Huquq va demokratiya AQSh-O'zbekiston munosabatining negizi bo'lib qoladi

Odatda Amerika tashqi siyosatining urug’i Kongressda ekiladi. Oq uy va Davlat departamenti, ya’ni tashqi ishlar vazirligi esa ijroiya organlari sifatida qonun chiqaruvchilar tomonidan belgilangan siyosatni amalga oshirish bilan band.

AQShning O’zbekistonga nisbatan o’tgan yillardagi, hozirgi va yaqin kelajakdagi siyosati ortida turgan yirik qonun chiqaruvchilardan biri Florida shtatidan saylangan, Kongressda 16 yillik tajribaga ega Ileana Ros-Lehtinen (Ileana Ros-Lehtinen) xonimdir.

Ayni damda AQSh Vakillar Palatasining Xalqaro aloqalar bo'yicha qo'mitasi raisi lavozimiga saylanish ilinjida yurgan Ros-Lehtinen xonim hozirda qo'mitaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha quyi-qo'mitasiga raisalik qiladi.

Kongress ayoli bilan suhbatlashish imkoniyatiga muyassar bo'lish oson kechmadi. Bir oycha avval Kapitoliyadagi ofisiga qilingan qo’ng’iroq bilan intervyuni bir hafta ichida qilishga kelishildi. Oradan ikki kun o’tgach, Ros-Lehtinenning matbuot kotibi, uzr so’rab, suhbatni yana bir haftaga qoldirishni iltimos qildi. Vashingtonda bu kabi kechikishlar juda tabiiy hol. Savollar javob berilsa, bas, deya kutishga qaror qildik.

Bu orada Floridaga kuchli to’fon keldi. Ros-Lehtinen xonim saylangan hudud eng katta talofat ko’rgani sabab, qonun chiqaruvchini Vashingtondan topib bo’lmadi. Ammo matbuot bilan ishlashni biladigan kotibi ming bora uzr so’rab, Ros-Lehtinen xonim Amerika Ovozi O’zbek xizmati muxbiri bilan Vashingtondagi ofisida nonushta ustida uchrashib, bafurja suhbat qilishni xohlardi, deb murojaat qildi. Nihoyat Kongressdagi birinchi kubalik ayol va o’ngchi a’zo bilan uchrashish umidida, uning Amerika Ovozi televidenie va radiosi bilan bir ko’chada, faqat ikki blok narida joylashgan idorasiga yo'l oldik.

1956 yilda bunyod etilib, texaslik sobiq kongressmen Reyburn nomi berilgan oq bahaybat bino to’rt qavatdan iborat. Shubhasiz Vashingtondagi eng baland imorat Kapitoliya oldida ancha kichik.

Vakillar Palatasi a’zolari uchun ajratilgan bu bino ichkaridan ancha oddiy va byurokratik muassasalarga xos gavjum va rasmiy ko’rinishga ega. Uzun koridorlarning har ikki tomonida barcha kongressmenlar uchun teng hajm va bir xil uslubda ishlangan idoralar. Devorlarda hech kimning rasmini ko’rmaysiz. Oppoq ohakka bo’yalgan yalang’och baland devorlar. Eshiklarning ikki yonida AQSh va qonun chiqaruvchilar saylangan shtat bayrog’lari hilpirab turibdi.

Zarhal xarflar bilan Ros-Lehtinen xonimning idorasi deb yozilgan, 2160 raqamli qalin yog’och eshikni ochib, ichkariga qadam qo’yamiz. Did bilan bezatilgan torgina qabulxona kichik Floridani eslatadi. Apelsinlar shtati deya nom olgan serquyosh o’lka rang-barang tabiati va xalqi bilan tanilgan. Poldagi qizg’ish gilamni hisobga olmaganda, Amerika siyosatchilari saroyda o’tiradi, deyish haqiqatni inkor etgan bo'lardi.

Behosdan o’ngdagi katta eshik ochilib, Ileana Ros-Lehtinen ko'rinadi. Bizni iliq so'zlar bilan qarshilar ekan, intervyuni qayta-qayta kechiktirgani uchun uzr so'raydi. Bu qonun chiqaruvchini gapdon, serg’ayrat va ba’zida o’z bilganidan qolmaydigan, o’jar siyosatchi, deb ta’riflashadi.

