AQSh Eronni xalqaro talablarni bajarishga chaqirmoqda

AQShning BMTdagi yangi elchisi Syuzan Rays Eron atom dasturi yuzasidan diplomatik harakatlarni jadallashtirish kerak deb chiqmoqda.

Qo’shma Shtatlar Eron bilan alohida va BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida gaplashmoqchi.

Ammo bir shart bilan: Eron oldidagi majburiyatlarni bajarishga qodir ekanini isbotlashi kerak.

“Erondan BMT Xavfsizlik Kengashi qo’ygan talablarga rioya qilishni talab qilamiz, aks holda bu davlatga nisbatan bosim oshishi tabiiy”,- deydi Syuzan Rays.

BMT Xavfsizlik Kengashi Erondan uranni boyitishni bas qilib, o’z atom inshootlariga xalqaro inspektorlarni kiritishni talab qilmoqda.

G’arb nazarida Eron yashirin ravishda atom quroli ustida ishlayotgan bo’lishi mumkin.

Islomiy respublika bu gumonni rad etadi va amaldagi dasturdan maqsad yadroviy energiya ishlab chiqarish ekanini ta’kidlaydi.

G’arb davlatlari buni isbotlovchi dalillar so’ramoqda.

AQShning BMTdagi yangi elchisi tashkilot faoliyatini ham tanqid ostiga olmoqda.

Bu tizim, deydi u, bugungi umumbashariy talablarga javob bermaydi.

"Jahon tashkiloti sifatida tinchlikparvarlik ishlarini kuchaytirishi; qashshoqlik, yuqumli kasalliklar, global iqlimdagi salbiy o’zgarishlar, etnik va diniy nifoqlar, yadroviy material va qurollarning tarqalishi singari muammolarga qarshi kuchli choralar ko’rishi kerak",- deydi Syuzan Rays.

AQSh nazarida, deydi elchi, BMT xalqaro hamkorlik uchun zamin yaratishi kerak.

Uning qayd etishicha, Xavfsizlik Kengashi va boshqa organlar manfaatlar to’qnashadigan emas, balki mana shu manfaatlar yo’lida kelishib ishlaydigan tizim bo’lishi lozim.

Tashkilotga ishonchni tiklash uchun qog’ozbozlikni chetga surib, amaliy qadamlar tashlash kerak. Toki dunyo ahli bu tashkilot ular uchun xizmat qiluvchi idora ekaniga guvoh bo’lsin, deydi AQSh elchisi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Syuzan Raysni iliq kutib olgan va uning so’zlarida jon bor demoqda.