O'zbekiston xalqi saxovat-muruvvatni unutdimi?

Mamlakatda tilamchilar ko'paygan

Xabarlarga ko’ra, O`zbekiston aholisining kamida 56 foizi kommunal xizmat, gaz va elektr chirog`i uchun davlatdan qarzdor. Bu esa aholi turmushi og’ir ekani bilan bog’liq.

Gap ish bilan ta`minlangan qatlam haqida ketmoqda. Boquvchisini yo`qotgan keksalar, nogironlar va bolalar bilan bog`liq vaziyat yanada og`ir. Kuzatuvchilar tilamchilik qilayotgan o`zbeklar ko`payganini qayd etadi.

Mustaqillik qashshoqlarni ko`paytirdi deyish noto`g`ri, boylar ham ko`paygan, deydi ular. Biroq boylar ko`paygani bilan mamlakatdagi ijtimoiy vaziyat o`nglanmagan. Mavjud fikrga ko’ra O’zbekiston xalqi orasidan mehr-muruvvat, oqibat ko’tarilmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi doirasida o’tkazilgan tahlilga ko`ra, O’zbekistonda 780 mingdan oshiq nogiron yashaydi. Ularning 31 foizi davlatdan ijtimoiy yordam oladi, 30 foizi ish bilan ta'minlangan.

Tahlilga ko’ra, bu qatlamning ta’lim olish imkoniyati, turmush darajasiga doir aniq raqamlar yo’q. Mamlakatda o`tkazilgan tadqiqotlarda nogironlar chetlab o`tiladi. Dunyo miqyosidagi statistikaga ko’ra, nogironlar orasida qashshoqlik sog`lom fuqarolarga nisbatan to`rt barobar ko`p.

BMT Taraqqiyot dasturi doirasida O`zbekistonda o`tkazilgan tadqiqotlarda ham nogironlar o`rtasida qashshoqlik darajasi yuqoriligi aytiladi.

Sharhlovchilar fikricha, O`zbekistonda kambag’allik yuqor. Bunday vaziyatda nogironlardan tashqari keksalar, yolg`iz qariyalar, boquvchisidan ayrilgan bolalar bilan bog’liq real vaziyatni tasavvur qilish mushkul.

Ijtimoiy nochor qatlam uchun davlat ajratayotgan mablag’ yetarli emas. Korxona-tashkilotlar mahalliy hokimiyat bosimi ostida xayriya qilishi mumkin. O`zbeklarning boy-badavlatlari esa kambag`allarga xayr-ehson qilishni unutgan hisob.

Saxovat insonning yuragiga bog'liq

“Saxovat” jamoatchilik jamg`armasi rahbari Sabohat Hasanova boquvchisidan ayrilgan yoki ijtimoiy nochor oila bolalariga ko`mak ko`rsatilayotganini, biroq mablag’ topish oson emasligini ta`kidlaydi.

“Masalan, bir joyda xayriya ishi bo’layapti, tekinga ukol qilinayapti. Mahalladagi boylar ham tekin bo`lgani uchun chiqadi, yordam ko`rsatish o`rniga. Shuning uchun ham “Saxovat”ga donor topish uchun boshqa ish qilishimga to`g`ri keladi. Tashabbus davlatdan mablag’ kutish uchun qilinmaydi. Bizda majlislar bo’ladi, byudjet qiyin deyishadi. Tashabbus budjetga emas, insonning yuragiga bog’liq bo’lishi kerak”, - deydi u.

Sabohat Hasanovaning aytishicha, internat-maktablar bolalariga homiylik ko`rsatilishi kam uchraydigan holat.

“Borganda direktorlari bilan gaplashaman. Bizga hali hech kim kiyim-kechak olib kelmagan deyishadi. Hatto rasm daftarlari ham yetishmas ekan. Bilasiz, hozir byudjet masalasi qiyin. Lekin aytishdiki, bayramlarda, masalan prezident archasida 10-15 ta chipta berib ketishadi, osh qilishadi, konsert ko`rsatishadi. Lekin hali hech kim kiyim-kechak bermagan ekan”, - deydi Hasanova.

Nega nogironlar faqat nogironlar kunida eslanadi?

Habiba Mirzayeva hozir o’qituvchilik qiladi. Avval ko’zi ojiz bolalarni ijtimoiy himoya qilishga ixtisoslashgan nodavlat tashkilotda ishlagan. Nogironlarga nisbatan munosabat, ular uchun xayriya yordami topish o’ta og’irligi bois nodavlat tashkilotdan ketgan.

