AQSh Milliy matbuot klubida Jahon uyg'urlari kongressi rahbari Robiya Qodir Vashingtondagi xorijiy jurnalistlarga Xitoydagi vaziyat va uyg'urlar da'volari haqida ma'lumot berdi. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar haligacha Urumchidagi voqealar bo'yicha Xitoyga keskin munosabat bildirmagan. Buning ortida iqtisodiy sabablar bor, deydi u.
Xitoy ko'plab qurbonlarga sabab bo'lgan Urumchidagi namoyishlar ortida Robiya Qodir turibdi desa, uyg'ur faoli rasmiy Pekinni butun bir elatga qarshi siyosatda ayblamoqda.
Xitoy matbuotiga ko'ra, Shinjondagi namoyish uyg'urlar tomonidan ancha oldin rejalangan edi. Ushbu maqsadda ular qurol to'plab, namoyish joylarini oldindan belgilab olgan. Xitoyning etnik masalalar bo'yicha vaziri o'rinbosari Vu Shimin nazarida uyg'urlar mustaqillikka intilyapti, biroq Xitoy bunga hech qachon yo'l qo'ymaydi.
Robiya Qodirning aytishicha, uyg'urlar ham Tibet kabi yarim asrdan oshiq vaqtdan beri kommunistik tuzum siquvi ostida. Tibetni ko'pchilik biladi, unga yordam beradi, ammo uyg'urlar masalasida jahon hamjamiyati negadir jim, deydi u.
Yaqinda al Qoida guruhining Shimoliy Afrikadagi qanoti uyg'urlar uchun Xitoydan o'ch olishini aytgan. Jahon uyg'urlari kongressi bu borada bayonot chiqarib, zo'ravonlikning har qanday shakliga qarshi ekanini aytgan. Zo'ravonlik bilan bironta muammoni hal qilib bo'lmaydi, deydi Robiya Qodir o'sha bayonotda.
Xitoy televideniyesi esa aksincha maxsus lavha tayyorlab, Robiya Qodirni zo'ravonlik tarafdori deb atagan. Uni Xitoyda biznes bilan shug'ullanib yurganida soliqdan qochganlikda, tovlamachilik bilan shug'ullanib, terrorchi tashkilotlarga moliyaviy yordam berganlikda ayblagan. Videoda, shuningdek, uning Xitoy turmasida o'tirgan payti namoyish etilgan. Uyg'ur faoli unda barcha ayblovlarga iqror bo'lib, bo'lginchi harakatga qo'shilmaslikka va'da bergan.
"Xitoy uyg'ur xalqini shuncha aldagan, men Xitoyni bir marta aldadim xolos," deydi Robiya Qodir.
Yaqinda Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an bu mamlakatga ikki marta viza ololmagan Robiya Qodirga, agar yana murojaat qilsa, viza berishga va'da bergan. Ammo hozircha Turkiyaga borish rejam yo'q, deydi faol.
Shu hafta Qozog'istonda mahalliy uyg'urlar namoyishga chiqib Xitoy siyosatiga norozilik bildirgan. Robiya Qodir Qozog'iston hukumati namoyishga ruxsat berganidan mamnun ekanini aytadi.
Robiya Qodirning aytishicha, oy boshida Urumchida namoyishlarning bostirilishi oqibatida mingga yaqin uyg'ur o'lgan. Qurbonlar orasida xitoylar ham bor. Rasmiy Pekinga ko'ra, ularning soni 150 atrofida.
Shu hafta BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Xitoyga safar qiladi. Uyg'ur masalasini ko'tarishi mumkin. Bosh kotibga maktub yo'llaganmiz, ammo hali javob olganimiz yo'q, deydi Robiya Qodir.