Obama ma'muriyatining tashqi siyosati yangi sinov yoqasida

Shimoliy Koreya navbatdagi yadro sinovini amalga oshirgach, Vashingtonda “bunday mamlakatlar bilan qanday gaplashgan ma’qul” degan savol o’rtaga tashlanmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanga sanksiya qo’yishi kutilmoqda.

AQSh Shimoliy Koreyani terrorizmni qo’llab-quvvatlovchi davlatlar ro’yxatiga qayta kiritmoqchi. Harbiy tahlilchilar nazarida, Eron Pxenyan raketa sinovlariga munosabatni diqqat bilan kuzatmoqda.

Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat bilan hisoblashmay, bugungacha qabul qilingan rezolyutsiyalarni ochiqdan-ochiq buzayotgani AQSh uchun sinov sifatida ko’rilmoqda. Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts yaqinda Pxenyanga ogohlantirish berdi.

"Bu davlat qo’shnilarni yoki Amerikani nishonga olishi mumkin. Biz qo’l qovushtirib o’tirmaymiz", - deydi u.

Shimoliy Koreya amalga oshirgan yadro sinovi so’nggi 3 yil ichida ikkinchisi. Ixtiyorida kamida 12 ta atom raketasi borligi taxmin qilinadi.

"Eron Shimoliy Koreya atrofidagi bahslarni yaqindan kuzatmoqda. Pxenyan ham o’z navbatida Eronning har bir qadamini ko’zdan qochirmaydi. AQSh chora ko’ramiz deb shunchaki dag’dag’a qilyaptimi yoki? Yaqin orada ma’lum bo’ladi", - deydi tahlilchi Tom Sheber.

Eron ham yadro quroli ustida ishlayotganlikda gumon qilinadi. Rasmiy Tehron esa energiya ehtiyojini qondirishdan boshqa maqsadi yo’qligini aytib keladi.

Qo’shma Shtatlar, BMT Xavfsizlik Kengashi bilan hamkorlikda, diplomatik yechim topishga harakat qilmoqda. Ham Eron, ham Shimoliy Koreya iqtisodiy-moliyaviy sanksiyalar ostida, biroq ta’siri sezilmayapti.

Mutaxassislar nazarida, Shimoliy Koreya harbiy kuch-qudratini namoyish etayotgani ichki siyosat, ya’ni hokimiyat o’zgarishi bilan bog’liq.

Sog’lig’i pand berayotgan prezident Kim Chen Ir, o'g'li Kim Chen Unni vorisi etib tayinlab, harbiylarga tanishtirmoqda.

Eronga kelsak, Vashington bu davlat bilan aloqani tiklash uchun dadilroq harakat qilishi kerak, deydi olim Flint Leveret.

"Aloqani yangi sahifadan boshlaymiz degan gaplar amalda isbotini topmayapti. Qani o’sha yangi tashabbuslar? Obama ma’muriyati achchiq so’zlarni unutib, hurmat asosida muzokara qilamiz degan. Bir paytning o’zida sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorgarlik ketyapti. Bunday yondashuv tashabbusning beliga tepadi", - deydi olim.

Ayrimlar nazarida AQSh harbiy chora qo’llashga haqli.

Diplomatiya ish bermasa, yadro inshootlarini nishonga olishga to’g’ri keladi, deydi iste’fodagi general-leytenant Tomas Makinerni. Eron qo’lidagi yadroviy qurol, yoki qurollar ekstremist va radikal kayfiyatdagi guruhlar qo’liga tushmaydi, deb kim kafolat bera oladi?

"Urush doimo eng so’nggi chora. Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlash kerak", - deydi tahlilchi Tom Sheber.

Uning fikricha, Obama ma’muriyati bu soha xarajatlarini kamaytirayotgani xato.

Qirg’in qurollarining tarqalishi global xavf. Raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemasi doimo shay holatda turishi lozim, deydi u.

Yil boshida Pragada qilgan nutqida, Barak Obama barcha davlatlarni qurolsizlanishga chaqirdi. AQSh bu harakatga yetakchilik qiladi dedi. Dunyo esa uning Shimoliy Koreya va Eronga nisbatan qanday chora ko’rishini kutmoqda.