Mumbay xuruji tergov ostida ekan, Hindiston-Pokiston munosabatlari tarangligicha qolmoqda. Pokistonni terror o’chog’i deb biladigan Hindiston Tashqi ishlar vaziri Pranab Mukerji so’zlariga ko’ra, Dehli hech narsadan tap tortmaydi.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy esa mamlakat o’zini mudofaa qilishga qodir demoqda. Tahlilchilar nazarida tomonlar urushgacha bormaydi, biroq ikkilamchi kuchlarni ishga solishi mumkin.
Mumbay xurujidan larzaga kelgan Hindiston ahli Pokistonga qarshi chora ko’rilsi, deb talab qilmoqda.
Hindiston Bosh vaziri Mahmohan Singh nazarida Pokiston terrorizmga qarshi keskin chora ko’rishi kerak. U yerda panoh topgan terrorchilar ushlanib, bizga topshirilishi kerak, deydi u. Hindiston nazarida xurujni Pokistonda asoslangan Lashkar-i-Toiba jangari guruhi amalga oshirgan.
Mumbaydagi xurujlarni pokistonliklar qilganini tasdiqlovchi dalil yo’q, deydi mamlakat Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi. Hindistonda buni isbotlovchi ma’lumot bersa, bizga bersin, deydi vazir.
AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher Pokiston va Hindistonni hamkorlikka da’vat etmoqda.
Tahlilchilar nazarida esa Hindiston-Pokiston adovati Afg’onistondagi vaziyatni yanada chigallashtiradi.
Siyosatshunos Vanda Felbab-Braun fikricha ikki tomon bir-birini ayblashda davom etarkan, terrorchilar Afg’onistonda keng qanot yozmoqda. E’tibor ularda emas, balki Hindiston-Pokiston orasidagi so’z almashinuvida, deydi olima.
Mudofaa vazirligi rasmiysi Xaydar Malik fikricha ham ixtilof kuchayishi aniq. Kattaroq muammolar kelib chiqishi mumkin. Deylik, Pokiston atayin terrorchi guruhlar faoliyatiga ko’z yuma boshlaydi, deydi Xaydar Malik.