Afg'oniston qo'shnilaridan yordam kutmoqda

Afg’oniston barqarorligi mintaqa xavfsizligi uchun muhim

Afg’oniston dunyoning eng xatarli, jahon ahli taqdirini belgilovchi nuqtalardan biri bo’lib qolmoqda. Jarayonga qo`shni davalatlar ham tortilgan.

Bu orada Qirg`iziston AQSh va NATO bilan hamkorlikni deyarli to`xtatmoqda. Markaziy Osiyoning boshqa davtlari esa, aksincha, bir qadar faollashgan.

O’zbekiston Afg`onistonga noharbiy yuk yetkazishga yordam berishga rozi. Bu o’ta mas’uliyatli va xavfli qadam, deydi prezident Islom Karimov.

Afg’onistonga o'tuvchi barcha yuklar baribir O'zbekistonda to'xtaydi

“O'zbekistondan o'tmas ekan, qanday qilib u yoqqa borishi mumkin? Hozir ayrim davlatlar bayonot berayapti -- biz bu borada allaqachon shartnomlar imzolaganmiz, deb. Lekin yuklar baribir O`zbekiston orqali o`tadi-ku. Tranzitga rozilik berishning bahosi juda baland”, - dedi prezident Karimov.

Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Bedimuhammedov Afg`oniston masalasida AQSh bilan hamkorlikka kelishib olgan. Noharbiy yuk Turkmaniston havo hududi orqali o’tadi.

Shu paytgacha Germaniya Termizdagi aerodromdan, Qo’shma Shtatlar esa “Manas” bazasidan foydalanib kelgan edi.

“Shu paytgacha Turmaniston neytral pozitsiyani saqlab kelayotgan edi. Biroq Afg`oinistonda vaziyat og`irlashdi. Tolibon kuchayib, bevosita mintaqaga ta`sir qila boshladi. Turkmaniston buni sezib, xulosa chiqardi. Menimcha, hamkorlik doirasida yonilg`i ta`minoti uchun samolyotlar Turkmanistonda qo`nib o’tadi”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

NATO noharbiy yuklarini temir yo`l orqali Afg`onistonga yetkazish masalasi hal bo’lgan. Yuk yo`lga chiqqani ham ta`kidlanadi.

Rossiya, Qozog`iston va O`zbekiston temir yo`llari orqali keluvchi konteynerlar Termiz-Hayraton ko`prigi, shuningdek, Tojikiston orqali o’tishi mumkin.

Sharhlovchilar fikricha, Pokiston orqali tranzit yo’lida hujumlar ko’payganidan keyin xalqaro koalitsiya uchun harbiy ta’minot dolzarb masala sifatida qolmoqda.

Mintaqadan faqat noharbiy yuklar o’tadi. “Manas” aerodromi aynan harbiy yuk tashuvi uchun qulay edi.AQShning bazadan chiqarishi ortida Rossiya turgani ta’kidlanadi. O’zbekiston prezidenti Rossiyaning Afg`oniston bo’yicha pozitsiyasini tanqid ostiga oldi.

“Hozir Afg`oniston masalasiga qandaydir vositachilar, muammoni bloklarga bo`lingan holda yechishni maqsad qilgan tuzulmalar kuzatilmoqda. Biz bunga mutlaqo qarshimiz”, - dedi Karimov.

Uning aytishicha, Afg’oniston bo’yicha har bir davlat o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qilishi kerak.

“Bu yerda Kolektiv xavfsizlik shartnomasi, unda Rossiya ta`siri oshishiga qarshilik haqida so`z bormoqda. Keyingi paytda bu tashkilotni kuchaytirish uchun harakat olib borilmoqda. Rossiya mintaqa davlatlarini uning buyrug`i bilan qaror qabul qilishga majburlamoqchi. O`zbekiston prezidenti bunday holatlarga qarshi ekanini bildirib o`tdi”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Biroq ekspertlar temir yo’l tranziti avval Rossiya tomonidan ma’qullangani, keyinchalik mintaqaning boshqa davlatlari tomonidan qo`llab-quvvatlanganini ta`kidlashadi.

“Rossiyaning O`zbekistonga ta`siri katta. O`zbekiston iqtisodiy, siyosiy tomondan ham u bilan hisoblashishi kerak. Temir yo`l ham Rossiya orqali o`tadi. Dengizga chiquvchi yo`l yo`q. Lekin oxirgi paytda Rossiyaga nisbatan mustaqil siyosat yuritayotgani ham ko`zga tashlanadi. Maslalan, Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga alohida shart qo’yib, a`zo bo`ldi”, - deydi professor Goga Hidoyatov.

Afg'oniston muhim, inson huquqlari ikkilamchi masala

Sharhlovchilar Afg`oniston bo`yicha hamkorlik masalasining boshqa bir tomoniga e`tibor qaratishadi.

AQSh va Yevropaning Afg`oniston masalasida mintaqaga, jumladan, O`zbekistonga muhtojligi huquqiy vaziyatda aks-sado berishi mumkin.

“Afg`oniston o`rni juda muhim Amerika uchun. Bu O`zbekiston bilan munosabatni yaxshilashni talab etadi. O`zbekiston ham AQSh, G`arb va NATO bilan munosabatini tiklashdan manfaatdor. Lekin bu o`zgarishlarga olib kelmaydi. AQSh Afg’oniston yo’lida mintaqada demokratiya va inson huquqlari masalasiga ko`z yumishi mumkin”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Afg'oniston chetga nafaqat afyun, balki boshqa mol chiqarishga ham qodir

“Afg`oniston haqiqatda birinchi darajadagi masala. Xalqi 30 yildan oshiq jabr chekayapti. Aslida urushni sobiq ittifoq boshlab bergan edi. Oqibati hozirgacha jahannam. Iroqdan qo`shinlarni Afg`onistonga o`tkazishmoqchi. Bu to`g`ri qaror. Urush olovini yoqayotgan guruhlarni tinchitish, xalq xo`jaligini tiklash kerak. Sovet urushidan avval Afg`oniston mayiz yetishtirishda birinchi, qorako’l teri yetishtirishda ikkinchi yoki uchinchi o`rinda turardi. Hozir hammasi nasha sotishga majbur”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.