Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvdan oddiy xalq nima naf ko'radi?

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili Pier Morell boshchiligidagi delegatsiya kecha Toshkentda muzokaralar o`tkazgan.

O’zbekiston rahbariyati bilan muloqotda inson huquqlari ahvoliga alohida e’tibor qaratilgani ta`kidlanadi.

Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston hukumati o`rtasida munosabatlar rivojlanmoqda, ammo bu rishtalardan xalqqa qanday naf tegadi?

Fransiyaning O'zbekistondagi elchixonasiga ko`ra Yevropa delegatsiyasi O`zbekiston tashqi ishlar va adliya vazirlari bilan uchrashgan.

Elchixona matbuot kotibasi Farida Sharifullinaning aytishicha Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan uchrashuvda Afg`onistondagi vaziyat, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston hamkorligi, shuningdek, inson huquqlari borasida gap borgan.

Jamoatchilik orasida esa Yevropa Ittifoqi va rasmiy Toshkent o`rtasida huquq yuzasidan kechayotgan muloqotga nisbatan qarashkar turlicha.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonda yaqin o'tgan oylarda bir necha huquq himoyachisi qamoqdan ozod etilgani va ulardan biri Mo`tabar Tojiboyevaning xorijga chiqishi uchun ruxsat berilganini olqishlagan.

Ittifoq mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov va siyosiy faol A'zam Turg`unovning uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinganini qoralab, ular nohaq sud qilinganini qayd etgan.

O`zbekistonda o`lim jazosining bekor qilingani va fuqarolarning qamoqqa olinishini endi faqat sud buyura olishi mumkinligi haqida yangi qonunlar ham Yevropa Ittifoqi tomonidan iliq kutib olingan edi.

Biroq yaqinda mamlakatda ro'yxatga olingan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati nazarida yangi qonunlar yoki ularga o'zgartirishlar kiritish bilan vaziyat yaxshilanib qolmayapti.

Ushbu tashkilot islohotlarni sarhisob qilish uchun anjuman o'tkazganida unda davlat idorasi vakili ham qatnashgan.

"Ezgulik" rahbari Vasila Inoyatovaning aytishicha, hukumat bilan muloqot qilishning fursati yetgan.

“Biz O`zbekistonda sud-huquq tizimida inson huquqlarining buzilishi haqida bir qancha hisobotlar tayyorlagan edik. Bu hukumatga yoqmagan bo`lishi mumkin. Tergov jarayonida advokatlarning ham huquqlari bu`zilayotgani ta`kidlandi. Hukumat idoralari huquq himoyachilarini qora bo`yoqda ko'rishni to`xtatishi kerak. Biz birgalikda mavjud qonunchiliklarga o`zgartirishlar kiritishimiz, muloqot qilishimiz uchun vaqt keldi”,- deydi Inoyatova.

Bosh prokuratura vakili qatnashgan anjumanda ayrim siyosiy mahbuslar taqdiri haqida ham gapirilgan.

Jumladan, shoir Yusuf Juma oilasi tomonidan yozilgan apellyatsiya shikoyatlari inobatsiz qolayotgani, qamoqxonada silga chalingan huquq himoyachisi Alisher Karomatovning yordamga muhtojligi ta`kidlangan.

Konferensiyada ishtirok etgan muxolifat vakillaridan biri Botir Norboyev fikricha avtoritar tuzumdan voz kechilmas ekan, islohotlar ish bermaydi.

“Tumanlarda, viloyatlarda hokimlar avtoritar hukmdorlardir. Hokim sudga aytib siyosiy faollarni qamashi mumkin. Oshkoralik bo`lmagan jamiyatda sudning mustaqilligi haqida gap bo`lishi mumkin emas",- deydi Norboyev.

Uning ta'kidlashicha, amaldorlar biror kishini qamamoqchi bo`lsa sud bilan bu borada kelishib ketaveradi. Jurnalistlar va matbuot sabab nima deb so'ray olmaydi. Bunga jur'at etgan jurnalistning o'zi xavf ostida qoladi, deydi Norboyev.

Yevropa Ittifoqi O`zbekiston hukumatiga nisbatan 2005 yilda joriy etgan sanksiyalarni qisman bekor qilgan va yumshatgan. Buning shartlaridan biri shu ediki, O'zbekistonda inson huquqlari sezilarli darajada e'zozlana boshlashi, erkin fikrlovchi fuqarolarga o'z fikrini bayon etish uchun yo'l berilishi lozim.

Hozircha, deydi jamoatchilik vakillari, hukumat zimmasidagi vazifalarni bajarmagan.