Muhojirot va o'zbeklar tarixi… Kecha va bugun tahlili

Mash'um o'tmish xotiralari...

O'zbekiston tarixida fojeali sanalar talaygina. Yaqin o’tmishda chor Rossiyasi bosqini, Qizil imperiya hukmronligi...

Bu davrda millat ziyolilari qirg`in qilinib, minglab o`zbeklar vatandan quvildi.

Muhojirlarning ko`pchiligiga yurtga qaytish nasib etmadi.

O’zbekiston mustaqillikka erishgan kun nafaqat mamlakat ichkarisida, balki yurtdan tashqarida, muhojirotda yurgan millionlab o`zbeklar tomonidan ham quvonch bilan kutib olindi.

Ko`pi vataniga qaytdi, biroq mustaqil hayot uzoq yillik muhojirlik mashaqqatlarini unutish uchun imkon berdi deyish qiyin. O`zbekistonda yurtdan tashqarida bo`lgan millionlab vatandoshlarga nisbatan siyosat hali ham shakllanmagan.

“Assalomu alaykum, hurmatli radio tinglovchilar. Men[ing] ota-onam 1930-31 yillarda O’zbekistondan Afg’onistonga muhojir bo’lib borib qolgan. Bunga sabab o’sha paytdagi siyosiy tuzum va bosimdir. Ular Afg`onistonda olamdan o`tishgan. Ota-onam asli Farg`onaning Oltiariq rayonidan bo`ladi. Ona yurtim mustaqil bo`lgandan keyin farzandlarim bilan o`z yurtimga qaytib keldim. 16 yildan buyon O`zbekistonda yashayman. Hayotimdan roziman, farzandlarimni o`qitdim”, - deydi muhojirlik mashshaqatlarini boshdan kechirgan o`zbeklardam biri.

U ayni paytda vatanda ekanligidan quvonchda. O`zbekiston hukumatiga minnatdorchilk bildiradi. Biroq bu minnatdorchilik ortidagi hadikni, ertangi taqdir mavhumligini anglash qiyin emas.

“Hozircha O`zbekistonda yashab turibmiz, shu yerda qolib yashash niyatimiz bor. Ota-onam ota yurt haqida ko`p hikoya qilishgan. Yurtni qumsab olamdan o`tgan. Bizga vasiyat qoldirgan - agar yurt ozodlikka chiqsa, albatta, yurtga qaytib ketinglar deb”, - deydi vatandoshimiz.

O`zbekiston Xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik va madaniy-ma`rifiy aloqalar jamiyati Kengashiga ko’ra, tashqaridagi vatandoshlar soni 5,5 million atrofida.

O’zbek muhojirlarinig birinchi to`lqini o`tgan asrning 20-30 yillariga to`g`ri keladi. Bu jarayon Turkistonda Qizil imperiya hukmronligi o’rnatilgach boshlangan edi.

Qizil imperiya bosqinidan, 1920-1930 yillarda boshlangan qatag`onlardan qochgan o`zbeklar bugun dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida yashaydi.

Ta’qiblardan qochib ular avval Afg’onistonga o`tib, keyin Turkiya, Saudiya Arabistoni, Amerika va boshqa davlatlarda qo`nim topdi.

Xorijdagi vatandoshlar Turkiston tarixi, madaniyati, ijtimoiy ahamiyatini o’rganuvchi qator tadqiqotlar amalga oshirdi. Vali Qayumxon, Boymirza Hayit kabi ziyolilarning tadqiqotlari, izlanishlari shular jumlasidan.

Hofiz Dadaxon Hasan so’zlariga ko`ra, oshkoralik yillarida mamlakatda boshlangan erkinlik shabadasi xorijdagi vatandoshlar tomonidan umid bilan kutib olingan.

Hofiz ijrosidagi “Nega yig’lamaysan, Ona Turkiston?” qo`shig`i o’sha davr kayfiyatini yodga soladi. Bu kuy dunyo bo`ylab tarqalgan vatandoshlar orasida mashhur bo`lgan.

“Bu qo`shiqni 1987 yil oxirida magnit lentasiga ko`chirganman. Shundan so`nng bu qo`shiq Turkiya, Amerika, Saudiya Arabistonidagi vatandoshlarimizga ham yetib bordi. Turkiston ozodligini istagan bu vatandoshlarimizga bu qo’shiq juda yoqib qoldi. Hatto mustaqilikka erishilgandan keyin meni ko`rgani kelishdi”, - deb eslaydi hofiz.

"Turkiston-Amerika jamiyati"- yarim asrlik faoliyat

Dadaxon Hasan xorijdagi, xususan, Amerikada yashayotgan o`zbeklar bilan ko`p muloqotda bo`lgan. Shu kunlarda AQShda 50 yilligi qarshilanayotgan “Turkiston-Amerika jamiyati” faoliyati bilan tanish.