O’zbekistonda bu intervyu tuyaning go’shtini yegan ekan, deyishgan bo’lardi, deya tushuntiramiz. Ros-Lehtinen xonim qahqaha otib kular ekan, unga bu ibora kelajakda asqotishini aytadi.

Idorasi xodimlari bilan tanishtirar ekan, Ros-Lehtinen xonim ularni "men kubalik mafiyam" deb ataydi. Florida shtati Kubaga yaqinligi sabab, uning janubida Kubadan kelgan muhojir aholi katta sonni tashkil etadi. Ros-Lehtinenning o’zi ham Kubada tug’ilgan va juda yosh paytida Amerikaga kelgan. O’zini haqiqiy amerikalik deb hisoblasa-da, siyosiy faoliyatida Kubaga alohida e’tibor qaratadi va Kuba rahbari Fidel Kastroni erkinlik dushmani deb ataydi.

Ros-Lehtinen xonimning tarixiy hujjatlar, dunyoning turli burchaklarida, devorlarini turli tanish va notanish chehralar bilan olingan suratlar bezagan idorasi, Kongressning faxriy a’zolari serhasham saroylarda va tilla suvi yugurtirilgan mebellarda emas, barcha davlat idoralari uchun tanlangan oddiy kursilarda o’tirib ishlashidan dalolat beradi.

Suhbatdagi ilk mavzu - Andijon voqealari.

Amerika ovozi: O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol tufayli o’tgan yillarda sal sovuqlashgan AQSh-O’zbekiston aloqalari Andijon fojiasidan keyin yanada tang ahvolga tushdi. Sizningcha, kim nima xato qildi?

Ros-Lehtinen: "Juda tashvishli ishlar... Andijon voqeasi xalqaro hamjamiyatning ko’zini ochdi. O’zbekistondagi siyosiy beqarorlik, ommaning noroziligi, hukumat kuchlarining qurolsiz namoyishchilarni nishonga olishi... Axir qirg’in deb bekorga aytilmayapti. Aybdorlar javobgarlikka tortilmog’i lozim. Toshkentda sud tugadi, degani ish bitdi, degani emas. Aslida nima bo’lgan, kimning buyrug’i bilan va nima uchun? Mustaqil xalqaro tergov o’tkazilishi lozim. AQSh shuni istaydi."

Amerika ovozi: O’zbekiston haqidagi har gapingizga inson huquqlarini bog’layapsiz. O’zbekiston hukumati nazarida AQSh inson huquqlarini bahona qilib, O’zbekistondagi rejimni o’zgartiqmoqchi. Inson huquqlaridan tashqari AQShning O’zbekistonga nisbatan munosabatini belgilovchi yana qanday omillar bor?

Ros-Lehtinen: "Inson huquqlari bu eng muhimi. Qonun ustuvorligi muhim rol o’ynaydi. Chunki, o’z harbiy kuchlarining qilmishi uchun javob bermaydigan hukumat bu hukumat emas. Biz Andijonda qancha odam o’lganini haligacha bilmaymiz. Hukumat 200 dan ortiq desa, inson huquqlari tashkilotlari yuzlab odam o’ldi. Voqeani mustaqil tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish lozim."

Amerika ovozi: AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays (Condoleezza Rice) o’tgan sentyabr oyida Markaziy Osiyoga safar qilganida, O’zbekistonni chetlab o’tdi. AQSh yaqingacha ham og’iz-burun o’pishgan strategik hamkoriga bu bilan aynan nima demoqchi bo’ldi?

