AQSh O'zbekistonga strategik hamkorlik shartlarini eslatmoqda

AQShning yaqinda Toshkentda bo’lib qaytgan bosh diplomatlaridan biri O’zbekiston bilan aloqalar yaqin kelajakda iliqlashadi degan umidda.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovoni Richard Baucher "O’zbekiston bilan munosabatlar olg’a siljimayapti",- deydi.

Biroq Baucherning o’rinbosari Evan Feygenbaum (Evan A. Feigenbaum) O’zbekistonga uch kunlik tashrifini “juda samarali” deb ta’riflamoqda.

“Bu mening darajamda AQShdan o’tgan olti oy ichida qilingan ilk tashrif bo’ldi. O’zbekiston tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri va prezidentning xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari bilan uchrashdim”,- deydi Feygenbaum.

AQSh O’zbekistonni asosan inson huquqlari ahvoli yomonligi va islohotlar sur’ati pastligi borasida tanqid qiladi. AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Nikolas Byorns “Vashingtonning O’zbekistonda ijobiy o’zgarish bo’lishi uchun ta’sir o’tkazish imkoniyatlari cheklangan”,- deydi.

Feygenbaumning aytishicha esa AQSh "O’zbekistonni islohotlar qil, huquq ahvolini yaxshila" deya majburlamoqchi emas.

"O’zbekiston hukumatini hech narsa qilishga majburlamoqchi emasmiz. Biroq ko’p-qirrali hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun cheksiz imkoniyatlar bor. Bu yangilik emas. AQSh O’zbekistonda elchixona ochganiga 15 yil bo’lyapti. AQSh-O’zbekiston o’rtasida strategik hamkorlik imzolanganiga esa besh yil. O'zbekiston rasmiylari 2002 yilgi strategik bitimda nimalarga kelishilganini yodda tutmog'i lozim. Bu hujjat chuqur munosabatlarga zamin yaratadi: xavfsizlik, savdo, yonilg’i, demokratik islohotlar va inson huquqlari, tabiat muhofazasi, suv xo’jaligi, ta’lim sohasi va hokazo. To’g’ri, aloqalarimiz o’tgan ikki yil ichida juda qiyin ahvolga tushib qoldi. Lekin vaziyatdan chiqishning yo’llari bor. Qaytaraman, biz O’zbekistonga bosim o’tkazmoqchi emasmiz. Kelishmovchiliklarni tan olamiz, biroq maqsad amaliy, real hamkorlik. Farqlarni hisobga olgan holda, oldinga intilish. Toshkentga shu sabab bordim. O’zbekiston hukumati oldida ham shu vazifa turibdi",- deydi Feygenbaum.

AQShning inson huquqlari dunyo bo’ylab qay ahvolda ekani haqidagi xulosalari va O’zbekistondagi holatni keskin tanqid qilgani rasmiy Toshkentda norozilik uyg’otgan. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nazarida AQSh mamlakatni ko’r-ko’rona nishonga olmoqda. Amerika diplomatlari, jumladan Feygenbaum bu kabi qarshilikdan hayron emas.

"Dunyoda hech bir davlat boshqa bir davlat bilan har jihatdan kelisha olmaydi. O’zbekiston va AQSh hamkorlikka bel bog’laganmi, demak, qog’ozdagi bayonotlarni voqelikka aylantirish lozim. Inson huquqlari bobida bir fikrda emasmiz. Toshkentdan kelayotgan bayonotlarni o’qidik. Hisobotimiz qoralanayotganidan ajablanmayapmiz. Lekin tahlilnomamiz Toshkentdagi hamkasblarimizni ham ajablantirmagan bo’lsa kerak. Inson huquqlari borasida muloqotni davom ettirish kerak",- deydi Feygenbaum.

AQSh Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlik, mintaqani Janubiy Osiyo bilan yaqinlashtirish haqida ko’p gapiryapti. Afg’oniston qo’shni, biroq mintaqada hech bir davlat uni yaqin hamkor deb bilmaydi. Hamma Rossiya va Xitoyga katta umid bilan qaraydi. Shunday ekan, Markaziy Osiyo AQSh tashabbuslariga ijobiy javob beradi deb o’ylashga nima asos bor, deya so’raymiz bosh diplomat Evan Feygenbaumdan.

"Markaziy Osiyoda AQShning integratsiya g’oyalariga ishonqiramay qarashlarini bilamiz. Chunki bu borada 15 yildan beri gapirib kelyapmiz. Biz uchun mintaqa davlatlarining o’zaro hamkorlarga aylanishi muhim. Bu iqtisodni, tinchlikni mustahkamlaydi. Biz integratsiya deganda shimol, janub, g’arb va sharq bilan hamkorlikni nazarda tutamiz. To’g’ri, janub, xususan Afg’oniston bilan ishlashga chorlab kelyapmiz. Chunki, mamlakatda yangi imkoniyatlar paydo bo’lmoqda",- deydi Feygenbaum.

AQSh tashqi siyosatini respublikachi prezident Bush va Davlat kotibasi Kondoliza Rays belgilaydi. Bu boshqaruv nazarida xavfsizlik, terrorga qarshi kurash, inson huquqlari va demokratik islohotlar juda muhim. Endilikda Kongressda hukmron demokratlar respublikachi prezident bilan tashqi siyosatda hamfikr emas.

Kongress o’zgardi, O’zbekistonga, qolaversa butun Markaziy Osiyoga nisbatan strategiya o’zgarishi mumkinmi?

"Savolingiz qiziq bir haqiqatni ko’taradi. Bilasizmi, AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati o’tgan 15 yildan beri deyarli o’zgargani yo’q. Boshidan nimani xohlagan bo’lsak, hozir ham shu. Biz mintaqada haqiqatdan mustaqil, suveren davlatlarni ko’rishni istaymiz. Toshkentda bo’lganimda, O’zbekiston rasmiylariga 2002 yilda imzolangan strategik hamkorlik shartnomasini eslatdim. Unda har ikki tomon ko’p-tomonli aloqalarni rivojlantirishni va’da qilgan. AQShda respublikachilar hukmronmi, demokratlarmi, bu hukumatmi, kelgusi hukumatmi, kim bo’lishidan qat’iy nazar ana shu maqsadlar yo’lida harakat qilishimizga shubham yo’q. Fikrimcha, yangi Kongress bilan, hatto 2009 yilda Oq Uyga yangi boshqaruv kelganida ham bu siyosat o’rgarmaydi",- deydi Feygenbaum.

O’zbekistonda islohotlar qanchalik zarur ekani bo’yicha demokratlar ham, respublikachilar ham bir fikrda.