“Vatandoshlarimiz tuzgan “Turkiston [-Amerika] jamiyati” nafaqat AQShda balki Turkiyada ham bor. AQShdagisini men yaxshi bilaman. U yoqqa vatandoshlarimiz 50-yillardan borishgan. Yanglishmasam, “Turkiston- AQSh jamiyati” 1958 yilda tuzilgan. U yerda o`zbeklar markaz tuzib, san`atimiz, adabiyotimizni, madaniyatimizni targ`ib qilishgan, Turkistonni dunyoga tanitishgan. Turkiston bayrog`ini, miliy istiqlol bayrog`ini Nyu-Yorkda ko`tarib chiqishgan, BMTning oldida namoyishlar o`tkazishgan. Turkiston, O`zbekiston rus istilochilari qo`lida ekanini aytib, ularning ozodligini talab qilishgan”, - deydi Dadaxon Hasan.

Uning aytishicha, O`zbekiston hukumati xorijdagi vatandoshlarning salohiyati, boy imkoniyatidan foydalana olmadi.

Aksincha, munosabatlar sovuqlashdi, O`zbekistonda yashash, bu yerda ishlash istagida bo`lgan o`zbeklar turli to`siqlarga duch keldi, ularga vatandoshlik maqomi berilmadi.

“Ularning orzusi vatan ozod bo`lsa, kelib vatanda yashash edi, lekin nega ularga vatandoshlik maqomi berilmadi, hozirgacha tushunish qiyin. Biz ularning vatanda yashashini istaymiz, chunki iqtisodimiz uchun ham foydasi tegadi. Dunyo ko`rgan, tadbirkor, tijoratni yaxshi biladi. Bir nechtasi keldi, zavod quraman, fabrika quraman deb, lekin davlatimiz yo`l bermadi, nechtasini o`zim bilaman”, - deydi hofiz.

Muhojirlardan birining aytishicha, mustaqillikning ilk yillarida mamlakat ichkarisida va tashqarida O`zbekiston hayotida faol ishtirok etish, mamlakatni rivojiga hissa qo’shish ehtiyoji kuchli edi.

Biroq vatandoshlarning bu sa’y- harakatlari amaldagi hukumat tomonida e`tiborsiz qoldirilgan. Vatandoshlarga nisbatan munosabatda sovuqchilik boshlangan.

Biroq vatandoshlar umid qilib yashamoqda. Ulardan biri Zuhriddin Turkistoniy. Atoqli olim, marhum Boymirza Hayit vataniga borgach, sovuq qarshi olingani haqida u tushunmovchilik bo’lgan edi, deydi.

“U kishining kelishiga rasmiy ravishda ijozat bo`lgan, rasmiy kutib olingan. Keyin Namanganga qarindoshlarini ziyorat qilgani ketdilar. Men bir sabab bilan Toshkentda qoldim. O`shanda boshlandi bu ish. Bu narsa agar ochiq muhokama qilinsa, biz u kishning to’g’riligini [haqligini] va kimlar u kishini qoralamoqchi bo`lganini ko`rsatib bera olamiz. U kishi vatanparvar, vatan uchun fido bo`lgan odam. Mana hozir u kishi olamdan o`tdi”, - deydi Zuhriddin Turkistoniy.

Vatandoshlar tarixini bilishimiz kerak!

O`zbekiston tarixi, o`tgan asrning 20-30-yillari qayta o`rganildi, bu borada yangi tarix darsliklari yaratildi. Biroq ularda vatandidan judo bo`lgan o`zbeklar, ularning keyingi taqdiri, xorijdagi faoliyati haqida ma`lumot yo`q.

Qatag’on davri, uning qurbonlari, bu davr adabiy-ijtimoiy hayotini o`rgangan adabiyotshunos olim Naim Karimov fikricha, xorijdagi o`zbeklar yaratgan madaniyat bugungi o`quvchilarga taqdim etilishi kerak.

“Vatandoshlarim boshidan kechirgan qiyinchiliklar ularning o`zlariga va yolg`iz xudogagina ayon. 1920-yillarda ruslardan ham mashur yozuvchilar, rassomlar muhojirlikka ketishgan. Ruslar xorijda yaratilgan adabiyotlarni o`rganib, nashr qilishdi. Biz xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan yaratilgan adabiyotlarni o`rganib, munosiblarini oquvchilarimizga yetkazsak, yaxshi bo`lardi”, - deydi Naim Karimov.

Biroq hozir vaziyat shundayki, vatandoshlar bilan aloqalarda biror aniq o`zgarish yo’q. Uzoq yillik muhojirlikdan so`ng qaytgan yurtdoshlarning ko`pi yana mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo`ldi, O`zbekiston hukumati ularga fuqarolik bermadi.

Hukumatning boradagi siyosati, vatandoshlarga munosabat, ularning jamiyatdagi o`rni yopiq masalalardan hisoblanadi.