Zelenskiy Yevropa qo'shinlarining Ukrainaga kiritilishiga umid qilmoqda

“Rossiya-Ukraina urushidagi eng og’ir haftalar boshlanmoqda”, - deb yozdi Rossiya prezidenti bilan bir soatlik muloqot o’tkazgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban.

Uning bayonoti, jumladan Vladimir Putin bilan muloqotga kirishish qarori Ukraina, xususan Prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan keskin kutib olindi.

Zelenskiy hech kim Orbanga Putin bilan Ukraina taqdiri haqida gaplashish vakolatini bermaganini, bu masalada Yevropa Ittifoqi hamjihatlikda tashabbus ko’rsatishi lozimligini aytdi.

Ammo ekspertlar doirasida Orban tashabbusi ortida Yevropa Ittifoqi davlatlari emas, balki urush taqdiriga bevosita ta’sir qiluvchi asosiy kuchlardan biri, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp turgani, Viktor Orban Tramp va Putin o’rtasidagi vositachi ekanini ta’kidlanmoqda.

Buni ham ko'ring Ekspertlar: Rossiyaning yadro dag'dag'asidan maqsad - G'arbning Ukrainaga yordamini to'xtatish

Orbanning Putin bilan telefon muloqoti Trampning Parijda Zelenskiy bilan o’tgan qisqa uchrashuvi ortidan kuzatilyapti. Tramp 24 soat ichida Ukraina urushini to’xtatish, tomonlarni sulhga keltirishga va’da bergan.

Ekspertlar Tramp va uning jamoasi tinchlik muloqotiga doir harakatni boshlagani, Orban esa bu jarayonning faol ishtirokchisi ekanligini qayd etishmoqda.

Ammo Ukraina hukumatida Orbanga, uning tashabbusiga nisbatan mavjud munosabatlardan, Tramp jamoasining tashabbuslari ham shunga yaqinligidan kelib chiqilsa, bu rejalar Kiyev tomonidan quvvatlanmasligini taxmin qilish mumkin.

Viktor Orban Putin bilan o’tkazgan muloqoti ortidan Rodjestvo bayrami arafasida vaqtincha o’t ochishni to’xtatish, tomonlar o’rtasida asirlar almashish tashabbusi bilan chiqqani, ammo Ukraina buni rad etgani haqida bayonot berdi.

Bu da’vo Zelenskiyni muzokaralarni rad etayotgan asosiy tomon sifatida taqdim etadi. Kiyev Vengriya rahbarining iddaolarini rad etdi, uning Putin bilan muloqot qilishi qaroridan Ukraina tomoni xabardor qilinmaganini bildirdi.

Zelenskiyga ko’ra, Ukraina tinchlik muloqotiga kirishishni rad etmaydi, faqat buning uchun xavfsizlik kafolatlari berilishi kerak, Ukrainani NATOga qo’shish imkoni bo’lmagan taqdirda, xavfsizlik ta’minotiga Yevropa qo’shinlarini jalb etish kerak.

Avvalroq Fransiya urush to’xtatilgan taqdirda, Ukrainada xavfsizlikni ta’minlashga Yevropa davlatlari qo’shinlarini jalb qilish tashabbusini bildirgan edi.

Zelenskiy shu tashabbusdan kelib chiqqan holda Yevropa davlatlari Ukrainada xavfsizlikni ta’minlash uchun qo’shin jo’natishlariga umid qilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, Tramp ham urush to’xtatilgan taqdirda Yevropa qo’shinlari Ukraina hududida joylashtirilishiga qarshi emas.

Ammo hozircha bu tashabbusni Yevropa davlatlari quvvatlagani kuzatilmaydi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Polshaga safari davomida bu masalani Bosh vazir Donald Tusk bilan muhokama qildi. Bu muzokara ortidan Polsha o’z qo’shinlarini Ukrainaga hatto urush to’xtatilgan taqdirda ham jo’natmasligini bildirdi.

Yevropa Ittifoqining biror davlati hozircha Ukrainaga qo’shin jo’natish masalasida aniq qaror bergani yo’q, hatto tashabbus ortida turgan Fransiyaning o’zi ham bundan istisno emas.

Bu NATO a’zoligi berilmagan taqdirda, Yevropa qo’shinlari tomonidan xavfsizlikning kafolatlanishiga umid qilayotgan Prezident Zelenskiyning vaziyatini yanada og’irlashtiradi.

Buni ham ko'ring Putin: Ukrainaning G'arb raketalari bilan hujumlari javobsiz qolmaydi

Kiyev dunyoga, o’z ittifoqchilariga Rossiyani faqat kuch orqali muzokaralarga majbur qilish mumkinligini, buning uchun Ukraina armiyasini zarur miqdordagi qurol-yarog’ bilan ta’minlash zarurligini uqtirib kelmoqda.

Prezident Jo Bayden tomonidan AQSh raketalari bilan Rossiya hududini nishonga olish ruxsati berilishi ham kutilayotgan muzokaralarda Ukraina pozitsiyasini kuchaytirishga qaratilgan qadamlardan biri edi.

Ammo bu yanvardan AQSh boshqaruviga kelayotgan Donald Tramp tomonidan quvvatlanmadi.

Ukraina armiyasi Rossiyaning Tangonrog shahridagi harbiy bazalarini ATACMS raketalari bilan o’qqa tutar ekan, Tramp Prezident Baydenning bu qarori murosaga emas, ziddiyat chuqurlashishiga xizmat qilayotganini aytdi.

Trampning Ukraina urushiga qaratilgan tinchlik rejasi nimalarni nazarda tutishi hamon mavhum, ammo u Zelenskiy bilan Parijdagi uchrashuvi ortidan “Prezident Zelenskiy, Ukraina tinchlik muzokarasiga tayyor”, deya e’lon qilgan edi.

Bu Ukrainada bir qadar munozarali kutib olindi, chunki Zelenskiy Rossiya ishg’oldagi hududlarni tark etganidan keyingina muzokara mumkinligini ta’kidlab kelayotgan edi.

Tramp o’z bayonotida muzokara shartlari haqida hech narsa demadi, navbat Rossiya tomonida ekanligi, Xitoy bunga ko’maklashishi lozimligiga ishora qildi, xolos.

“Time” jurnali tomonidan “Yil odami” maqomiga loyiq ko’rilgan Tramp bu nashrdagi intervyusida Ukraina bo’yicha ish ketayotgani, imkon bo’lsa urushni to’xtatishi mumkinligini aytdi.

Ekspertlar Trampning Ukraina urushiga doir bayonotlarida avvalgi qat’iyat yo’qolgani, ehtiyotkorlik kuchayganini qayd qilishmoqda.