O'zbekiston va AQSh tranzit haqida bitim imzoladi

NATO Afg’onistonga yuk yetkazish yo’llarini muhokama qilar ekan, O’zbekiston va AQSh bugun hamkorlik bitimi imzolagan.

Pentagon rasmiysi Brayan Vitman so’zlariga ko’ra, noharbiy mahsulot - oziq-ovqat, dori-darmon va qurilish materiallari O’zbekiston orqali o’tib, Afg’onistonga, AQSh va NATO qo’shiniga yetkaziladi.

Hozir Afg’onistonda 38 ming amerikalik askar bor.

Qo’shma Shtatlar bu raqamni 68 mingga oshirmoqchi. Buning uchun AQSh mintaqaga tez qatnay olishi kerak. Afg’onistonda NATOga a’zo boshqa davlatlardan yana 32,500 harbiy bor.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Tojikiston ham o’z hududini foydalanish uchun taklif qilgan. Qozog’iston bilan muhokama davom etmoqda. Harbiy yuk tranziti Rossiya orqali ham o’tishi mumkin.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimov fevral oyida qilgan chiqishida Afg`onistonga o`tuvchi tranzit yo`li haqida gapirgan, bu yo’l O`zbekiston orqali o’tishi mumkin, degan edi.

Pokistonda jangarilar faollashgani, Qirg’iziston AQSh harbiylarini “Manas” bazasidan chiqarishga qaror qilgani bois Qo’shma Shtatlar va NATO Afg’onistonga borishning yangi yo’llarini qidirmoqda.

Pentagon rasmiylari rasmiy Bishkek bilan muloqot davom etmoqda, deydi. “Manas” shu paytgacha AQShni Markaziy Osiyo bilan bog’lovchi yagona baza bo’lib qolmoqda. Bu yerdan Afg’onistonga harbiy aslaha olib o’tiladi. Biroq ta’minotning 75 foizi Pokiston orqali amalga oshiriladi.

Yaqinda AQSh prezidenti Barak Obama Afg`oniston bo`yicha yangi strategiyani e`lon qilgan edi.

Unga ko’ra, Afg’oniston-Pokiston chegarasi yagona bir front sifatida ko’riladi. AQSh Afg’oniston bo`yicha Hindiston, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kuchaytirmoqchi.

Yangi strategiya AQSh qo`shinlari sonini oshirish, afg’on armiyasini kuchaytirishni ham nazarda tutadi.

“Agar AQSh Pokistonda ham harbiy amaliyotlarni kuchaytiradigan bo`lsa, bu mojarolar o`cho`gini yanada kengaytirishi mumkin. Pokistondagi vaziyat yanada og`irlashadi. Yangi strategiyada gumanitar, ijtimoiy yordam, donorlik xarajatlarini kuchaytirish haqida emas, ko`proq qo`shinlar sonini ko`paytirish haqida gap bormoqda. Tanganing ikkinchi tomoni haqida esa ma`lumot kam”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

“Tezkor guruh” analitik markazi tahlilchisi Abdusalom Ergashev fikricha, birinchi navbatda Afg’onistonda qishloq xo`jaligi, sanoatni tiklashga ahamiyat qaratish zarur.

“Afg’oniston, ayniqsa, narkotik eskporti, qurol-yarog’ bozori, terrorizm xavfi jihatdan nafaqat mintaqa, butun dunyoga tahdid soluvchi mamlakatga aylandi. Bu tahdidni bartaraf etishda AQSh ma`muriyati qabul qilayotgan yangi qaror juda muhim. Yordam nafaqat AQSh, balki boshqa davlatlar tomonidan ham ko`rsatilishi kerak”, - deydi Ergashev.

So’nggi hafta Afg’oniston muammosi bir necha xalqaro anjumanda muhokama qilindi. ShHTning (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti) Moskvadagi va NATO davlatlarining Gaaga anjumanlari shular jumlasidan.

Shu kunlarda NATO davlatlari Germaniya va Fransiyada mavzu borasida muloqot qilmoqda. AQSh Afg`oniston muammosini hal etishda Hindiston, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar bilan hamkorlik lozimligini ta`kidlamoqda.

“Albatta, AQShning harakati bilangina natijaga erishishi qiyin. Bu borada, ayniqsa, Rossiya ham o`z yordamini ko`rsatishi kerak. Birinchi navbatda Tolibonni qurol-yarog’ bilan kim ta`minlayapti, shuni aniqlash, yo`llarini to`sish kerak. Rossiya terrorizmga qarshi kurashmoqchi bo`lsa, bu borada aniq harkat qilsin, og`izda boshqacha gapirib, amalda esa qurol-yarog` tarqatmasin”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.