Barak Obama Turkiyada yoshlar bilan muloqot qildi

Prezident Barak Obama Turkiya safari doirasida poytaxt Anqarada rasmiylar bilan uchrashdi va parlamentda nutq so'zladi. Istanbulda esa turk yoshlari bilan muloqot qildi. Uning aytishicha, Amerika musulmon dunyosi bilan aloqalarni yangilashi zarur.

"Musulmon davlatlar bilan aloqalarimizda faqatgina qarama-qarshiliklarga e'tibor qaratib, o'zimizni ishonchsizlik devori bilan o'rab olishimiz to'g'ri emas," dedi Obama 100 ga yaqin turk yoshlari bilan o'tgan uchrashuvda.

Uning aytishicha, almashinuv dasturlari ana shu devorlarni osonlikcha yo'qotishi mumkin.

"Xorijliklar amerikaliklarni xudbin deb o'ylaydi, ammo mening prezidentlikka saylanishim xalq ongida katta o'zgarishlar bo'layotganini namoyish etdi", deydi Obama.

"Kamchiliklarimiz bor albatta, ammo AQShdagi saylov natijalari jamiyatimiz joyida turib qolmaganidan nishonadir".

Turk yoshlari savollariga javob berar ekan, AQSh prezidenti uning faoliyati Bush siyosatidan farqli olib borishini aytgan.

"roqdagi urushni tugatamiz. Iqlim o'zgarishiga qarshi choralar ko'ramiz. Ammo buning uchun vaqt kerak", deydi Obama.

"Terrorchilikda gumon qilingan mahbuslarga yaxshiroq muomalada bo'lamiz, biroq al-Qoidaga qarshi kurashda shijoatni boy bermaymiz", deydi u.

Turk yoshlari bilan muloqot davomida AQSh rahbari Isroil-Falastin mojarosiga ham to'xtaldi.

"Falastin ham, Isroilda hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat ham murosa qila bilishi lozim. Buning uchun har ikki tomon rahbariyati siyosiy iroda va jasoratni namoyish etishi zarur," deydi Obama.

Turkiyadan so'ng Obama kutilmaganda Bag'dodga ham borib, AQSh qo'mondonlari va qo'shinlari bilan uchrashdi.

AQSh rahbarining Yevropaga safari va ayniqsa Turkiya parlamentidagi nutqi Amerika matbuoti tomonidan keng yoritildi.

"Nyu-York Tayms" gazetasi Turkiyada dunyoviy va diniy tuzum tarafdorlari o'rtasidagi ko'p yillik siyosiy kurash mavjudligini ta'kidlab, Obamaning parlamentdagi nutqi har ikki tuzum tarafdorlari tomonidan birday ijobiy qabul qilingani haqida yozadi.

"Obama Turkiyani g'arb va sharq dunyosi o'rtasidagi ko'prik deb atashi juda muhim va o'ziga xos ma'noga ega", deydi turkiyalik jurnalist Oral Chalishlar.

"Obama rejasiga ko'ra, Turkiya AQSh oldida turgan uch strategik maqsadni amalga oshirishda - Afg'oniston, Iroq va Eron masalalarida muhim rol o'ynaydi", deb yozadi AQShda chiqadigan yana bir gazeta "Vashington Tayms". Unga ko'ra, Obama Turkiyaga mintaqadagi yetakchi rolini bajarishda yordam berishi lozim.

"Vashington Post" gazetasi Anqara universiteti professori Dogu Ergil so'zlarini keltirar ekan, "Turkiyada o'tkazilgan yangi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, turklarning 52 foizi Obamaga xayrihoh. Agar u saylovlarda qatnasha olganida edi, shu bugunoq Turkiya prezidenti etib saylangan bo'lar edi" deya yozdi.

"Vashington Post" izohicha Obama Turkiya parlamentidagi chiqishida nozik masalalarni chetlab o'tgan.

Xususan saylov kampaniyasi davrida Obama Usmoniylar imperiyasida armanlarning ommaviy qirg'inga uchraganini "genotsid" deb rasman belgilashga va'da bergan, ammo Turkiyada Obama bu iborani ishlatmadi, deya yozadi AQSh matbuoti.

Amerikadagi armanlar faollaridan biri Aram Xamparyan Obama "Genotsid oldini olish oyi" deb e'tirof etilgan joriy aprelda o'z vadasida turadi, deya umid qilmoqda.