O’zbekistonda soliqlar turi va soni, tinimsiz tekshiruv va hisobotlar tadbirkor faoliyatiga to’siq bo’layotgan omillardir.
Rivojlanayotgan davlatlarda sarmoya tizimini o’rganuvchi tashkilot - Xalqaro Moliyaviy Korporatsiya O’zbekistondagi biznes muhitni tahlil qilib, hukumatga o’z xulosa-tavsiyalarini taqdim etgan.
Hisobot biznes bilan shug’ullanuvchi 500 tadbirkor bilan 2008 yil mayida o’tkazilgan so’rovnoma asosida tayyorlangan.
Xalqaro Moliyaviy Korporatsiyaning O`zbekistondagi vakolatxonasiga ko`ra, savol-javob respublikaning bir nechta viloyatida o`tkazilgan.
“Tadqiqot natijalariga ko`ra, soliq va majburiy to`lovlar soni yuqoriligicha qolmoqda. Soliq tizimi sodda bo`lgan korxonalar ham bugun yetti turda soliq to`lamoqda”, - deydi korporatsiya vakolatxonasining ismi aytilishini xohlamagan xodimi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2008 yilda kuchga kirgan yangi tahrirdagi soliq kodeksi ham muammoni yecha olmagan. Tadbirkorlar uchun soliq turlari va miqdori ko’p.
Korporatsiyaning Jahon Banki tadqiqotlariga tayanib aytishicha, O`zbekiston soliq tizimi dunyodagi eng murakkab tizimlardan.
Qiyoslash uchun, Shvetsiyada korxona yiliga ikki marta, O`zbekistonda yiliga 106 martagacha soliq to`lashi kerak. Bu borada O`zbekiston MDHda Belarusdan keyingi o`rinni band etadi.
Moliyaviy korporatsiyaga ko’ra, 2005 yilda tadbirkorlikka ruxsat berishni soddalashtirish bo`yicha hukumat islohoti nihoyasi yetmagan. Sohada faoliyat yuritish uchun ruxsat olish qiyin.
“Tadbirkorlar lozim bo`lmagan qog`oz va ma`lumotlarni topshirishga majbu”, - deydi korporatsiya vakili.
Bank tizimidagi qiyinchiliklar ham ma`muriy to`siqlardan biri sifatida baholanadi.
Tadbirkorning o`z hisob raqamidagi mablag`dan foydalanish imkoniyati cheklangan.
Moliyaviy korporatsiya, tabirkorlar fikriga tayangan holda shuni keltiradiki, O’zbekistonda amaldagi qonunlarga muvofiq biznes yuritishdan daromad ko’rish qiyin. Sharoit qonunlarni aylanib o`tishga majbur qiladi. Tekshiruvchilar bilan tortishgandan ko`ra ular bilan “kelishgan” ma`qul.
Tadbirkor asossiz tekshiruvlar ko`pligidan shikoyat qilgan. Moliyaviy korporatsiya vakiliga ko`ra, so`nggi paytda hukumat ijobiy qarorlar qabul qilsa-da, tekshiruvlar ochiq-oydin o’tkazilmaydi.
Tadbirkorlar to`qnash kelayotgan muammolar ko`p. Jumladan, korxonalarda ishlab chiqarish texnologiyasi eskirgan, zamonaviy texnologiya xarid qilish uchun kredit foizlari o`ta yuqori, kredit olish tizimi esa murakka.
“Ovoragarchiligi ko`p, qog`ozlarini taxlash kerak. Hozir o`zi kredit oladiganlar ham kam, to`lash qiyin. Undan ko`ra, borini ishlatib yuradi, qarzga botishdan ko`ra ro`za tutgani yaxshi. To`lash qiyin, keyin sudma-sud yurish kerak. Uyini topshirish kerak, savdogarlik qilib ham kreditni qaytarish qiyin”, - deydi tadbirkorlardan biri.