Ros-Lehtinen: "Bizning pozitsiyamiz aniq. Biz inson huquqlari va qonun ustuvorligini e’zozlaymiz. Har bir hukumat, jumladan bizning hukumat ham har bir qadami uchun javob berishi lozim. Men Davlat kotibasi Kondoliza Rays O’zbekistonga bormay, tog’ri qildi, deb hisoblayman. Yaqinda Misrda yetakchi muxolifatchi qamoqda saqlanayotgani uchun Rays xonim qator muhim uchrashuvlardan voz kechsa-da, Misrga bormadi. Bu, AQSh inson huquqlari poymol etilishiga qarshi, deganidir. O’zbekistonga bormaslik jiddiy oqibatlarga olib borishini bilsak-da, bunday qadamni to’g’ri, deb bilamiz. Natijada Xonoboddagi bazani boy berdik. Baza biz uchun muhim inshoot edi, ammo inson huquqlari va qonun ustuvorligi undan-da muhimdir. Shu bois ham Rays xonimni O’zbekistonga yubormaslikni ma’qul deb topdik."

Amerika ovozi: Siz doimo Amerika O’zbekistonga amaliy yondashmog’i lozim, ayniqsa harbiy hamkorlik juda muhim, deb kelgansiz. 2004 yilda Vakillar Palatasida Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha shug’ullanuvchi, siz boshchilik qiluvchi quyi-qo’mitada kechgan tinglovda AQSh O’zbekistonning maxsus xavfsizlik kuchlarini chiniqtirishda va malakasini oshirishda yordam berishi kerak, degan tashabbusni olga surgan edingiz. Andijondagi qozg’olonni tinchitishda o’sha, AQSh harbiy murabbiyligidan o’tgan kuchlar qo’llanilgani taxmin qilinadi. Demak, Andijon voqeasida AQSh ham o’ziga yarasha javobgarlikka ega ekan, degan fikr tug’ilishi mumkin, shunday emasmi?

Ros-Lehtinen: "Kimdir shunday xulosaga kelishi mumkin, ammo bu puch xulosadir. Men o’sha nutqimda AQSh Markaziy Osiyoda harbiy muvozanatning vujudga kelishi va xalqni muhofaza qila oladigan, uning manfaati uchun xizmat qiladigan harbiy kuchlarni tayyorlashda yordam berishi kerak, deyayotgan edim. Biz bu bilan O’zbekiston harbiylari biror harakatni amalga oshirsin, degan emasmiz. Agar mamlakat inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun harbiy yordam kerak, desa biz ko’mak qo’lini cho’zamiz. Xuddi Iroq va Afg’onistonda qilayotganimizdek. Lekin biz ularni xalqni nishonga olish uchun tayyorlamaymiz. Biz ularni ma’suliyatli xizmatchilar sifatida yetishishini istaymiz. Biz xato qilsa, jinoyat qilsa, o’z harbiylarimizni ham sudga tortamiz. Shuning uchun Andijonda namoyishchilarga qarshi safarbar etilgan kuchlar AQSh tayyorgarligidan o’tgan va shu bois ham AQSh ham qon to’kilishida javobgar, deyish bo’lmag’ur gapdir. Biz xalqni nishonga oladigan harbiy kuch emas, balki demokratik jamiyat va xalq oldida javobgar hukumat va armiya tarafdorimiz."

Qonun chiqaruvchi O’zbekistonning AQSh Federal qidiruv boshqarmasidan (FQB) yordam so’raganini baholashga shoshmaydi. “Bu qanday yordam ekaniga va uning ahamiyatiga bog’liq,”-deydi Ros-Lehtinen xonim. FQB Kongressning ruxsatisiz O’zbekistonda idora ocha olmaydi. Undan ruxsat olinganki, boshqarma shu yil oxirigacha Toshkentdagi AQSh elchixonasida o’z idorasiga ega bo’ladi.

Ros-Lehtinen: "Biz mamlakatlarga harbiy va razvedka borasida yordam berar ekanmiz, bu yordam o’sha jamiyatning erkin va ochiq bo’lishi uchun hissa qo’shishini xohlaymiz. Bizning yordam O’zbekistonda keng qanot yozayotgan qashshoqlikka, korruptsiya, terrorga va ektremist guruhlarga qarshi kurashda yordam beradimi? Shunday ekan, FQB ning O’zbekistonda ishlashi O’zbekiston-AQSh hamkorligi nuqtai-nazaridan ijobiy hol; biz mintaqaga terrorga qarshi kurashda yordam berishni istaymiz, ammo FQB faoliyati muxolifatchilarni qamoqqa tashlash, hukumatdan norozilarni qo’rqitish va ta’qib qilishda qo’llansa, xalqaro qonunlar va inson huquqlari bo’yicha umumbashariy talablarga qarshi ish bo’ladi va biz bunga qat’iy qarshimiz."

