasturida AQShga qarshi kuchlar tomonidan yaratilgan soxta shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganini aytdi.
“Agar siz “Twitter”, “TikTok”, “Facebook” va “Instagram”dagi siyosiy kontentlarga e’tibor bersangiz, ulardagi izohlarning 20-30 foizi Rossiya, Eron, Xitoy tarafidan yoziladi va bu izohlar 5-noyabrda ham to’xtamaydi”, - dedi u.