O'zbekistonda korrupsiya ortida hukumatning o'zi turibdi

Xalqaro kuzatuvchilar nazarida O'zbekistonda yuqori lavozimli rasmiylar orasida korrupsiya va poraxo'rlik avj olgan.

Chunonchi, shu yili viloyat miqyosida bir necha hokim ishdan olindi, ayrimlariga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atildi.

Yaqinda Navoiy viloyati hokimini ishdan olgan prezident Islom Karimov deputatlarni amaldorlarning jinoiy faoliyatini fosh etishda faolroq bo'lishga undadi. Mustaqil sharhlovchilar fikricha esa, korrupsiyaning ildiz otishida amaldagi siyosiy tizim aybdor.

O'zbekiston BMT korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha xalqaro konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Shunga qaramay O'zbekiston dunyo bo'yicha eng korrupsiyalashgan davlatlar qatorida. Korrupsiya ijtimoiy va hatto siyosiy sohalarni ham qamrab olgani ta'kidlanadi.

Mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanovga ko'ra, korrupsiya O'zbekistonda yuqori nuqtaga yetgan va siyosiy qatlamda avj olmoqda.

“Men aniq ayta olaman – O’zbekistonda korrupsiya siyosiylashish darajasida. Odatda bu oldi-berdi, jinoiy manfaatlar evaziga qurilgan guruh hisoblanadi. Lekin bizda bu bosqichdan o'tib, murakkablashgan. Ya'ni korrupsiya hukumatning siyosiy manfaatlari quroliga aylangan”, - deydi u.

O'zbekiston prezidenti yuqori lavozimdagi amaldorlar o'rtasida korrupsiya avj olganini bir necha bor tanqid ostiga olgan. Uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlikda ayblangan hokimlar, amaldorlar ro'yxati ancha uzun.

Islom Karimov Navoiy viloyatidagi nutqida hokimlar faoliyatini nazorat qilishda mahalliy deputatlar qo'rqoqlik qilayotganini ta'kidladi. Keksa jurnalistlardan biri Oliy Majlisda muammolar haqida gapirgan deputat taqdiri qanday tugaganini misol qilib keltiradi.

“Oliy Majisning avvalgi yig'inlaridan birida u kishi (prezident Islom Karimov) mahalladagi muammolar haqida gapirdi. Lekin hamma jim o'tirdi. Jim o'tirgan paytda u kishi jahli chiqib ketib, nimaga jim o'tiribsiz, Rossiyani deputatlarini ko'rmaysizmi, faolligidan o'rnak oling degan paytda, deputatlardan biri Islom Abdug'aniyevich, mahallada quyidagi muammolar bor degandi, u kishini ensasi qotib shu bilan gap tugadi. Keyin gapirgan deputatni prezident devonining mas'ullari chaqirib savolga tutgan - gapirishga kim izn berdi, o'zingni qanday tutding deb. Deputat talab qilganlari uchun gapirdim desa, devondagilar u kishi joyiga qarab gapiradilar, har doim ham gapga aralashish kerak emas, deyishgan. Shu bilan u deputatlikdan ham, amalidan ham ketdi. Shuning uchun deputatlar nega faol emas degan savolga javob berishning o'zi ham ma'nosizdek”, - deydi bu jurnalist.

O’zbekistonda amaldorlar huzurida, davlat idoralarida biror muammoni hal etish uchun pora talab qilinishi yoki pora berilishi oddiy aholi o'rtasida sir emas.

Sharhlovchilarga ko'ra biror amaldor korrupsiyaga aloqadorlikda ayblanib ishdan olinar ekan, garchand hukumat rahbari amaldor korrupsiya alomatlariga ko'ra ishdan olinganini ta'kidlasada, aslida buning bari ko'zbo'yamachilik.

“Korrupsiyaga qarshi kurash uchun so'z erkinligi, demokratik sharoit, siyosiy islohotlar bo'lishi kerak. O'zbekistonda bu narsalar yo'q, shuning uchun korrupsiya arifmetik progressiyada rivojlanib, odamlarning kundalik turmish tarziga aylanib bormoqda”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Dunyo bo'ylab korrupsiya miqyosini o'rganayotgan xalqaro tashkilotlar hisobotida O'zbekiston yetakchi o'rinlardan birida qayd etiladi.

Sharhlovchilarga ko'ra, korrupsiyaning rivojlanishi bundan hokimyat doirasidagi guruhlar manfaatdor bo'lgani uchungina ro'y bermoqda. Bu jinoyatga qarshi kurash birinchi navbatda siyosiy tuzumni isloh qilishdan boshlanishi kerak. Siyosiy tuzumni isloh qilish esa bir shaxsga bog’liq bo'lib qolgan.