Ros-Lehtinen xonimning fikricha, O’zbekiston terrorga qarshi kurashda AQSh bilan yetarlicha hamkorlik qilmayapti. Ros-Lehtinen xonim Xonobod bazasining Amerika qo’shinlari uchun yopilganidan afsuslanadi. “Lekin,”- deya qayd etadi u, “biz Bush rahbariyatining inson huquqlari va demokratiya urug’ini sochish doktrinasiga sodiq qolamiz."

Ros-Lehtinen: Biz bilamizki, O’zbekiston xalqi o’z hukumatining to’g’ri yo’ldan ketishini va demokratiya, erkinlik va inson huquqlari bobida AQSh bilan hamkorlik qilishini istaydi. Ammo, vaziyat juda qaltis... aloqalarimiz hozirda yomon ahvolda. Sabab shuki, O’zbekiston hukumati notog’ri yo’ldan ketmoqda va noto’g’i qarorlar qilmoqda.

Amerika ovozi: Mintaqachi? O’zbekiston Markaziy Osiyodagi hamkorlar doirasidan chiqar ekan, unda AQSh tashqi siyosati mintaqada nimani ko’zlamoqda? Ayniqsa, Rossiya va Xitoy mintaqada o’z ta’sir doirasini kuchaytirishda vaqtni boy bermayotgan bir paytda?

Ros-Lehtinen: "Rossiya va Xitoy, shubhasiz, mintaqada doimiy kuchga ega bo’lishni istaydi. Bu bizni xavotirga soladi. Rossiya va Xitoy biz bilan ba’zida hamkor, ba’zida strategik ittifoqchi... Ba’zida aloqalarimiz taranglashadi. Har ikki davlat mintaqadagi boylikni qo’l ostiga olishga urinmoqda. Xitoy neft va tabiiy gazga boy Markaziy Osiyoni egallashni xohlaydi, Rossiya esa bu boyliklarning chiqarilishini o’z nazoratiga olmoqchi. Ular siyosiy o’yinchi bo’lish niyatida. AQSh esa o’z printsiplariga rioya qilgan holda, har sohada butun mintaqada foydali hamkor bo’lishni maqsad qilgan. Erkinlik, demokratiya, inson huquqlari, korruptsiyaga qarshi kurash, ochiq va ma’suliyatli hukumat va rahbariyatlarni qilmishlari uchun javobgar tutish..."

Amerika ovozi: Gapingizdan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yuritayotgan siyosatdan ancha norozi ko'rinasiz? AQSh blokning yangi kuzatuvchi a'zolaridan xavotirdami?

Ros-Lehtinen: "Eronga Shanxay Hamkorlik Tashkilotida kuzatuvchi maqomi berilishi tashvishli hol. Eron tinchlik tarafdori emas. Eron terrorga qarshi urushda hamkor emas. Shu bois ham AQSh Markaziy Osiyoga ixtilof maydoni sifatida qaraydi... Ektremist guruhlardan, mintaqada boylik orttirish uchun harakat qilayotgan tomonlardan ehtiyot bo’lish kerak. Xitoy, Rossiya, endi mana Eron ham kirib kelyapti. Bu juda tashvishli hol."

12 noyabr kuni Vakillar palatasining yetakchi a’zolari “Serquyosh O’zbekistonim” koalitsiyasining qalloblikda ayblanib, qamoqqa tashlangan rahbari Sanjar Umarovning ahvolidan xavotirda ekanliklarini bildirib, O’zbekistonda har bir fuqaroning fundamental erkinligini ta’minlashga chaqirgan rezolyutsiya chiqarishni taklif qildilar.

Ros-Lehtinen: "Rezolyutsiya Sanjar Umarovning ishiga urg’u beradi. Ammo biz butun Markaziy Osiyo bo’ylab, butun O’zbekiston bo’ylab, barchaning inson huquqlari himoyalanishi tarafdorimiz."

Amerika ovozi: O’zbekistonda minglab siyosiy mahbuslar bor. Nima uchun aynan Sanjar Umarov haqida gap ketyapti?

