Ikki yoqimsiz tanlov oldida qolgan Suhayla Amen ikkisini ham rad etdi.
Michigan shtatining Diyeborn shahridan bo'lgan bu uzoq yillik demokrat AQShdagi prezidentlik saylovida uchinchi partiya nomzodini qo'llab-quvvatladi. Bu qaror Donald Trampning Michiganda g'alaba qozonishi va prezidentlikni qayta qo'lga kiritishida muhim rol o'ynadi.
110 ming aholisining deyarli yarmi arab millatiga mansub bo'lgan Diyebornda Vitse-prezident Kamala Harris Trampdan 2500 dan kamroq ovoz oldi. Harris qo'shni Diyeborn Haytsda ham mag'lubiyatga uchradi.
Bayden-Harris ma'muriyati G'azodagi urushda Isroilni qat'iy qo'llab-quvvatlashini ta’kidlayotgan bir paytda bo’lib o’tgan saylovda arab-amerikaliklar ko'p yashaydigan Detroyt atrofidagi ikki shahar Harrisga qarshi ovoz berdi. Ba'zilar Trampni qo'llab-quvvatladi, chunki u saylovdan bir necha kun oldin tashrif buyurib, livanliklar egalik qilgan restoranda mijozlar va xodimlar bilan suhbatlashdi, Yaqin Sharqdagi zo'ravonlikni to'xtatish yo'lini topishga va'da berdi.
Amen kabi boshqalar esa sobiq prezidentni qo'llab-quvvatlashga o'zlarini ko'ndira olmadi. U arab-amerikaliklar Harrisning mag'lubiyatini ko'rib xursand bo'lganini, ammo "Trampdan ham quvonishmayotganini" aytdi.
"Xoh Trampning o'zi bo'lsin, xoh uning atrofidagilar, bu men uchun jiddiy tashvish tug'diradi, - dedi Amen. - Lekin oxir-oqibat ikki yomondan birini tanlash kerak bo'lganda, nima ham qila olardik?"
Saylov kechasi chorshanba tongiga o'tar chog'ida Tramp nafaqat prezidentlikni qo’lga kiritgani, balki Diyebornda ham g'alaba qozongani ma’lum bo’ldi. Detroyt atrofidagi arab-amerikaliklar jamoasidagi kayfiyat, Diyeborn shahar kengashi a'zosi Mustafo Hammud ta'biri bilan aytganda, "g'amgin" edi. Shunga qaramay, unga ko’ra, bu natija "mutlaqo kutilmagan emas".
Buni ham ko'ring Amerika musulmonlari demokratlardan yuz o'girdimi?Diyebornda yuz bergan o'zgarish - Tramp qariyb 18 000 ovoz olgan bo'lsa, Harris 15 000 ovoz yig’di. Bu to'rt yil avvalgi holatdan keskin farq qiladi. O'shanda Jo Bayden shaharda deyarli uch barobar ko'p ovoz olgan edi.
Bu hayron qolarli natija emas
Bu o’zgarish kutilmaganda paydo bo'lgani yo'q. Bir necha oy davomida yuqori martabali demokrat amaldorlar bilan telefon orqali va uchrashuvlarda mahalliy yetakchilar Isroil-Xamas urushiga bo'lgan munosabat o'zgarmaguncha arab-amerikalik saylovchilar ulardan yuz o'girishini aniq aytib kelayotgan edi.
Bayden-Harris ma'murati 2023-yil 7-oktabrda Xamas tomonidan amalga oshirilgan, 1200 isroillik halok bo'lgan va 200 dan ortiq odam garovga olingan vahshiyona hujumdan keyin Isroilga sodiqligini bot-bot ta’kidladi. Isroil va Xamas o'rtasidagi urushda, Falastin Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, G'azoda 43 000 dan ortiq odam halok bo'lgan.
Harris urush bo'yicha o'z ritorikasini yumshatgan bo'lsa-da, ma'muriyat pozitsiyasidan farq qiladigan Isroil yoki G'azodagi urush bo'yicha aniq siyosat taklif qilmadi. Agar shunday qilganda ham, Diyeborn kabi joylarda bu katta farq yaratmasligi mumkin edi.
"U Livan va G'azodagi urushni to'xtatganda edi, bu yerdagi hamma unga ovoz berardi," - dedi Hammud.
“AP VoteCast” tomonidan mamlakatda o'tkazilgan 120 000 dan ortiq saylovchi so'rovnomasiga ko'ra, ko'proq saylovchilar Tramp Yaqin Sharqdagi vaziyatni Harrisga qaraganda yaxshiroq hal qila oladi, deb hisoblagan. Saylovchilarning taxminan yarmi Trampni mos nomzod deb bilgan, uchdan bir qismi esa Harrisni tanlagan.
