Tabiiy yonilg'i manbalariga muhtoj Xitoy keyingi yillarda Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda.
Ayrimlar nazarida Xitoy asta-sekin mintaqaga kirib kelmoqda va tez orada mahkam o'rnashib olishi mumkin.
Tojikiston hukumati uchun chet eldan sarmoya jalb etish eng muhim vazifa.
Gidroelektrostansiyalar qurilishida Eron va Rossiya faol ishtirok etmoqda. Bunga Xitoy ham katta qiziqish bildirgan.
Hozircha xitoyliklar Tojikistonda mobil aloqa va yo’l qurilishlarida faollik ko’rsatmoqda.
Bu loyihalarda xorij davlatlarining ulushi milliard dollarga etadi. Ammo ayrimlar fikriga ko’ra, bu kabi loyihalar bilan Xitoy asta-sekin mintaqaga kirib kelmoqda va hademay bu yerda muqim o’rnashib olishi mumkin.
Tojikistonlik mustaqil tahlilchi Islomi Karimning aytishicha, xitoylikar qurayotgan Chanoq-Dushanbe magistral yo’lidan mamlakat iqtisodiy manfaatdor, chunki respublika jahonga olib chiquvchi va xalqaro talablarga javob beruvchi yo’lga ega bo’ladi.
Lekin Tojikiston shimolida ish ko’rayotgan xitoyliklar genofondga xavf solmoqda deydi mahalliy ziyolilar.
O’qituvchi Shoira Qahhorova Tojikistonda ishlayotgan xitoylik yo’lsozlarning tojik-o’zbek ayollariga uylanib olayotganidan norozi.
“Bizlar Fayzobodda tojik ayollari xitoyliklarga erga tegayotganini eshitib kulgan edik. Endi esa mana o’zimiznikilar ham buzila boshladi. Avval bittasi, keyin boshqa ayollar tegib olibdi xitoyliklarga. Nasl buzilib ketmoqda. Keyin aytishadiki, nega bemehr, beoqibat bolalar paydo bo’lyapti deb. Bebismillo bo’lgan bunday bolalar yomon bo’ladi-da, yaxshi bo’larmidi?!”- deydi Shoira Qahhorova.
Ammo Islomi Karim mahalliy ziyolilarning bunday fikriga qo’shilmaydi. Uning aytishicha, bunday fikrlar masalaning asl mohiyatidan bexabar shaxslardan chiqadi. Uning aytishicha, Tojikistonda hukumat udallay olmayotgan ishlarni xitoyliklar bajarmoqda.
“Tojikistonda yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini ham qurib berishga va’da berayotgan Xitoy ishchilarini jalb eta olgan hukumatni ham tushunmoq kerak,”- deydi tojik tahlilchisi.
Lekin Shoira Qahhorova Tojikitonda yo’lsoz xitoyliklarga ayollar yetkazib berayotganlar ham paydo bo’layotgaligini aytadi Uning aytishicha ba’zilar bunday usul bilan pul ishlash yo’liga o’tganlar.
Ayrim tahlilchilar Xitoy kelajakda Tojikiston yerlariga da’vogarlik qilishi mumkin deydi. Tog’li Badaxshonning qariyb 100 ming gektar yerini Xitoyga berib qo’ygan Tojikiston hukumati tashqi siyosatda qo’pol xatoga yo’l qo’ymoqda deydi ular.
Tojik tahlilchisi Islomi Karim Xitoy ishchilarining genofondga ta’siri va kelajak tahdidini inkor etmaydi.
“Albatta bunday xavf saqlanib qoladi. Bu tabiiy. Istasak-istanasak o’rtada bunday munosabatlar paydo bo’ladi. Ammo bu sabab yirik iqtisodiy loyihalardan voz kechib bo’lmaydi,” - deydi Islomi Karim.