Energetik siyosatda kechgan so`nggi o’zgarishlar Rossiya qo`lidagi strategik bosim sanalgan “Gazprom” imkoniyatlari cheklanayotganidan darak bermoqda.
Ukraina yanvardan Rossiya gazi tranzitini to’xtatdi, Yevropaga gaz uzatishda davom etayotgan “Gazprom” bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qildi.
Prezident Volodimir Zelenskiy bu qarorni Rossiyaning so`nggi yillardagi yirik mag’lubiyati deb atadi. Ukrainaning bu qarori Polsha tomonidan ham olqishlandi, Rossiya ustidan qozonilgan navbatdagi g’alaba sifatida baholandi.
Ammo Yevropada bu qarordan norozi tomonlar ham bor, Slovakiya, Avstriya, Moldova Ukraina orqali Rossiyadan gaz olayotgan edi.
Slovakiya Bosh vaziri Rorebrt Fitso Ukrainaga elektr sotishni to’xtatish tahdid qildi. U avvalroq Moskvada Putin bilan energetik hamkorlik bo`yicha muzokara o`tkazgan edi.
Slovakiya ayni paytda Rossiya gaziga tayanib qolgan Yevropadagi sanoqli davlatlardan biri. Vengriya ham asosan Rossiya gaziga tayanadi, ammo gazni Turkiya orqali oladi.
Rossiya Ukraina bosqinini boshlar ekan “Gazprom”ning asosiy xaridorlari bo`lgan Yevropa davlatlariga energetik bosimni kuchaytirdi. Urush arafasida Yevropaga gaz uzatish deyarli to’xtatildi, Yevropani “muzlatish” bilan tahdid qilindi.
Energetika masalalari bo`yicha ekspert Mixail Krutixin “Svoboda” radiosidagi intervyusida Rossiya “Gazprom” orqali Ukrainani Yevropadagi ittifoqdoshlarini tiz cho’ktirishni rejalashtirganini aytadi:
“Gaz bosimi Ukraina urushi arafasida boshlandi, Yevropaga uzatiladigan gaz hajmi keskin qisqartirildi. Rossiya rahbariyati gazsiz qolgan Yevropa muzlaydi, tiz cho’kadi, Ukrainani qo`llashdan voz kechib, energetik hamkorlikni saqlab qolishga intiladi, deb o`ylagan edi”.
Your browser doesn’t support HTML5
Rossiya Ukrainaga bostirib kirar ekan AQSh Rossiyaga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etdi, jumladan energetik sohada ham. “Gazprom” bilan hamkorlik qilib kelgan Yevropadagi yirik kompaniyalar ham sanksiyalar ro´yxatiga kiritildi.
Ukraina urushi Yevropa ittifoqida Rossiya gaziga qaramlik oqibatlari haqida jiddiy munozaralar boshlab berdi, ayniqsa Sharqiy Yevropa davlatlari Rossiya bilan energetik hamkorlikka keskin qarshi chiqishdi.
“Gazprom”ning Belarus va Sharqiy Yevropa orqali o’tuvchi tranzitiga chek qo`yildi. Boltiq dengizi orqali gazni Rossiyadan bevosita Germaniyaga uzatuvchi “Shimoliy oqim” quvurlari noma’lum guruh tomonidan portlatildi.
Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan voz kecha boshladi. “Gazprom” o`rnini suyultirilgan sanoat gazi ishlab chiqaruvchi AQSh, Norvegiya, Qatarga tegishli energetik kompaniyalar egalladi.
Ayni paytda “Gazprom” Yevropa tranzitidan deyarli mahrum, “Shimoliy oqim” portlatildi, Polsha Belarus orqali tranzitni taqiqladi, Ukraina esa urushning uchinchi yiliga kelib gaz transporti bo`yicha shartnomani bekor qildi.
Ukraina nima sababdan uch yillik urush davomida hamkorlikni to’xtatmagani ikki tomonlama manfaat bilan izohlanadi. Rossiya yiliga besh milliard, Ukraina esa bir milliard dollar atrofida foyda ko`rgan.
Ukraina orqali tranzit sovet ittifoqi va Yevropa o`rtasidagi energetik hamkorlikka asos solgan dastlabki yo`l hisoblanadi. Prezident Zelenskiy shartnoma bekor qilinishini Rossiyaning so`nggi yillardagi yirik mag’lubiyati sifatida baholar ekan, tranzitning tarixiy ahamiyatini ham nazarda tutgan ko`rinadi.
Rossiyaning Yevropadagi energetik qudratiga chek qo’yilishi nafaqat iqtisodiy, siyosiy ahamiyatga egaligi, Yevropada Rossiya manfaatlarini olg’a surayotgan siyosiy kuchlar uchun ham jiddiy zarba bo’lishi ta’kidlanmoqda.
Darhaqiqat, Yevropa Ittifoqigi so`nggi saylovlar Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirishni surayotgan o’ng millatchi partiyalar kuchayganini ko`rsatdi.
Ekspert Mixail Krutixinga ko`ra, “Gazprom”ga qaramlikdan qutulish Yevropadagi rossiyaparastlik lobbisi berilgan zarbani ham anglatadi:
“Avstriya Rossiya energetikasiga qaramlikdan tez qutuldi, muqobilini topdi. Endi u yerda rus lobbisi kamayadi. Vengriya, Slovakiya, Chexiyada ham xuddi shunday bo`ladi. Avval ular o`z aholisiga biz Rossiya bilan ziddiyatga bormaymiz, Ukrainani qo’llay olmaymiz, chunki energetikada Rossiyadan taqozo etamiz deb tushuntirgan bo`lsa, endi bunday deya olishmaydi. Endi Rossiyani yoqlovchi dastakning o’zi yo`q. Buni Yevropadagi rus lobbisi ustidan qozonilgan g’alabaga qiyoslash mumkin”.
Ukraina Rossiya bilan gaz tranziti bo’yicha shartnomani bekor qilishi “Gazprom”ni Yevropa bozoridan mutlaqo mahrum qilmaydi. Rossiya “Moviy oqim” orqali Turkiyaga, shuningdek cheklangan miqdorda Vengriyaga ham gaz sotishda davom etyapti.