Isroilga ko'proq yordam berishga qarshi bo'lganlarning 58 foizi prezidentlik saylovida Harrisni qo'llab-quvvatlagan; 39 foizi esa Trampni yoqlagan.
Hatto ba'zi Harris tarafdorlari ham ikkilangan. Michigandagi Harris saylovchilarining to'rtdan uch qismi uni vaziyatni hal qilishda yaxshiroq nomzod deb bilgan. Ozchilik Trampni afzal ko'rgan, lekin Harris saylovchilarining har beshdan biri ular teng ekanligini yoki hech biri yaxshi emasligini aytgan.
Arab amerikaliklar jamoasida Harrisga qo'llab-quvvatlov bo'lmagach, Tramp va uning ittifoqchilari bu bo'shliqni to'ldirishga kirishdi.
Hamtramk shahridagi demokrat musulmon mer Amer G'olib sentabrda Trampni qo'llab-quvvatlaganidan so'ng ishlar siljiy boshladi. Ko'p o'tmay, Tramp u yerdagi saylov shtabiga tashrif buyurdi.
Trampning arab-amerikaliklar bilan aloqalarini boshqargan Massad Bulos uchun bu burilish nuqtasi bo'ldi. Bulosning o'g'li Maykl Trampning qizi Tiffaniga uylangan.
"Ular prezidentning tashrifi va o'zlariga ko'rsatilgan hurmatni juda yuqori baholashdi, - dedi Massad Bulos. - Bu birinchi katta yutuq edi. Shundan keyin men imomlar va musulmon yetakchilaridan qo'llab-quvvatlovlar ola boshladim".
So’nggi haftalarda Tramp tomon burilish
Harris qo'llab-quvvatlovi bir necha oydan beri pasayib borgan bo'lsa-da - ayniqsa, uning kampaniyasi avgust oyida Demokratik partiya syezdida Falastin tarafdori so'zga chiqishiga yo'l qo'ymaganidan keyin - ba'zi saylovchilar kampaniyaning so'nggi haftasi hal qiluvchi bo'lganini aytmoqda.
Buni ham ko'ring G'azodagi urush AQSh sayloviga qanday ta'sir qilmoqda?30-oktabrda Michigandagi mitingda sobiq prezident Bill Klinton Xamas tinch aholini qalqon sifatida ishlatishini va "agar o'zingizni himoya qilmoqchi bo'lsangiz, tinch aholini o'ldirishga majbur bo’lishingizni" aytdi.
"Xamas falastinliklar uchun vatan haqida qayg'urmadi, ular isroilliklarni o'ldirish va Isroilni yashab bo'lmaydigan joyga aylantirishni xohladi, - dedi u. - Xo'sh, ularga yangiligim bor, ular [yahudiylar] u yerda birinchi bo'lishgan, ularning dini paydo bo'lishidan ham oldin, ular u yerda bo'lishgan".
Ichki muloqotlardan bevosita xabardor bo'lgan, lekin ular haqida oshkora gapirish vakolati bo'lmagani uchun ismi oshkor qilinmasligini so'ragan ikki kishining aytishicha, Harris kampaniyasi mitingdan keyingi kunlarda Klintonning Diyebornda so'zga chiqishini xohlagan. Klintonning fikrlariga qarshi norozilik paydo bo’lganidan keyin bu tashrif amalga oshmagan.
"Bu fikr shahar bo'ylab muhokama qilindi. Bu men kabi uni yaxshi ko'rgan ko'pchilikni ranjitdi," - dedi Pokistonda tug'ilgan va Detroyt atrofida yashovchi Amin Hashmi.
O'zini "sodiq demokrat" deb atagan Hashmi saylov punktida 25 daqiqa turib qolganidan keyin Trampga ovoz berishni "keskin qadam" deb atadi.
Buni ham ko'ring AQShda saylov taqdirini musulmonlar hal qilishi mumkinSaylovdan oldingi juma kuni Tramp livanliklar egalik qilgan "The Great Commoner" restoraniga tashrif buyurdi. Bu Harris tutgan yo’ldan keskin farq qiladi - u Diyebornning demokrat meri Abdulla Hammud bilan uchrashgan.
"Tramp Diyebornga keldi. U aholi bilan gaplashdi. Ba'zilar buni samimiy emas deyishsa ham, u harakat qildi. U muloqot o'rnatishga, hech bo'lmaganda, ularni tinglashga harakat qildi," - dedi diyebornlik Samia Hamid.