AQShda yangi saylangan prezident Donald Tramp 20-yanvarda prezidentlik muddati tugayotgan Jo Baydenning Ukrainaga AQShning uzoq masofali raketalari bilan Rossiya ichkarisini nishonga olishga ruxsat berganini tanqid qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Tramp Rossiya va Ukraina mojaroni muzokara orqali to’xtatishi kerakligini aytadi.
“Kelishuv yaxshi bo’lishi kerak. Ko’p odam o’lyapti. Bu urush. Juda ko’p odam o’ldi. Zelenskiy kelishishi kerak, Putin ham”, - deydi Tramp.
Trampning Ukraina bo’yicha maxsus vakili Kit Kellog shu hafta Moskvada rus generalining bomba xurujida o’ldirilishini urush qoidalariga xilof harakat deb atadi. Ukraina Xavfsizlik xizmati xuruj uning ishi ekanini tan oldi, rus tergovchilari xurujni ijro etish uchun o’zbekistonlik migrant yollanganini da’vo qilmoqda.
Vashingtonlik tahlilchi Uilyam Pomeransning aytishicha, agar Tramp Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirsa, bu Kiyevning jang maydonida mag’lub bo’lishiga, Vashingtonning Yevropadagi ittifoqchilari bilan aloqalarining sovuqlashishiga olib kelishi mumkin.
“NATOdagi ittifoqchilar va Prezident Tramp o’rtasida urush kelajagi yuzasidan to’qnashuv ehtimolini ko’ryapman. Tramp muzokara haqida gapirganida bu Ukrainaning muzokara orqali taslim bo’lishini anglatmoqda, axir Tramp Rossiyaga hech qanday shart qo’yayotgani yo’q”, - deydi tahlilchi.
Shu sabab Bayden ma’muriyati vakolatining so’nggi kunlarida Ukrainaga imkon qadar ko’proq yordam uzatishga urinmoqda.
“Agar Ukrainani himoya qilmasak, suverenitet, hududiy daxlsizlik, chegaralar daxlsizligi kabi xalqaro tizimning fundamental asoslarini boshqa joylarda ham himoya qilmagan bo’lamiz”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashidan Maykl Karpenter.
Ukrainaga moliyaviy yordam ajratish qarori Kongress qo’lida.
“Prezident Trampning saylangani ko’p narsani o’zgartirdi. Mojaroga aynan u yakun yasaydi deb o’ylayman”, - deydi Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson.
Iyulda vafot etgan demokrat vakil Shila Jekson Lining Kongressdagi o’rnini egallagan qizi Erika Li Karter onasi kabi Ukrainani qo’llab-quvvatlash ahdida qat’iy ekanini aytadi.
“Ukrainada hamma urushni to’xtatmaguncha Ukrainani hisobdan chiqarmayman. Ukraina g’alaba qozonmasa, bu ro’y bermaydi”, - deydi qonunchi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uning mamlakati uchun eng yaxshi xavfsizlik kafolati NATOga a’zolik ekanini aytadi. Biroq alyansning AQSh va Germaniya kabi yirik a’zolari buni istamayapti.
Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari va Ukrainaga ma’qul tinchlik rejasisiz muzokara qilmasligini bildirmoqda.
Rus qo’shinlari esa Ukraina sharqidagi hududlarni egallashda davom etmoqda. Bir necha kun ichida strategik jihatdan muhim hisoblangan Pokrovsk shahri ham Rossiya armiyasi nazoratiga o’tishi kutilmoqda.
Shaharning minglab aholisi evakuatsiya qilishdan bosh tortdi.
Ukraina rasmiylari rus qo’shinlari shahardan 3 kilometr narida ekanini, uning qulashi ukrain armiyasi ta’minot tizimini izdan chiqarishini aytmoqda.
"Hech qayerga ketmayman. Daydib yurishni istamayman”, - deydi 44 yashar bir ayol.
Pokrovskdan 10 kilometr narida Ukrainaning kokslanadigan ko’mir ishlab chiqaruvchi yagona koni joylashgan. Ko’mirning bu turi po’lat tayyorlashda muhim komponentdir.
Ruslar shaharga eski nomini qaytarmoqchi – Krasnoarmeysk.
TRAMP VA G'AZODAGI MOJARO
Donald Tramp G’azodagi urushga ham tez chek qo’yishini aytadi. Buning uchun, deydi u, XAMAS garovga olgan odamlarni ozod etishi kerak. Aks holda Qo’shma Shtatlar harakatga qattiq zarba berishini bildirdi.
“Prezident Tramp G’azo Sektorida XAMASga harbiy bosim qo’yish uchun ba’zi resurslarni ishga solishi mumkin albatta, ammo bu Isroil so’nggi 14 oyda qo’ygan bosimdan qanchalik qattiqroq bo’lishini tushunolmayapman. Balki hududga kirayotgan gumanitar yordamni qisishga harakat qilar. Bunday bo’lmaydi degan umiddaman”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Ahmad Fuad Alxatib.
Bayden ma’muriyati G’azoga gumanitar yordamni oshirish va XAMAS bilan otashkesimga kelishishga zo’r bermoqda.
“G’azo XAMAS tomonidan ortiq boshqarilmaydigan, Isroil ham uni boshqarmaydigan joyga aylanishi kerak. Bu esa sektorda boshqaruv, qayta qurish, xavfsizlikka zamin yaratishi kerak”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Vashington Turkiya, Misr va Qatar vositachiligida otashkesimga qaratilgan muzokaralarni yangiladi.
Tahlilchilar otashkesim Trampning yanvarda bo’ladigan qasamyod marosimidan oldin yoki keyin erishilishini aytishga qinalmoqda. Biroq Bayden ma’muriyati ham, Tramp jamoasi ham mojaroga yakun yasash ahdida qat’iy ekanini aytadi.