O'zbek ziyolilari Obama faoliyatini ijobiy baholamoqda

O'zbekistonda jamoatchilik Barak Obamaga nisbatan ijobiy fikrda. AQShning yangi rahbari Markaziy Osiyo bilan aloqalar borasida hali o'z fikrini bildirmagan.

Ammo sharhlovchi va faollar nazarida Obama prezidentlikka kelganidan beri dunyo siyosatida o'ziga xos burilish yasay oldi.

"Obama faoliyatini kuzatayotganlar juda ko`p",- deydi tahlilchi Fayzulla Is'hoqov.

"AQSh dunyoda eng boy davlat bo'lgani uchun emas, asosan Obamaning rahbarlikka saylangani uchun qiziqish katta... Obama hatto Eron bilan muloqot qilishimiz kerak degan gaplarni aytayapti, bu bu katta o'zgarish".

AQShning Toshkentdagi elchxonasi internet sahifasida Obamaning xafsizlik masalalari bo`yicha maslahatchisi Jeyms L. Jounsning "Dastlabki yuz kun: Amerikaning XXI asrdagi vazifalari" nomli maqola chop etilgan.

Muallifning ta`kidlashicha, Barak Obama o'z tashqi siyosatida xavfsizlik yoki insoniy qadriyatlarni tanlaydi degan qarashlar noto'g'ri. Amerika uchun tinchlik va huquq masalasi teng yuradi, deydi Jouns.

Obama Amerika hech kimni qiynoqqa solmaydi deb e'lon qilgan. Qiynoqlar O'zbekistonda ham nozik masala. Jorj Bush davrida mahbuslar qanday so'roq qilingani haqida hujjatlar yaqin orada omma e'tiboriga havola etiladi. AQSh rahbarining oshkora ish yuritayotgani, deydi o'zbek ziyolilari, butun mintaqaga o'rnak bo'lishi kerak.

AQSh prezidenti musulmon dunyosini yaqindan hamkorlik qilishga undamoqda.

Islomshunos olim Abdulaziz Mansur Obamaning murojaati umid bag'ishlaydi deydi.

"Lekin amalda nima bo`lishiga qarash kerak. Amaliyot Iroqdan qo'shinlarni olib chiqib ketish, Afg`oniston masalasini faqat harbiy yo'l bilan emas, muzokaralar bilan hal qilishga bog`liq", - deydi mutaxassis.

Islom olami bilan bog'lanish, shuningdek Yaqin Sharqdagi mojarolarga barham berish, xususan Isroil-Falastin orasida tinchlikni ta'minlashni ham talab etadi.

"Erk" partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov Amerika haqiqatni tan olgan holda ish ko'rishi kerak deydi.

"Chuqur mafkuraviy ziddiyatlar hal bo`lmas ekan, tinchlikdan darak bo'lmaydi", - deydi Otanazar Oripov. U bu yerda Xamasning G'azo sektoridagi saylovlarda g'alaba qilib, sektorda hokimiyatni egallaganiga ishora qilmoqda.

AQSh Falastin davlati barpo etilishi kerak deb keladi. Xalq istasa, deydi rasmiylar, Xamas guruhi hukumat tarkibida bo'lishi ham mumkin. Lekin bu kabi qarashlar Isroil tomonidan norozilik bilan kutib olingan.