Tojiboyeva xorijda qahramon, vatanda siyosiy mahbus

Qamoqdagi huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaning qarindoshlari yaqinda unga berilgan yuksak mukofot faolning ozod etilishiga turtki beradi degan umidda.

2005 yilda Andijon fojealaridan keyin firibgarlik, ruxsatsiz namoyishlar o`tkazganlik, davlat idoralarini haqoratlaganlik kabi ayblovlar bilan sakkiz yilga panjara ortiga tashlangan Mo’tabar Tojiboyeva ayni damda Toshkentdagi ayollar qamoqxonasida saqlanmoqda. Yaqinlarining aytishicha, uning sog'lig'i yaxshi emas.

Mo'tabar Tojiboyeva Farg`onadagi “O`t yuraklar” tashkiloti rahbari edi. Yaqinda u inson huquqlari himoyachilariga beriladigan nufuzli Martin Ennals mukofotiga munosib topildi.

Martin Ennals jamg`armasi nazarida Tojiboyeva Andijon fojeasidan son`g hukumatni tanqid ostiga olgan huquq himoyachilaridan biri va shu bois ham unga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

Mukofot ta`sischilari orasida Xalqaro Amnistiya va Human Right Watch kabi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bor.

“Mukofot haqidagi xabardan juda xursand bo`ldim",- deydi mahbusning Rasul Tojiboyev. "Chunki opam bu mukofotga loyiq deb o`ylayman. Qancha qiynoqlarga bardosh berib kelayapti. Yana umid qilamanki, mukofot opamni ozodlikka chiqishiga ham ijobiy ta'sir qiladi”.

Rasul Tojiboyevning aytishicha uning opasi qamoqda tazyiq va ta`qiblarga tutilgan, qayta-qayta jazo kamerasiga tashlangan va ichki tartibni buzgan deya bir necha bor jazolangan.

“Opam sovuq paytlari ham bitta kuylakda izolyatorga tashlangani sababli qattiq kasallik orttirgan”, - deydi Tojiboyevaning ukasi.

Farg`onalik huquq himoyachsi Abdusalom Ergashev fikricha G`arb tomonidan O`zbekistondagi vaziyatga qaratilayotgan e`tibor o`zgarishlarga sabab bo`lmoqda va bu hol Tojiboyevaning taqdirida ham aks etishi kerak.

“E`tibor kuchaygani tufayli bir necta xalqaro qonunlar ratifikatsiya qilindi. Inson huquqlariga doir qonun qabul qilindi. Mo`tabar Tojiboyevaning shunday yuksak unvonga sazovor bo`lganidan keyin ham uni uzoq vaqt hibsda saqlash odobdan bo'lmasa kerak”,- deydi Ergashev.

O`zbekistonda bir nechta huquq himoyachisi amnistiya natijasida erkinlikka chiqdi. So`nggi bor amnistiya bilan huquq faoli Karim Bozorboyev ozod qilingan edi. Keyinroq esa mahalliy faollardan yana biri, shoir Yusuf Juma, 5 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

Yaqindagi ma`lumotlarga ko`ra Yusuf Juma shavqatsiz maskan deya nom chiqargan “Jasliq” qamoqxonasiga jo`natilgan. Shoir ustidan o`qilgan hukmni shikoyat tartibida ko`rish arizasi qabul qilinmagan.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov Yusuf Juma tergov mahalida ham qiynoqlarga tutilganini, huquqlari buzilganini aytadi.

“Yusuf Jumaga nisbatan siyosiy terror amalga oshrilmoqda”, - deydi Tashanov.