“Nega nogironlar faqat nogironlar kuni eslanadi? Qolgan paytda ularning muammolari unutiladi. Balki ular tushkunlikdadir, balki biror chekka qishloqda ko`zi ojiz bola ko`zi ojizlarni ham o`qitish mumkinligidan bexabar qolayotgandir? Xayriya pullari ana shu maqsadlarga ishlatilishini tushuntirish juda qiyin. Har bir tashkilot xayriya puli nimaga ketishini bilishi kerak. Qiziqsa, u bilan hamkorlikda ishlanadi. Birovning oldiga borib, tilanib keldi deyish yoki tilamchiga bergandek yordam berishi bu xayriya emas. Nogironlar kunida ko`rsangiz, ko’plab tashkilotlar keladi, osh beradi, o`zlarini televideniyeda ko`rsatadi. Shu bilan tamom, bir yilga o`chdi”, - deydi Habiba Mirzayeva.

Mulohazalarga ko`ra, O`zbekistonda hokimiyatga yaqin bo`lgan, bir imo-ishora bilan jamg`armasi mablag’ga to`layotgan nodavlat tashkilotlar ko`p. Biroq bu nodavlat tashkilotlar nogironlar yoki ijtimoiy nochorlar ahvoli bilan qiziqmaydi.

O’zbekistonda iqtisodiy vaziyat og`ir. Bu aholi o`rtasida qashshoqlikni kuchaytirish bilan birga ayrimlarni qarovsiz, uysiz qoldirmoqda. Tirikchilik mashaqqatlariga dosh bermagan bunday kishilarni hayot ko`chaga uloqtirmoqda. Toshkentda tilamchilik qilyotganlar orasida hozir o`zbeklar ham ko`plab topiladi.

“Bu dangasalik. Bir marta sovg`a qilsangiz, bu ta`ma emas, lekin o`rganib qolish mumkin. Hozir ko`ramiz, ro`mol o`rab olgan o`zbek ayollari o`tiradi. Yozib qo`yilgan - "erim qamalgan", "nonga zorman". Bir narsaga hayronman: turmushga chiqqan, bolasi bor; u shu farzandiga qanday o`rnak bo`ladi? Bu g`ururni toptash. Undan ko`ra o`sha ayol kimningdir uyiga borib ishlasin. Lekin ular biladiki, bu yerda odamlar bergan sadaqadan ko`proq pul topadi”, - deydi “Saxovat” jamg`armasi rahbari Sabohat Hasanova.

"Farzandingni bolalar uyiga topshir, deb maslahat berishdi"

Samarqandlik Oynisa Nizomova hayot shafqatsizligi, iqtisodiy vaziyat og’irligi bois boshpanasiz qolgan. Munosib hayot uchun ish qidirayapti.

“Ishtixon tumanidanman, yoshim 50da, bir farzandim bor. Yashashga uyim, ishlashga ishim yo`q. Sobiq ittifoq davrida fermada 26 yil sut sog`uvchi bo`lib ishlaganman. Men mehnatdan, mashaqqatdan qochmayman. Hozir yashashga joyim, ishlay desam ish yo`q. Uy qurishga bir parcha yer olaman deb sarson-sargardonman. Hech kim meni odam o`rnida ko`rmaydi. Erim vafot etgan, pulim yo`q. Yer olaman deb Vazirlar Mahkamasiga, prezident Karimovga ham yozdim. Hokimiyat yer beramiz deydi, bunga ham olti yildan oshdi. 6 yillik sargardonlikda ko`rdimki, menga o`xshagan minglab odamlar bir parcha yersiz vatan ichida vatansiz yurishibdi. Ko`plar menga bolangni bolalar uyiga topshir, deb maslahat beradi, lekin ertaga bolam menga ta’na qilishidan qo`rqaman. Ko`zim ham qiymaydi. Hayotim shu turishda davom etsa, bolamni topshirmasdan ilojim yo`q. Prezident Karimovning gapiga qaramasdan, O`zbekistonda yana bitta tirik yetim ko`payadi. Hech bo`lmaganda bolam to`q bo`lishi uchun shunday qilishga majburman”, - deydi Oynisa Nizomova.

