AQSh va O'zbekiston tijoriy hamkorlikni oshirish niyatida

Afg'onistonga noharbiy yuk yetkazishda O`zbekiston bilan hamkorlik qilayotgan AQSh tijoriy aloqalarni ham mustahkamlash niyatida.

AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland kecha Navoiy viloyatiga borib, aeroportdagi sharoit bilan tanishgan va viloyatdagi korxonalarda bo`lgan.

Elchining Navoiy viloyatiga safaridan maqsad biznes imkoniyatlarini kengaytirish.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona yaratishga qaror qilgan. Hukumat shu tariqa xorij sarmoyasini jalb etmoqchi.

“Navoiyda tadribkorlik turi, sohalariga qarab imtiyozlar beriladi. Ma`lum yilgacha soliqlardan ozod qilish yoki yangi texnologilarni olib kelish uchun bojxona to`lovlarini to’lamaslik, boshqa davlat fuqarolari uchun hududga kirish, mehnat qilish uchun sharoit yaratish kabi imtiyozlar”, - deydi jurnalist Narzulla Oxunov.

O`zbekistonda ishlaydigan xorijlik sarmoyadorlar uchun konvertatsiya – asosiy muammo bo`lib qolmoqda. Biroq mamlakatda bu muammo rasman tan olinmaydi.

Erkin iqtisodiy hududda konvertatsiya masalasi qanday bo’lishi, sarmoyadorlarga qanday imkoniyatlar berilishi hozircha noma’lum. Narzulla Oxunovning aytishicha, xavotirga o’rin yo’q.

“Birinchidan, tovarlar raqobatbardosh bo`ladi. Hududda o`zining boshqaruv tizimi bo`ladi. O`zbekistonning boshqa viloyatlarida mavjud savdo yoki samoya kiritish qoidalaridan farqli, soddaroq bo’ladi”, - deydi u.

Ikki davlat erishgan kelishuvga ko’ra, Navoiy aeroporti orqali Afg’onistonga noharbiy yuk yetkazila boshlagan. So’nggi paytda Afg’oniston borasida AQSh-O`zbekiston hamkorligi bir qadar jonlangan.

Richard Norland safari davomida Navoiydagi aeroport bilan ham tanishgan.

Elchi Afg`oniston bo`yicha Toshkent-Vashington hamkorligini yuqori baholamoqda.

“AQSh harbiylari Afg`onistondagi sa’y-harakatlari uchun ko`proq O`zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotni sotib olishni ko`zlamoqda”, - deydi AQSh elchisi.

Ayrim ekspertlar fikricha AQSh harbiylari Qirg’izistondan chiqarilgan taqdirda Navoiy aeroporti ma’lum ma’noda “Manas” bazasi rolini ham o`tashi mumkin.

Qo’shma Shtatlar 2001-2005 yillarda O`zbekistonning “Xonobod” aerodromidan foydalangan edi. Aloqalar taranglashgach, Amerika askarlari 2005 yil noyabrida bazani tark etgan.