Ros-Lehtinen: "Umumiy gaplar bilan ish bitmaydi. Maqsad - huquqi poymol etilayotgan bir shaxs misolida butun mamlakatda fuqaro erkinligi buzilayotganini aks ettirish. Biz butun Markaziy Osiyoga nisbatan shunday ish tutmoqchimiz. Bir kishining taqdiri mamlakatdagi fuqarolar taqdirini namoyon etadi. Xalqaro jamoatchilik uchun buni tushunib yetish juda muhim."

Amerika ovozi: O’zbekiston hukumati Kongress chiqarayotgan bu rezolyutsiyalarga javob beradi, deb o’ylaysizmi?

Ros-Lehtinen: "Men, AQSh qonun chiqaruvchisi sifatida, hukumatimiz boshqa davlatlarga qanday siyosat yuritishni buyurishi kerak, deb hisoblamayman. Hukumat xalq manfaatini o’ylashi kerak... AQSh hukumati ham har bir harakati uchun javob beradi. Kongress a’zolari prezident Bushni qanchalik tanqid qilishayotganiga guvohsiz. Biz O’zbekiston xalqi ham o’z hukumatini javobgar tuta olsin, deymiz. Biz O’zbekistonga, mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun odil va mustaqil sud katta ahamiyatga egaligini, aytyapmiz. Aytingchi, qaysi xalq va qaysi insofli fuqaro adolat ravnaq topishini istamaydi? Har qanday ayblanuvchi uning barcha huquqlari e’zozlangan holda sudga tortilmog’i lozim. AQSh har bir xalqqa shuni tilaydi."

Yuzma-yuz o’tirib, ora-sirada kofe, choy taklif qilarkan, siyosatchi qarshimizda muloqotni kuzatib o’tirgan yordamchisiga bir zum tikilib, O’zbekistonda hech bo’lmaganini, ammo mamlakatda Amerikaga qarshi axborot hujumi olib borilayotganidan xabardor ekanini aytadi.

Ros-Lehtinen: "Amerika shunday erkin va ochiq jamiyatki, matbuotimiz erkin... Biz hamma jinoyatlarni tergov qilamiz. Abu-Q’arib qamoqxonasidagimi yoki boshqa harbiy qilmishlar bo’lsin. Masalan, vitse-prezident idorasining boshlig’i jinoyatda ayblanmoqda. AQShda hech kim qonundan ustun emas. Hatto eng oliy darajali odam ham ishi uchun javob beradi. Bu bizning yomon jamiyat emas, balki adolatli, ochiq jamiyat ekanimizni isbotlaydi. O’zbekiston hukumati ham qonundan ustun emas. Lekin O’zbekistonda adolat yo’q. Hukumatdan noroziligini aytgan odamlar soxta ayblab bilan qamoqqa tashlanadi."

Kongress a’zosi O’zbekistonda AQShga qarshi qarash hukm suriyotganini biladi. Buning sababi, “odamlar AQSh bizga o’z tizimini zo’rlayapti, deb o’ylashadi. Bunday emas. Biz xalq o’z kelajagini o’zi belgilasin, deymiz,”-deydi.

Ros-Lehtinen: "Biz O’zbekiston xalqini sevamiz va hurmat qilamiz. Niyatimiz xalq erkin jamiyatda yashasin, hukumatni so’roq qila olsin, erkin fikrga, erkin so’zga ega bo’lsin."

Kubada dunyoga kelganini va diktatorlik tizimidan yaxshi xabardor ekanini eslatar ekan, suhbat so’nggida Ileana Ros-Lehtinen diktatorlar o’rtasida farq yo’q va ularni taqqoslab ham bo’lmaydi, deydi.

Ros-Lehtinen: "Dunyoning har nuqtasida, xoh Kuba, xoh O’zbekiston, hamma erkin hayot kechirishni istaydi. Har bir insonning hayoti bebahodir... Men bir ona sifatida, ishonchim komilki, O’zbekistondagi har ona farzandlarim erkin muhitda yashasin, deydi. O’zbekistonda mening shu gaplarimni eshitib o’tirgan hammaga shuni tilayman."