Pentagonning Xitoy harbiy qudratiga bag'ishlangan yillik hisobotiga ko'ra, rasmiy Pekin harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda. Eng tashvishlanarlisi, deyiladi hisobotda, Xitoy salohiyatini qanday maqsadlarda ishga solishni aniq bilmaydi. Hujjatda, shuningdek, Xitoyning harbiy sohada hali-beri AQSh bilan tenglasha olmasligi ta'kidlanadi.
Kongress talabiga ko'ra tayyorlanadigan hisobotga ko'ra, Xitoy armiyasini kuchaytirish va arsenalini takomillashtirishga ko'p pul sarflamoqda. Ammo uning harbiy qudratini xorijda ham ishlatishga qodir bo'lishi uchun kamida 10 yil kerak bo'ladi. Xitoy ilg'or texnologiyalarga ham sarmoya qilib, uzoq masofadan turib raqib kompyuter tizimini ishdan chiqarish qobiliyatini rivojlantirmoqda, deyiladi Pentagon hisobotida.
Unga ko'ra, mamlakat strategik yadro raketalari soni va sifatini oshirishga muvaffaq bo'lgan, ammo bu salohiyatidan qanday foydalanish haqida aniq rejaga ega emas.
Pentagon matbuot kotibi Jeff Morellning aytishicha, Tayvanda o'tgan saylovlar uning Xitoy bilan mavjud tarang aloqalarining yumshalishiga olib kelgan bo'lsada, rasmiy Pekin orol yaqinida harbiy arsenalini oshirishi aql bovar qilmaydigan holat.
Xitoy Tayvanga hujum qilgan taqdirda AQShning ehtimoliy aralashuviga javob berish vositalari ustida ishlamoqda, biroq bu orol to'liq mustaqillikka harakat qilgan holdagina yuz berishi mumkin, deyiladi hisobotda.
Pentagon rasmiysiga ko'ra, AQSh va Xitoy harbiy hamkorlikni kuchaytirish bilan rasmiy Pekin harbiy salohiyatining oshishidan kelib chiquvchi mojarolarning oldini olish mumkin bo'ladi.
Qo'shma Shtatlar Xitoyning Pokiston, Zimbabve, Sudan kabi beqaror davlatlarga qurol sotishidan xavotirda.
Xitoy Pentagon hisobotiga munosabatini bildirar ekan, hujjatda ko'p faktlar bo'rttirilgan deydi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisiga ko'ra, AQSh Xitoyni tahdid qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda.
"Bu kabi hisobotlarni tuzish bilan rasmiy Vashington Xitoy ichki ishlariga aralashmoqda," deydi u.
Xitoy rasmiysining kinoya bilan ta'kidlashicha, AQSh harbiy qudratining jahon bo'ylab yoyilgani hammaga ma'lum bo'lsada, Xitoy bu borada hisobot tayyorlamoqchi emas.
Kelasi hafta Londonda bo'ladigan iqtisodiy sammit doirasida prezident Obama ilk bor Xitoy rahbari bilan uchrashadi.