Mamlakat aholisi qashshoq bo’lib borayotgani ta`kidlansa-da, mustaqillik yillari o`zbeklar orasida ko`p boylar chiqayotganiga ko`z yumib bo`lmaydi. Bunga Toshkent shahrida qad rostlayotgan dabdabali imoratlarga qarab ham amin bo`lish mumkin. Biroq O`zbekistondagi boylarning qashshoqlarga, ijtimoiy nochorlarga xayrixohligi, insonparvarlik yordamlari haqida gapirish juda qiyin.

Rossiya, Qozog`iston yoki Qirg’izistondagi boy o`zbeklar haqida bilish mumkin. Lekin mamlakat ichidagi boylar, ularning kimligi, faoliyati haqida odamlar bexabar.

Nogironlar, nochor bolalar tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot vakillarining o`zbek boylari haqidagi taassurotlari shunday:

“Hozirgi boylar pul yig`ish, o`zini o`ylash, yuqoridagilarning qornini to'yg'izish bilan band. Boylar ehson qilganda ham, xudoyi, qurbonlik qilganda ham, faqat tepadagilarga, yuqorida ishlaydiganlarga qaraydi. Pastdagilarga qaramayapti. Agar ehson bo`ladigan bo`lsa, bu bechoralar uchun bo`lishi kerak-ku. Agar ularga xayriya masalasida gapiradigan bo`lsangiz, eshitmaydi. Aftini burishtirib ketib qoladi”, - deydi Habiba Mirzayeva.

U o`z tajribasidan shunday misol keltiradi:

“Bir to`yxonaga bordim, Cho`ponotada. Restoranni berib turinglar, hamma narsa o`zimizdan bo`ladi, bolalar uchun Navro`zni yaxshi bir chiroyli joyda uyushtirmoqchi edik, deganda, bilasizmi nima deyishdi? Bu bolalar ko`r bo`lsa, nimani ko`rishadi, degan. Men hozirgi boylarni boy hisoblamayman”.

Sabohat Hasanovaning aytishicha, o’zbek boylari xayr-ehson deyilganda ko`pincha bir kunlik osh berishni tushunadi. Saxovatni bu tarzda ko`rsatish esa ayniqsa, bolalar uchun hech qanday ahamiyatga ega emas.

Yolg`iz, boquvchisidan ayrilgan qariyalarni qo`llab-quvvatlovchi tashkilot tuzish harakatida yurgan Bahodir Chig`atoy boylar faqat hokimiyat majburiyat yuklasagina xayriya qilishi mumkin, deydi.

“Bu boylar hokimiyat uchun “podsobniy xozyaystvo”. Ularni hokimiyat boshqaradi. O' falonchi boy deydi, men senga aytgandim boy bo`lish shartlarini: mana qariyalar uyiga 2 million, boshqasiga shuncha o’tkazib qo`y deydi. O`zbekistonga chet eldan qancha yordamlar keldi. Vazirlar Mahkamasining bu borada bo`limi bor. Samoloyotlarda tonnalab yuklar keladi, hatto Yevropadan nochorlar uchun kelgan kiyim-boshlarni ham bozorga olib chiqib sotishayapti. 5-6 ming so`mdan”, - deydi Bahodir Chig`atoy.

Xalqning haqini yemang

Bahodir Chig`atoy O`zbekistonda boylar chiqishi o`ta munozarali holat ekanligini ta`kidlaydi.

“Qayerdan paydo bo`ldi yangi boylar? Ota-onasi meros qoldirmagan bo`lsa, ular xalqning haqini tuya qilib boy bo`lgan. Masalan, davlatdan yog’ni 1,5 ming so`mdan olib, kooperativ qilib, 3 mingdan sotgan. Bu xalqning haqqi-ku. Shunday qilib yoki o`g`rilikdan, xalq hisobiga boyish mumkin. Chet eldagi boylardan biznikining farqi shundaki, bizdagilar o`zi to`ysa ham, ko`zi to`ymaydi. Shuning uchun hech kimga hech narsa bergisi kelmaydi”, - degan fikrda Bahodir Chig`atoy.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, o`zbek jamiyati o`ta yopiq. Muammolar haqida ochiq bahslashish imkoniyati yo’q.

Boylarning boyligini, qashshoqlarning qashshoqligini aytish, ko`rsatish, jamoatchilikda munozara qilish bilangina boylar va ijtimoiy nochor qatlam o`rtasida insonparvarlik munosabatlarini o`rnatish mumkin.