Markaziy Osiyo davlatlari Urumchi borasida sukutda

Qozog’istonda taxminan 400 ming uyg’ur istiqomat qiladi. Ular Sovet ittifoqi davrida ham, undan keyin ham kuchli siyosiy nazorat ostida yashab kelgan.

Mutaxassislar fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga qo’shilgan qardosh, musulmon davlatlar ham uyg’urlarga g’animday munosabatda.

Qozog’istonda uyg’urlar jamiyati yetakchisi Qahramon Xojamberdi nazarida Sharqiy Turkiston bilan chegaradosh davlatlar Urumchidagi voqealarni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Qozog’iston hukumati aholini Shinjonga safar qilmaslik haqida ogohlantirgan.

Qahramon Xojamberdining aytishicha, Urumchida ro’y berayotgan hodisalar Qozogi’ston matbuotida kam yoritilmoqda.

“Bu yerda Rossiyaning uch telekanali ishlaydi. Faqat shu kanallar yoritdi, “Sinxua” axborot agentligiga tayanib. Urumchida talabalar, yoshlar namoyishga chiqibdi ekan, deb xabar berdi bugun,” – deydi u.

Qahramon Xojamberdi so'zlariga ko'ra, Qozog’istonda uyg’urlar jamiyati rivojlanishi, tili, madaniyatini saqlab qolishi uchun sharoit bor. Uyg’ur maktablar, teatrlari ishlamoqda. Ammo, deydi u, uyg’urlar yig’ilishi, namoyish o’tkazishi man qilingan. Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga kirgan Qozog’iston Xitoyning yonini olishga majbur, deydi u.

Qozog’istondagi uyg’urlar xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, Sharqiy Turkistondagi vaziyatni tekshirishni so’ramoqda.

“Markaziy Osiyo davlatlari, Qozog’iston Urumchidagi voqealar yuzasidan rasman munosabat bildirishini, Xitoydan qirg’inni to’xtatishni talab qilishini xohlar edik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari, xorijlik muxbirlar mintaqaga borib, haqiqiy vaziyatni yoritsin,” – deydi Xojamberdi.

Uning aytishicha, bu voqealarga turtki bergan bosh omil - Xitoyning Sharqiy Turkistondagi repressiv siyosati.

“Xitoy hukumati doim xato siyosat yuritib keladi. Namoyishchilar bilan birinchidan suhbat, dialog o’tkazish kerak edi. Xitoy hukumati ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa ochiqchasiga murojaat qilib, milliy siyosatini qayta ko’rib chiqishi kerak,” – deydi u.