O'zbek-qirg'iz chegarasida vaziyat murakkab

Qirg`izistondagi o`zbeklar jamoasi chegaradagi ziddiyatlardan norozi. Ular o'z huquqlari ta`minlanishini so`rab ikki davlat prezidentlari va O`zbekiston Oliy Majlisiga murojaatnoma yo`llashgan edi. Qirg`iziston bilan chegara hududlarida zovur qazish ishlari to`xtatilgan bo`lsada, ikki davlat fuqarolarining chegaradan o`tib qaytishi tobora qiyinlashib bormoqda.

Asli o`shlik O`zbekiston fuqarosi Hojiakbar Yo`lchiyev qirg'iz-o'zbek chegarasidagi to`siqlarga ko`ra jiyanini dafn marosimiga yetib borolmagan.

"Jiyanim vafot etgani haqida xabar keldi. Bu juda o'g'ir narsa men uchun. Toshkendan tungi 12 da jo`nadik. Ertalab beshda chegaraga yetib bordik. Chegara yettida ochilar ekan. Jasadni chiqarish soat 10 ga belgilangan edi. Andijondan ham odam qo`shilib ikki mashina borganmiz. Ular o`tib ketishdi, biz qoldik, toshkentliklar o`tishi mumkin emas ekan, harbiy qismdan ruxsat ol dedi. 30 chaqirim yurib harbiy qismga bordik. U yerda hech kim yo`q, mayitni 11 da chiqarishgan, shunga ham yetib borolmadim", - deydi otaxon.

Unga ko`ra siyosiy aloqalardagi taranglik ikki xalq o`rtasidagi qardoshlik munosabatlariga ham jiddiy ta`sir ko`rsatmoqda.

"Chegaraning bunchalik ziddiyatli bo`lishi...biz o`zimizdan o`zimiz qo`rqib qoldik. Hizbut Tahrir deydi, u deydi, bu deydi, lekin sistemani saqlab qolish uchun, chegaralarni yopish uchun nimanidir "olabo`ji" qilib ko`rsatish kerak. Men sizga aytsam, chegarada bo`lgan otishmalarga ham men unchalik ishonmayman", - deydi Yo'lchiyev.

Qirg`izistondagi "Vozdux" inson huquqlari tashkiloti rahbari A`zam Asqarovga ko`ra, hozirgacha bir nechta chegara punktlari yopiqligicha qolmoqda. Qirg`izistonlik o`zbeklar jamoasi ikki davlat rasmiy idoralari diqqatini chegaradagi muammoga qaratishga urinmoqda.

"Ozbeklar jamoasi yig`ilishida huquq tashkilotlari ham bo'ldi. Jamoa kengashi nomidan O`zbekiston Oliy Majlisi, O`zbekiston prezidentiga murojaatnoma tayyorlandi. Hozir chegara punktlari ochildi deyishyapti, ammo hali ochilgani yo`q. Xonobod, Bozorgo`rg`on, Paxtaobod tumanlaridagi chegara punktlari hamon yopiq", - deydi A`zam Asqarov.

Qirg`izistonlik o`zbeklarning prezident Qurmanbek Bakiyevga yo`llagan xatida chegaradagi taranglik oqibatida qurbonlar soni ortayotgani tashvish bilan qayd etiladi.

Vaziyatni kuzatgan Hojiakbar Yo`lchiyevga ko`ra ham aholi bilan munosabatda odamiylik unutilgan.

"Hech kim o`lmagan odamni o`ldi deb aytmaydi. Issiq bir kunda qora kiyinib ham ketmaydi. Yuqoridan shundoq amri farmon qilinmaganda edi, ular ham bunchalik qilishmasdi, lekin baribir posbonlarda insoniylik bo`lishi kerak", - deydi u.

May oyida Andijonda kuzatilgan portlashlardan so`ng o`zbek-qirg'iz aloqalaridagi ziddiyatlar kuchaygan edi. Rasmiy Toshkent qo`poruvchilik harakati Qirgiziston chegarasidan o`tib amalga oshirilgani haqida bayonot berdi.

Rasmiy Bishkek bu iddaolarni rad etib, chegara xizmatida qonunbuzarlik qayd etilmaganini ta`kidladi.

Shundan so`ng O`zbekiston Qirg'iziston bilan chegara hududlarda zovur qazish ishlarini boshladi. Ammo qo'shni davlatdan bildirilgan e`tirozdan so`ng bu ish to`xtatildi.

Ma`lumotlarga ko`ra O`zbekiston va Qirg`iziston prezidentlarini Moskvada o`tgan ikki tomonlama uchrashuvlarida chegaradagi tarang vaziyat haqida gap borgan.

O`zbekiston va Qirg'iziston chegarasi hali 100 foiz demarkatsiya qilinmagan, ikki o`rtada bahsli hududlar mavjud.