Qirg'izistonliklar saylov qonunlari buzilayotganidan norozi

Qirg’iziston xalqi shu hafta prezidentni saylaydi. Markaziy saylov komissiyasi mamlakat saylovlarga tayyor, demoqda.

Jamoatchilik esa saylov kampaniyasi davomida qonun ko’p buzilayotganini aytmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, saylovoldi targ`iboti amaldagi prezident Qurmanbek Bakiyevning mutlaq ustunligi ostida o`tmoqda.

Qirg`iz faollarining aytishicha, hukumat amaldagi prezident Bakiyev targ`iboti uchun barcha vositalarni ishga solmoqda, saylov qonunlari buzilgan.

Davlatga qarashli ayrim korxonalarda ovoz berish muddatidan oldin o`tkazilmoqda. Bu jarayonda muxolifatdan kuzatuvchilar qatnashishi man qilingan. Huquq-tartibot organlari muxolifat tarafdorlari ustidan nazoratni kuchaytirgan.

Markaziy salov komissiyasi mamlakat prezident saylovlarini o`tkazishga yuz foiz tayyor, saylovlar ochiq, erkin o`tadi, deb ta`kidlamoqda. Saylovda 48 davlatdan 500 nafar xalqaro kuzatuvchilar qatnashadi.

Biroq real vaziyat bu bayonotda shubha uyg’otmoqda. Tahlilchi Abdusalom Ergashevning aytishicha, Qirg`iziston prezident saylovlarida sobiq ittifoqdan qolgan usul qo`llanilmoqda.

“Haqiqiy alternativlik imkoniyatlari bo`lmadi. Sovet davrida moddiy rag`batlantirish degan narsa bo`lardi. Saylovchilarga yaxshi, kamchil mollar yetkazib berilardi. Qirg`izistonda hozir shunday, aholining iqtisodiy sharoiti og`irligidan foydalanilmoqda. Manfaatdor guruhlar turli moddiy yordamlar evaziga nomzodlar uchun ovoz yig`moqda. Bu avval o`tgan saylovlarda ham kuzatilgan, moddiy rag`bat birinchi planga chiqarilgan”, - deydi Ergashev.

O`zbekistondagi qirg’iz madaniyati markazi faoli To`lanboy Qurbonov prezident saylovlari haqida shunday mulohazalar bildiradi.

“O`zbekistondagi qirg`izlar birinchi navbatda O`zbekiston fuqarolari. Bu yerdagi qirg`izlar uchun kim prezident bo`lishidan qat`iy nazar avvalo Qirg`izistonda tinchlik, barqarorlik, millatlararo do`stlik bo`lishi kerak. Shunday bo`lgan taqdirda O`zbekistondagi qirg`izlarga ham yaxshi bo`ladi. Bakiyevga qarshi turadigan nomzod Almaz Atanbayev bo`lishi mumkin. Lekin Bakiyevda ma`muriy resurslar bor, ularni ishga solayapti. Davlat korxonalaridagi xodimlar ovoz berishni boshlashgan. Mulohazlarga ko`ra, Bakiyev ustunlikka erishishi kutilmoqda”, - deydi Qurbonov.

Qirg`izistonda milliondan oshiq o`zbeklar yashaydi. Ular siyosiy partiyaga ham ega, biroq saylovda o`z nomzodi bilan qatnashayotgani yo`q. O`zbek jamoasi faollariga ko`ra, aksariyati saylovda Bakiyev nomzodini qo`llashi kutilmoqda.

“Bakiyev saylovoldi uchrashuvida Jalolobodda sport markazi ochilishi marosimida qatnashdi. Bu bilan o`zbeklarga sal qayishgandek bo`ldi. Lekin amalda hali Asqar Akayev davridan boshlab ko`tarilib kelingan o`zbeklarning kadrlar bo`yicha muammosi hozirgacha hal etilmagan. Endi amaldagi prezident Bakiyev hozirgi ma`lumotlarga ko`ra, saylovda yutib chiqishi aniq. Lekin prezident kadrlar masalasini yecha oladimi, bunga ishonish qiyin”, - deydi o`zbek jamoasi faollaridan biri A`zam Asqarov.

Qirg`iziston prezidenti uchun saylovlar 23 iyul kuni o`tadi. Unda o`ndan oshiq siyosiy partiyalardan nomzodlar qatnashmoqda.