Tojikiston tashqi siyosatida qator o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Mamlakatning Eron va Afg'oniston bilan aloqalari mustahkamlanar ekan, deydi sharhlovchilar, Rossiya va Xitoy ta'siri va roli ancha susayishi mumkin.
Tojikistonda ko'pchilik Eron va Afg'oniston bilan hamkorlik rivojlanishi tarafdori. Eron internet saytlaridan biriga ishlovchi jurnalist Abduqodiri Jiloniy fikricha bu davlatlar bir imperiya tuzish harakatida.
"Mahmud Ahmadinajod har ikki davlat bilan aloqalarni kuchaytirishni istaydi. Lekin Afg'oniston bilan munosabat unchalik yaqin emas. Buning sababi, nazarimda, Afg'onistonning G'arb mamlakatlari bilan yaqinlashib borayotganligi va Ga'rb ta'siriga tushib qolayotgani",- deydi Jiloniy.
Tojikistonda ba'zi rahbarlar Eron bilan hamkorlikni kengaytirishdan hayiqadi deydi jurnalist. Chunki, deydi u, amaldorlar hukumat idoralarida islomiy qarashlar avj olishidan xavotirlanadi.
Yana bir jurnalist Aleksandr Radushkin fikricha esa Tojikiston hjar tomonlar munosabatlarni taraqqiy ettirish haqida o'ylashi lozim.
"Lekin AQSh yetakchiligida Afg'onistonda xalqaro terrorizmga qarshi kurashayotgan koalisiya kuchlariga ko'mak ko'rsatish Tojikiston uchun juda zarur va foydalidir",- deydi Radushkin.
Tojikistonda hozir Eron bilan hamkorlikda Sangto'da-2 GESi va "Chormag'zak" tunneli qurilmoqda. Shuningdek, "Sho'rob" GESi qurish, Tojikiston-Hindiston hamkorligidagi farmasevtika zavodining 35 foiziga Eron hissadorlik qilishi, Tojikistonda Eron savdo markazi bunyod etish, Dushanbeda lazer bilan davolash maskanini ishga tushirish rejalangan.
Eron Islomiy Respublikasining Tojikistondagi favqulodda va muxtor elchisi Aliasg'ar She'rdo'stning aytishicha, Xitoyning Qashqar shahridan Qirg'iziston va Tojikiston orqali o'tadigan yangi temir yo'lini Afg'oniston hududidan Eron va Pokiston temir yo'llariga qo'shish loyihasi amalga oshmoqda.
Tojikistonni Afg'onistondan ajratib turuvchi Panj daryosiga zamonaviy ko'priklar qurilmoqda. Ulardan biri AQShning moliyaviy ko'magida bunyod etildi va ishga tushirildi. Ko'prikning har ikki tomonida tijorat markazlari faoliyat ko'rsatmoqda. Tojikiston Afg'onistonga zarur bo'lgan elektr energiyasini yetkazib bermoqda.
Jurnalist Radushkinning aytishicha, Rossiya ham Tojikistonning Afg'oniston bilan aloqalaridan juda manfaatdor. Negaki Tojikiston va Afg'oniston o'rtasidagi chegara Rossiya bilan ham chegara sifatida ko'riladi.
"Yana bir sabab – qoradori savdosi. Chunki bu chegaradan Rossiyaga, Yevropa va Amerikaga ham narkotik oqimi o'tadi. Bu - mintaqadagi eng katta xavfdir",- deydi Radushkin.
Sobiq harbiy Anvar Qo'ydimurodov Afg'oniston va Eron bilan aloqalarni yanada rivojlantirish kerak deydi. Uning aytishicha, Tojikistoning Chkalovsk shahrida ishdan to'xtab qolgan uran kombinatini Afg'oniston yordamida qayta ishga tushirish mumkin.
"Hozir Eron ham, boshqa mamlakatlar ham bunga muhtoj. Agar uran kombinati qayta ochilsa, aloqalar yaxshilansa, Tojikistonga yanada katta foyda keltirishi mumkin", - deydi Qo'ydimurodov.
Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiyning qayd
etishicha Eron va Afg'oniston o'rtasida mustahkamlanib borayotgan aloqalar
biror bir davlatga qarshi qaratilmagan va mintaqa rivoji uchun xizmat
qiladi.